Hibsdagi qirgʻiz deputat tarafdorlari yigʻilmoqda

Ala Too maydoni
Image caption Yakshanba kuni maydonda 1000ga yaqin namoyishchi bor edi

Qirgʻiziston poytaxti Bishkekning Ala-Too maydonida hibsda ushlab turilgan deputat Oʻmurbek Tekebayevning tarafdolari yigʻilishgan.

Muxolif "Ota Makon" partiyasi raisi Tekebayev yakshanba kuni 48 soatga ushlangan.

Deputatning maydonga yigʻilgan 500 nafarcha tarafdorlari va qarindoshlari u ozod qilinmaguncha maydonni tark etmasliklarini aytishyapti.

"Ota Makon" fraktsiyasining faoli Qubat Ortiqov namoyishda soʻzga chiqib Tekebayevning zudlik bilan ozod qilinishi va fraktsiya aʼzolariga nisbatan "taʼqiblar" toʻxtatilishini talab qildi.

Qirgʻiziston xavfsizlik koʻmitasiga tayanib yozayotgan Interfaks xabar agentligiga koʻra, Oʻmurbek Tekebayev "Manas" xalqaro havo qoʻnalgʻasida qoʻlga olingan.

25 fevral kuni Qirgʻiziston Bosh prokuraturasi muxolifat rahbariga qarshi "korruptsiya" va "firibgarlik" ayblari boʻyicha jinoiy ish qoʻzgʻatgandi.

Ayni ish rossiyalik ishbilarmon va qator telealoqa shirkatlari egasi boʻlgan Leonid Mayevskiy arizasiga binoan ochilgan.

Daʼvogarga koʻra, hali 2010 yili Qirgʻiziston muvaqqat hukumati raisi muovini boʻlib ishlagan Tekebayev undan bir million dollar mablagʻ olgan.

Buning evaziga esa Qirgʻizistondagi eng yirik uyali aloqa shirkati - "Megakom" boshqaruvini berishni vaʼda qilgan.

"Tekebayev oʻz ishini bajarmagan va olgan pulini ham qaytarmagan. Shuningdek, mazkur masalada biron maʼlumot tarqatilsa yo pulni qaytarish talabi toʻxtamasa, qasos olish bilan tahdid qilgan" - deya bayonot bergan Qirgʻiziston Bosh prokuraturasi.

Jinoiy ish ochilgan payti Venada xizmat safarida boʻlgan Oʻmurbek Tekebayev oʻziga qoʻyilayotgan ayblovlarni va rossiyalik ishbilarmondan bir million dollar olganini rad etgan.

Uning aytishicha, oʻtgan yili oxirida Prezident Atamboyev amalga oshirgan konstitutsion oʻzgarishlarga qarshi chiqqani uchun taʼqibga tutilmoqda.

Oldinroq Oʻmurbek Tekebayev boshqaradigan "Ota Makon" muxolif partiyasining yana ikki aʼzosi - sobiq Adliya vaziri Almambet Shikmamatov va sobiq Bosh prokuror Aida Salyanovalarga qarshi ham Qirgʻiziston hukumati jinoiy ish ochgan edi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring