"Oskar-2017": Qaysi film eng zoʻri?

"Oskar" mukofoti haykalchalari Image copyright Getty Images

Har doimgidek, Los-Anjelesdagi "Oskar" marosimi soʻnggida "eng zoʻr" film eʼlon qilinadi.

Bu safar ayni maqom uchun toʻqqizta film talashmoqda.

Xoʻsh, ularning qaysi biri va nega bu mukofot uchun ilgari surilgan? Asosiysi, qay birida gʻalaba imkoniyati kattaroq?

"Tashrif" ("Arrival")

Image copyright Paramount Pictures

Rejissyor Denis Vilnyovning "Tashrif" filmi fantastika janrida boʻlib, yerga tushgan oʻzga sayyoraliklar tilini amerikalik harbiylarga tarjima qiladigan Luiza Benks ismli ayol haqida.

Unga hatto kelajakda tugʻilajak qizi saraton bois olamdan oʻtishini ham bashorat qilishadi. Tanqidchilarga koʻra, qator mukofotlarga qaramay, "Tashrif" filmi "Oskar"ning eng zoʻrini ololmasa kerak.

"Toʻsiqlar" ("Fences")

Image copyright PARAMOUNT PICTURES

Aktyor va rejissyor Denzel Vashington ishlagan film 1950-yillardagi Amerika hayotini akslantiradi.

Bosh qahramon Troy Makston uyda hammani va barcha narsani boshqaradi. Aftidan, rafiqasi Rozani ham sevmaydi. Ammo film oʻrtasida sodir boʻlgan bir voqea xotini Rozaning sabr kosasiga tomgan soʻnggi tomchi boʻladi. (Biz buni endi aytmay qoʻya qolaylik).

Aktyorlar mahorati oliy baholansa-da, film "eng zoʻrlar" qatorida xato boʻlib turgandek, degan istiholalar aytilmoqda.

"Vijdon amri bilan" ("Hacksaw Ridge")

Image copyright SUMMIT

Mel Gibson olgan mazkur film hayotiy hikoya - shifokor Dezmond Doss taqdiri asosida ishlangan.

Film qahramoni Ikkinchi Jahon Urushiga chaqirilganda, qoʻliga qurol olishdan bosh tortadi: Uning nasroniy axloqiy qarashlari va qattiqqoʻl otasi bunga sabab boʻladi.

Lekin film qahramoni urushda 75 inson hayotini asrab qoladi.

"Vijdon amri bilan" hozir 9 film ichidan 7-oʻringa qoʻyilgani bois, boshqa raqiblarini yengib chiqishi qiyin boʻlishi mumkin.

"Nima qilib boʻlsa ham" ("Hell or High Water")

Image copyright STUDIOCANAL

Devid Makkenzi ishlagan filmda sobiq jinoyatchi va uning inisi onalari oʻlimidan keyin oilaviy ranchoni qoʻldan bermaslik uchun bankni oʻmarishga qaror qilishadi.

Film hali 2016 yil avgustida kinoteatrlarga chiqarilgan, lekin na tomoshabin, na tanqidchilar eʼtiboriga tushdi.

"Ilg`anmas odamlar"" ("Hidden Figures")

Image copyright TWENTIETH CUNTURY FOX

Rejissyor Teodor Melfi oʻz filmida SSSR bilan AQSh oʻrtasida fazoviy poyga ketayotgan 1960-yillari NASAga ishga kirgan uch nafar qora tanli matematik ayolni tasvirlaydi.

Qora tanli olima ayol qanchalik oʻz ishining ustasi boʻlmasin, qahvasini qora tanlilar uchun ajratilgan maxsus choynakdan quyib ichadi.

Atigi 40 daqiqalik tanaffusini esa qora tanlilar uchun ajratilgan uzoqdagi maxsus hojatxonaga borib-kelish uchun sarflashga majbur.

"Ilg`anmas odamlar" kutilmaganda eng zoʻr film, deb topilishi ham mumkin. Chunki hozir uni koʻrish uchun kinoteatrlarga tomoshabinlar oqib kelishmoqda.

"La La Land"("La La Land")

Image copyright LIONSGATE

Damiyen Shazel oʻz filmini musiqiy janrda suratga olgan. "La-La Lаnd" Hollivudga kirish oddiy odamlar uchun naqadar qiyinligi haqidadir.

Bu film atrofida juda koʻp shov-shuv koʻtarildi.

Ammo uni tanqid qilganlar ham oʻta shafqatsiz fikrlarni aytib, filmni "biri pulga qimmat" deb tasvirlashmoqda.

Shunga qaramay, "La-La Lаnd" eng zoʻr film sifatida tan olinishi ehtimoli juda katta.

"Sher" ("Lion")

Image copyright ThE WEINSTEIN COMPANY

Gart Devis rejissyorlik qilgan "Sher" filmi bir necha yil oldin sodir boʻlgan hayotiy hikoya asosida qurilgan.

Yosh bolalik payti oʻz oilasini yoʻqotib, boshqa xonadon va oʻlkada oʻsib-ulgʻaygan hind bolakay oʻz ota-onasi va uyini topish istagidan hech qachon voz kechmaydi.

Ulgʻaygach, bolalik xotirasini ishga solib, uyi atrofi va mahallasidagi binolar hamda tanish manzaralarni eslaydi. Yodiga tushgan tasvirlarni esa Google Earth internet qidiruv xaritasiga solib, nihoyat, oilasini topadi.

Filmni koʻrgan tomoshabinlar oʻzlarini yigʻidan toʻxtata olishmayapti.

Aktyorlar - Dev Patel va Nikol Kidman ham stsenariyni oʻqigan paytda yigʻlashganini aytishdi.

Xullas, "Sher"ning eng katta "oʻlja"ni ilib ketish imkonini rad etish qiyin.

Filmni koʻrmoqchi boʻlsangiz, ikki-uchta dastroʻmol olishni ham unutmang.

"Dengiz boʻyidagi Manchester" ("Manchester by the Sea")

Image copyright STUDIOCANAL

Kennet Lonerganning filmi oʻz akasi oʻlimidan keyin jiyanini boqib olgan erkak haqida. Uning oʻzi esa hali yongʻinda nobud boʻlgan farzandlari uchun aza tutadi.

Film juda ogʻir. Ammo "Oskar" mukofoti, odatda, ogʻir filmlarni xush koʻradi. Shu bois ham uning mukofotni yutish ehtimoli 4-oʻringa qoʻyilgan.

"Oy nuri" ("Moonlight")

Image copyright ALTITUDE FILM

Barri Djenkinsning filmi yosh yigit Xiron hayotini uch tarafdan koʻrsatadi: Uning oʻta qashshoq hayoti, bangi onasini epga solish harakatlari va oʻz jinsiy maylini jilovlash yoʻlidagi qiyinchiliklari.

U gey va oʻspirinlik payti bir marta shunday aloqada boʻladi. Ammo Xiron yashaydigan muhit geylikni aslo qabul qilmaydi.

"Oy nuri" eng zoʻr film boʻlish roʻyxatida ikkinchi oʻrinda va hozirgacha bir talay mukofotlarni ham qoʻlga kiritgan.

Xullas, "Oy nuri"ning "Oskar" oqshomini yoritib, gʻolib boʻlish ehtimoli katta.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq