Qirgʻiziston: 1 mln dollarlik ish pora yo siyosat?

Image copyright Valeri Sharifulin/TASS
Image caption Tekebayev prezidentga qarshi chiqqani uchun taʼqibga tutilayotganini aytadi.

Qirgʻizistondagi muxolif "Ota Makon" partiyasi raisi Oʻmurbek Tekebayev hozircha 48 soatga ushlab turilmoqda.

Qirgʻiziston xavfsizlik koʻmitasiga tayanib yozayotgan Interfaks xabar agentligiga koʻra, Oʻmurbek Tekebayev "Manas" xalqaro havo qoʻnalgʻasida qoʻlga olingan.

Bir kun oldin, 25 fevral kuni Qirgʻiziston Bosh prokuraturasi muxolifat rahbariga qarshi "korruptsiya" va "firibgarlik" ayblari boʻyicha jinoiy ish qoʻzgʻatgandi.

Ayni ish rossiyalik ishbilarmon va qator telealoqa shirkatlari egasi boʻlgan Leonid Mayevskiy arizasiga binoan ochilgan.

Daʼvogarga koʻra, hali 2010 yili Qirgʻiziston muvaqqat hukumati raisi muovini boʻlib ishlagan Tekebayev undan bir million dollar mablagʻ olgan.

Buning evaziga esa Qirgʻizistondagi eng yirik uyali aloqa shirkati - "Megakom" boshqaruvini berishni vaʼda qilgan.

"Tekebayev oʻz ishini bajarmagan va olgan pulini ham qaytarmagan. Shuningdek, mazkur masalada biron maʼlumot tarqatilsa yo pulni qaytarish talabi toʻxtamasa, qasos olish bilan tahdid qilgan" - deya bayonot bergan Qirgʻiziston Bosh prokuraturasi.

Jinoiy ish ochilgan payti Venada xizmat safarida boʻlgan Oʻmurbek Tekebayev oʻziga qoʻyilayotgan ayblovlarni va rossiyalik ishbilarmondan bir million dollar olganini rad etgan.

Uning aytishicha, oʻtgan yili oxirida Prezident Atamboyev amalga oshirgan konstitutsion oʻzgarishlarga qarshi chiqqani uchun taʼqibga tutilmoqda.

Oldinroq Oʻmurbek Tekebayev boshqaradigan "Ota Makon" muxolif partiyasining yana ikki aʼzosi - sobiq Adliya vaziri Almambet Shikmamatov va sobiq Bosh prokuror Aida Salyanovalarga qarshi ham Qirgʻiziston hukumati jinoiy ish ochgan edi.

Bi-bi-si Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq