Moskvada maoshi berilmagan oʻzbeklar qoʻzgʻolon qildi

Oʻz huquqini talab qilgan ishchilarga tahdid qilindi Image copyright Nastoyashcheye vremya
Image caption Oʻz huquqini talab qilgan ishchilarga tahdid qilindi

Moskvada besh oydirki maoshini ola olmayotgan Oʻzbekiston va Tojikiston fuqarolari qoʻzgʻolon koʻtarishdi.

Koʻp sonli mehnat muhojirlari Moskva metrosining yangi liniyasini qurishga jalb etilganlar. Ularning barchasida qonuniy ish ruxsatnomasi borligi aytiladi.

Ishchilarni yollagan "Ingeokom" kompaniyasi maoshni toʻlash uchun puli yoʻqligini aytmoqda.

Kompaniyaning xavfsizlik nazoratchisi Aleksandr Gatchenkodan jurnalistlar maosh qachon berilishini soʻrashganida, u: "Pul yoʻq. Qachon boʻlganda beriladi", - deya javob qaytardi.

Gatchenko soʻngra kompaniya idorasi qarshisida yigʻilgan muhojirlar qarshisiga chiqib, ularga qoʻpol ravishda tarqalishni buyurdi.

"Nimaga baqirasan? Sen Toshkentda, Tojikistonda huquqingni talab qila olasan!", - deya qichqirdi u ishchilarga Nastoyashcheye Vremya xabar

agentligi yozib olgan videoda.

"Ingeokom" kompaniyasi mazkur qoʻzgʻolonni xorijliklar koʻtarayotgani uchun uni noqonuniy deb bilishini aytdi.

"Rossiya fuqarolari qoʻzgʻolon qilishga haqqi bor. Xorijiy mamlakatlar fuqarolariga Rossiya hududida qoʻzgʻolon qilish man etilgan", - dedi kompaniya vakili namoyishchilarga.

Rossiya qonunchiligida xorijiy fuqarolarning norozilik namoyishi oʻtkazilishiga qarshi qonun yo qoida yoʻq.

Soʻngra kompaniya maʼmuriyati chaqirgan politsiya hodisa joyiga kelib, mehnat muhojirlariga tarqashni buyurdi.

"Kelajakda ish boʻyicha, yoki Rossiyaga kirish boʻyicha sizda muammolar boʻlishini istamasangiz, xavfsiz masofaga chekining", - deya tahdid qildi politsiyachi.

"Men bu yerda xotinim, bolam bilan yashayman. Ularni qanday boqay?", - deydi oʻzbekistonlik muhojir.

"Biz kuniga 12 soatlab yer ostida eng qiyin ishni qilamiz", - deydi yana boshqasi.

Ayni damda Rossiyadagi Oʻzbekiston elchixonasi muhojirlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha biron chora koʻrganicha yoʻq.

Moskvadagi "Vatandosh" oʻzbek yurtdoshlar uyushmasi prezidenti Usmon Baratov Oʻzbekiston elchisini ishdash chetlatishni soʻrab Prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaat qildi.

Elchixona qarshisida turib yozgan video murojaatida u "oʻzbekistonlik mehnat muhojirlarga yordam qilmayotganligi sababli elchini qaytarishni, elchixonani berkitib, tejagan pullarni xalqqa berish"ni taklif qildi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring