Mirziyoyevdan keyin Rahmon ham buyruq berdi

Shavkat Mirziyoyev Image copyright president.uz

Qoʻshni Tojikiston rahbari ham kuch tizimlariga mamlakat mudofaa qudratini kuchaytirishni buyurgan.

Tojikiston Qurolli Kuchlari va Chegara qoʻshinlarining doimiy harbiy tayyorgarlik holatida turishlari borasida aniq topshiriqlar bergan.

Bunga qoʻshimcha, mamlakat aholisini ham hushyorlikni qoʻldan bermaslikka chaqirgan.

Tafsilotlari videolavhamizda - nazardan qochirmang.

Prezident matbuot xizmatining rasman bildirishicha, Imomali Rahmonning soʻnggi buyrugʻi Tojikiston Xavfsizlik Kengashining yaqinda boʻlib oʻtgan yigʻini chogʻida yangragan.

Majlisda prezident Rahmon dunyo boʻylab terrorchilik va diniy-siyosiy ekstremizm tahdidi kuchayib borayotgani voqeʼligiga diqqat qaratgan.

Mavjud vaziyatni mamlakati harbiy tuzilmalari, huquq-tartibot idoralari rahbarlari va Xavfsizlik Kengashi aʼzolari bilan muhokama qilib olgan.

Oʻtgan oy oxirida Oʻzbekistonning yangi prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham mamlakat Qurolli Kuchlarini yanada zamonaviylashtirish va qudratini oshirishga qaratilgan "aniq vazifa" va "topshiriqlar" bergan.

Ammo rasmiy xabar tafsilotlaridan bu aniq vazifa va topshiriqlar nimalarni koʻzda tutishi noayon qolgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi rahbariyati bilan oʻtkazgan yigʻini qoʻshni Afgʻonistondagi xavfsizlik bilan bogʻliq vaziyat jiddiy izdan chiqib borayotgan bir paytga toʻgʻri kelgan.

Yaqinda Afgʻoniston birinchi vitse-prezidenti, general Abdulrashid Doʻstum ham mamlakatning aksariyat Markaziy Osiyo davlatlariga bevosita chegaradosh shimoliy va shimoliy-sharqiy mintaqalarining xavfsizligi yuzasidan oʻzining jiddiy xavotirlarini izhor etgan.

Yaqin Sharqdagi IShID guruhi Markaziy Osiyo davlatlarini koʻzda tutib, bu yerlarga oʻn mingga yaqin jangarisini sizdirish harakatida ekani bilan ogohlantirgan.

Shundoqqina biqinlarida toliblar qatorida IShID jangarilarining ham faollashib borayotganiga oid xabarlar esa, oʻtgan ikki yil ichida Oʻzbekiston doxil barcha Markaziy Osiyo davlatlari qolib, Rossiya va Xitoyning ham jiddiy xavotirlariga sabab boʻlib keladi.

Image copyright Internet

Dushanbedan yetakchi jurnalist Iskandar Firuzning aytishicha, ekspertlar Tojikiston rahbarining soʻnggi buyrugʻini ham uning Afgʻonistondan kelayotgan terrorchilik xavfidan xavotirda ekani bilan bogʻlashmoqda.

Suhbatdoshimizga koʻra, prezident Rahmon Tojikiston Qurolli Kuchlarining mamlakat janubidan keluvchi har qanday tahdidga qarshi turishga qodir boʻlishlarini istaydi.

Uning aytishicha, Tojikiston rahbari yaqinda mamlakat Chegara qoʻshinlarining yangi oʻquv markaziga qilgan tashrifi chogʻida ham ayni shu tahdidlarga toʻxtalib oʻtgan.

Tojikiston Qurolli Kuchlarini zamonaviylashtirish masalasida asosiy koʻmakni esa, oʻtgan uch yil davomida Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti berib keladi.

Jurnalist Iskandar Firuzning aytishicha, shu kunlarda Rossiya tomonidan poytaxt Dushanbe chekkasidagi chegaraga yaqin aerodromga bir necha eskadrilьya qiruvchi samolyot va vertolyotlar ham tashlangan.

Ayon boʻlishicha, Rossiya harbiylari buning sababini yangi aksilterror mashgʻulotlari oʻtkazish istagi bilan izohlashgan.

Ammo, suhbatdoshimizning oʻzlariga imkonli boʻlgan maʼlumotlarga tayanib aytishicha, rasmiy Kremlь Tojikiston janubida joylashgan oʻz harbiy-oʻqchi boʻlinmasi havo qudratini oshirishni maqsad qilgan.

Xuddi shu manzarada Donalьd Tramp boshchiligi ostidagi yangi AQSh maʼmuriyatining Afgʻonistonga oid bundan keyingi siyosati hozircha maʼlum emas.

Soʻnggi yillarda AQSh bilan oʻzaro aloqalariga jiddiy putur yetgan Rossiya esa, allaqachon Afgʻonistonda faollashish "harakatiga tushib qolgan".

•BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - bbcuzbekradio

•bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring