Erdoʻgʻon Rustam Azimovni qabul qildi

Rajab Toyyib Erdoʻgʻon Image copyright Official
Image caption Uchrashuv yopiq eshiklar ortida oʻtgan

Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻon Istanbuldagi "Beylerbeyi" saroyida Oʻzbekiston Bosh vazirining oʻrinbosari Rustam Azimovni qabul qilgan.

Turkiyaning davlat "Anadolu" agentligining xabar berishicha, bir soatga yaqin davom etgan uchrashuvga jurnalistlar qoʻyilmagan.

Avvalroq Istanbuldagi Turkiya-Oʻzbekiston Biznes Forumida ishtirok etgan Rustam Azimov turkiyalik ishbilarmonlarni Oʻzbekistonga sarmoya kiritishga chaqirgan.

U Oʻzbekiston Turkiya bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga tayyor ekanligini aytgan.

"Turkiya bilan savdo-iqtisodiy aloqalarda yangi dovonlarni zabt etishga tayyormiz", - degan Azimov Forumdagi chiqishida.

Uning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekiston Turkiya bilan neft va kimyo sanoati, oltin, kumush, uran qazib olish, shuningdek, qurilish, toʻqimachilik, meva-sabzavot va turizm sohalarida hamkorlik qilishi mumkin.

Oʻtgan yil noyabrida Prezident Erdoʻgʻonning Samarqandga tashrifi chogʻida ikki tomon oʻzaro aloqalarda yangi sahifa ochishga tayyor ekanliklarini aytishgandi.

Istanbuldagi forum ikki davlat oʻrtasida oxirgi 10 yildagi iqtisodiy hamkorlikka doir ilk yirik anjuman boʻlgan.

"Iqtisod siyosatdan ustun"

Marhum prezident Islom Karimov davrida Toshkent va Anqara oʻrtasidagi siyosiy muammolar iqtisodiy muhitni zaxarlagan va siyosiy kelishmovchiliklarning yanada chuqurlashmasligi uchun ikki tomon ham turk sarmoyalarini qurbon keltirgandi.

Endilikda har ikki tomon turk sarmoyadorlarini ishontirishga bel bogʻlagan koʻrinadi.

Prezident Erdoʻgʻonning Samarqandga tashrifi chogʻida Mirziyoyev muhojirotdagi oʻzbek muxolifati rahbari Muhammad Solihni chiqarib yuborishni talab qilgani aytilgandi.

Ammo Turkiya hukumatidagi manbaʼlar BBCga bu xabarlarni tasdiqlamadi.

Aftidan, Toshkent ikki oʻrtadagi munosabatlar alohida shaxslardan koʻra kattaroq ekanini anglab yetgan koʻrinadi.

Forumda Rustam Azimov Oʻzbekiston hukumati ikki tomonlama aloqalarga pragmatik yondoshuvni tanlayotgani borasida mujda berishga uringan.

"Iqtisod siyosatdan ustun" degan u marhum Islom Karimovning mashhur besh tamoyilidan iqtibos keltirarkan.

U "huquqning ustunligi" tamoyilini ham tilga olgan.

Azimovning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekiston bundan buyon ham iqtisodda davlatning "bosh islohotchilik" rolini saqlab qoladi.

Uning aytishicha, Oʻzbekistonda davlatning iqtisodga aralashuvi oʻzini oqlagan.

"Xalqaro Moliya Jamgʻarmasi bizga "bozor hamma narsani tartibga soladi", dedi. Ammo biz bunga ishonmadik. Biz davlat islohotchi boʻlishi kerakligini urgʻuladik. Erishgan natijalarimiz ham buning toʻgʻri ekanini koʻrsatdi", - deya Azimovning soʻzlaridan iqtibos keltirgan Turkiyaning Timeturk nashri.

Azimov oxirgi 11 yilda Oʻzbekiston iqtisodi 8 foizlik oʻsish koʻrsatganini aytib, hukumatning pul-valyuta siyosatini himoya qilgan.

"Turklarni sogʻindik"

Ikki davlat oʻrtasida oxirgi 10 yildagi ilk biznes forumga oʻzbek tomoni bir necha vazir va yirik davlat shirkatlari rahbarlaridan iborat nufuzli hayʼatni yoʻllagan.

Forumda har ikki tomon oʻtmishda turkiyalik ishbilarmonlar Oʻzbekistonda yuz tutgan muammolarni chetlab oʻtgan.

Image copyright Official
Image caption "Turklarni sogʻindik", deb aytgan Rustam Azimov

Ammo Oʻzbekiston Bosh vazirining oʻrinbosari Rustam Azimov turk sarmoyadorlari Oʻzbekistonni tark etganini bilvosita eʼtirof etgan.

"Turklarni sogʻindik", - deb aytgan Azimov.

U turk ishbilarmonlarini "salohiyatli, tashabbuskor va muvaffaqiyatli insonlar ekanliklarini" taʼkidlagan.

"Sizlar bilan oldinga qadam qoʻyishga tayyormiz", - degan oʻzbek hukumat hayʼatining rahbari.

Forumda qatnashgan Turkiya iqtisodiyot vaziri Nihot Zeybekchi ikki davlat aholisining umumiy soni 110 millionni tashkil etishini urgʻulab, oʻrtadagi 1,2 milliardlik tovar oyirboshlash hajmini yaqin kelajakda ikki barobarga orttirish rejalari borligini aytgan.

Ammo uning soʻzlariga koʻra, buning uchun Oʻzbekiston bilan erkin savdoga doir kelishuvlar imzolanishi lozim.

Turk shirkatlari Oʻzbekistonda ishlab chiqargan mahsulotini Turkiya va Turkiya orqali butun dunyoga hech qanday toʻsiqsiz, boj toʻlovlari va cheklashlarsiz sota olishlarini bilsalar, Turkiyaning Oʻzbekistondagi sarmoyalari hajmi juda katta miqdorlarda oʻsadi", - deb aytgan Turkiya iqtisodiyot vaziri.

U Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasida ikki tomonlama soliqdan qochish toʻgʻrisidagi bitimni imzolashlarin aytgan.

Zeybekchi Oʻzbekiston bilan allaqachon imzolangan, ammo hayotga tadbiq etilmagan kelishuvlar borligini ham eslatgan.

Unga koʻra, 2017 yilda ikki davlat oʻrtasidagi iqtisodiy aloqalarning huquqiy va texnik asoslari butunlay qaytadan koʻrib chiqiladi.

Vazirning aytishicha, Turkiya Oʻzbekiston bilan "hech kim yutqizmaydigan" biznes modelini amalga tadbiq qilmoqchi.

"Oʻzaro manfaatga asoslangan munosabatlar davom etadigan munosabatlardir", - degan turk mulozimi.

"Hech narsa oʻzgarmadi"

Istanbulning Bosfor boʻgʻozi boʻyidagi Hilton mehmonxonasidan atigi bir necha chaqirim masofada "Gunesh Tekstil" shirkatining idorasi joylashgan.

Shirkat rahbari Vohid Gunesh 2011 yilda Toshkentdagi oʻzi asos solgan "Turkuaz" savdo markazi va u bilan birga bir necha oʻn million dollar sarmoyasini tashlab, Oʻzbekistondan qochishga majbur boʻlgan.

Oʻzbekiston mahkamasi Gunesh koʻrgan zararni 30 million AQSh dollari ekani haqida ajrim chiqargan.

Ammo ishbilarmonning oʻzi zarar bundan oʻn barobar koʻpligini aytadi.

Image copyright Courtesy
Image caption Vohid Gunesh: "Avval ham vaʼdalar berilgan"

Uning Oʻzbekiston hukumatiga qarshi daʼvosini koʻrib chiqayotgan xalqaro mahkama shu yil oxirida ajrim chiqarishi kerak.

Guneshning aytishicha, Oʻzbekistonda hokimiyat oʻzgargani bilan amalda hech narsa oʻzgarmadi.

U hukumatning sarmoyalar bilan bogʻliq amaliy qadamlar qoʻyishini istaydi.

"Avval ham shunday vaʼdalar berilgan, lekin oxiri yomon boʻldi. Amalda hech narsa oʻzgargani yoʻq. Bugungi forumda qatnashgan vazirlarning koʻpchiligini taniymiz. Oʻsha-oʻsha odamlar. Yangi hech narsa yoʻq. Bojxona tartibi deysizmi, konvertatsiyami... Prezident cheklovlarni olib tashladim deyapti, ammo biz buni koʻrmayapmiz", - deydi Vohid Gunesh.

Uning aytishicha, turk ishbilarmonlari bugungi forumda aytilgan "soʻzlarga uchib, Toshkentga borishmaydi".

"Hammamiz Oʻzbekistonning rivojlanishini istaymiz. Hammamizda yaxshi niyat bor. Ammo sarmoyalar uchun yaxshi niyatning oʻzi yetarli emas. Demokratik oʻzgarishlar boʻlishi, qonun ustuvorligi taʼminlanishi kerak. Bu oʻzgarishlarsiz oldinga ketib boʻlmaydi", - deydi turkiyalik ishbilarmon.

Turk rasmiylariga koʻra, Forum nihoyasida 10 ta sohada hamkorlikka doir kelishuvlar imzolangan.

Tahlilchilarga koʻra, Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻzi eʼlon qilgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish uchun yirik xorijiy sarmoyalarni jalb etishi kerak boʻladi.

Hukumat xorij shirkatlarini mamlakat boʻylab tashkil etilayotgan erkin iqtisodiy hududlarga sarmoya kiritishga chaqirgan.

Ammo hozirga qadar sarmoyalar yoʻlidagi asosiy toʻsiqlardan boʻlib kelgan konvertatsiya muammosini hal qilish tomon aniq qadamlar qoʻyilmagan.

Hukumat pul-valyuta siyosatidagi oʻzgarishlar bilan bogʻliq takliflarni jamoatchilik muhokamasiga qoʻygan, ammo uning qachon hayotga tadbiq etilishi borasida aniq muhlat belgilanmagan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring