Qashqadaryolik oilalarga quyon va kurka tarqatiladi

"Ajoyib xayolparast" - Baxtiyor Ixtiyorov quyon biznesi qilgan Image copyright Youtube
Image caption "Ajoyib xayolparast" - Baxtiyor Ixtiyorov quyon biznesi qilgan

Qashqadaryodagi oilalarga daromad manbai yaratish maqsadida quyon va kurka jo'jalari tarqatiladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev viloyatga qilgan safari davomida shu kabi o'nlab biznes loyihalari bilan tanishgan.

O'zA axborot agentligining xabar berishicha, mamlakat rahbari 24 fevral kuni Qashqadaryo viloyatiga tashrif buyurgan. Prezident qishloq xo'jaligi sohasidagi "istiqbolli" loyihalar bilan tanishgan.

Xabarda aytilishicha, Qamashi tumanida quyon yetishtirish, quyon go'shti va terisini qayta ishlashga ixtisoslashgan xo'jalik tashkil etilmoqda. "Qamashi momiq quyonlari" agrofirmasi tomonidan amalga oshirilayotgan ushbu loyiha samarasida 30 ming bosh quyon yetishtirilib, yiliga 120 tonna go'sht va 40 ming dona teri tayyorlanadi.

Xo'jalikda 30 kishi ishlaydi. Bundan tashqari, quyonlar 500 xonadonga tarqatiladi. Aholi parhez go'sht va qo'shimcha daromad bilan ta'minlanadi.

Yana ushbu tumanda 5 ming kurka boqishga mo'ljallangan majmua tashkil etiladi. Unda yiliga 20 ming bosh kurka jo'jasi yetishtirilib, aholiga yetkazib beriladi. Majmua joriy yilning dekabr oyida ishga tushirish, 30 ish o'rni yaratish mo'ljallanmoqda.

Shavkat Mirziyoyev prezidentlik lavozimiga o'tirgach, qishloq sharoitlarida yashaydigan aholining daromad manbaini oshirish uchun tovuq boqish kabi parrandachilik biznesini rivojlantirishni tavsiya qilib keladi.

"Respublika bo'yicha qishloqda yashagan hamma xonadon yuztadan tovuq boqishga majbur. 100 na tovuq eng kamida 50 ta tuxum beradi. O'ntasini o'zi yeb, qirqtasini sotsa ham kam ta'minlangan oila bo'lmaydi", - deb aytgan Prezident Qoraqalpog'istonga qilgan tashrifida.

Shundan so'ng Prezident Bosh vazir o'rinbosari Rustam Azimovga Qoraqalpog'istondagi har bir xonadonda 100 tadan tovuq boqilishini nazorat qilishni topshirgandi.

Mirziyoyevning xonadonlarga tovuq boqtirish siyosati ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo'lgan.

Tovuqdan foyda keladimi, zarar?

Ayrimlar ushbu tashabbus o'rinli ekanligini aytsa, ikkinchi tomon uning noto'g'riligini, jo'ja uchun ajratilgan pullar havoga ketishi mumkinligini aytib ogohlantirishgan.

"Kecha kreditga 40 tovuq olgandim. Ertalab uje katakdan 6 ta tuxum tervoldim. Sizlar bo'lsa foydasi yo'q deysizlar".

Twitter dagi ba'zi foydalanuvchilarning aytishicha, tovuq ajratish ishi shu darajada jadal suratlarda olib borilayotgani sabab uni aholiga yetkazib berishga ulgurilmayapti. Yuqoridan keladigan komissiya ko'rishi uchun esa ayrim joylarda jo'jalar ijaraga berilmoqda.

Ayrim hollarda jo'ja bilan ta'minlash topshirig'i suiste'mol qilinayotgani aytildi.

"Yana bir kishiga 5 millionlik kredit evaziga jo'ja beribdi, o'sha pulni naqd berganida o'sha jo'jalarni 1 millionga olardim deb aytdi".

Yana bir kishi tovuq boqib yurmagan odamlarga kredit ajratib jo'ja yoki tovuq berish ularni yo'qotib qo'yish ehtimolini oshirishini aytadi.

"1000 ta odamga tovuq uchun 7 milliondan kredit berib tavakkal qilguncha, manga 1 mlrd bersin va men 300 ta odamni ish bilan taminlayman. Maoshi yillik 9 million buladi. 1 mliardga tovuq boqaman, 300 kishi ishlaydi. Ishlab chiqarish ko'payadi. Odamlarni uylariga epidemiya tarqalishi osonroq. Uyda tovuq boqib don sotvolib, tovuqlarni kasal kilib bankrot bo'lguncha tinch ishda katnab yillik 9 mln olgan yaxshi emasmi", - deydi Farhod.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring