Mirziyoyevdan Moskvadagi elchi isteʼfosi soʻraldi

Baratov oʻz Facebook sahifasiga joylashtirgan yana bir videoda undan politsiya elchixona qarshisidan ketishni soʻrayotgani aks etgan Image copyright Vatandosh
Image caption Baratov oʻz Facebook sahifasiga joylashtirgan yana bir videoda undan politsiya elchixona qarshisidan ketishni soʻrayotgani aks etgan

Moskvadagi "Vatandosh" oʻzbek yurtdoshlar uyushmasi prezidenti Usmon Baratov Oʻzbekiston elchisini ishdan chetlatishni soʻrab Prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaat qildi.

Elchixona qarshisida turib yozgan va Facebookdagi sahifasiga joylashtirgan video murojaatida u "oʻzbekistonlik mehnat muhojirlarga yordam qilmayotganligi sababli elchini qaytarishni, elchixonani berkitib, tejagan pullarni xalqqa berish"ni taklif qildi.

"Bunaqa elchixonani nima keragi bor? Joʻnatsangiz, yaxshi, normal elchini joʻnating. Boʻlmasa, bu elchixonani bekitaylik, bularning million-million ish haqini xalqqa, tibbiyotga, oʻqishga qaytarib beraylik. Nima keragi bor bunaqa xoʻjakoʻrsin elchixonani?" - dedi u oʻz murojaatida.

"Mana shu katta yangi binoda nechta xodim ishlaydi. Shular Karimov aytganidek, otning kallasidek katta oylik olishadi. Bularga oxrana (berilgan). Xalqni puli ketayapti-yu, lekin bu elchixona shu yerda yurgan million-million oʻzbeklarga yordam qilganini eshitganim yoʻq. Nechta oʻzbeklar minglab qamoqlarda yotibdi, minglab dokumenti yoʻqlari uyga ketolmay spetspriyomniklarda yotishibdi, oʻlib ketayapti oʻzbeklar, bironta oʻlikni joʻnatishga yordam berayotganini bilmayman. Nechtasi tepa joylardan yiqilib bolьnitsalarda yotibdi. Mana nechtasi chegaraga chiqib kelaman deb, yoʻllarda avtohalokatga uchrab oʻlib ham ketayapti", - deydi u.

Baratovning aytishicha, Oʻzbekistonning yangi elchisi tayinlanganiga bir yil boʻlib qolgan boʻlsa-da, u mehnat muhojirlariga yordam berish boʻyicha chora koʻrmagan.

"Birga oʻtirib gaplashdik. Aytdim unga, keling, hamkorlik qilaylik dedim. Bu qulogʻiga kirib, bu qulogʻidan chiqib ketdi. Yangi prezident ham boʻldi, shundayam biron qimirlash yoʻq", - deydi uyushma prezidenti.

Baratovning videolavhasida vaqtinchalik hibsxonalar - "spetspriyomniklar"da oylab oʻtirgan oʻzbekistonliklarning video murojaatlari ham bor.

"Qachon pul berasan, keyin ketasan deb mendan pul talab qilib, 15ta OMON kirib hammani urib chiqib ketdi", - deydi priyomnikda oʻtirgan bir oʻzbekistonlik.

BBC Moskvadagi Oʻzbekiston elchixonasining munosabatini bilish uchun bir necha bor unga telefon qildi, ammo qoʻngʻiroq har safar ovozni yozib oluvchi moslamaga oʻtkazildi.

Baratov oʻz Facebook sahifasiga joylashtirgan yana bir videoda undan politsiya elchixona qarshisidan ketishni soʻrayotgani aks etgan. Uning aytishicha, politsiyani elchixona chaqirtirgan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring