Kim Chon Namning oʻlimida ikki ayol ayblanmoqda

Kim Chon Namning oʻlimida ikki ayol ayblanmoqda Image copyright Reuters/AFP
Image caption Kim Chon Namning oʻlimida ikki ayol ayblanmoqda

Shimoliy Koreya rahbarining oʻgay akasi Kim Chon Namning oʻlimida ishtirok etgan ikki ayol qotillik aybi bilan tergov qilinadi va isbotlansa qatl qilinadi. Bu haqda Malayziya prokurori maʼlum qilgan.

Bosh Prokuror Muhammad Apandi Alining aytishicha, Indoneziya va vetnamlik ayollarga rasman ayb qoʻyiladi va aybi isbotlansa oʻlim jazosiga tortilishi mumkin.

Ayollar Malayziya aeroportida Kim Chon Namning yuziga oʻta kuchli zahar sepgandi.

Ayblanuvchilar TV shouda ishtirok etayapmiz, deb oʻylaganini aytishgan.

"Ular Jinoyat kodeksining 302-moddasi boʻyicha tegrov qilinadi va aybdor deb topilsa oʻlim jazosiga hukm qilishini mumkin", - degan Bosh prokuror.

Uning aytishicha, qotillik yuzasidan qoʻlga olingan shimoliy koreyalik erkakka ayb qoʻyish borasida hanuz bir qarorga kelinmagan.

"Qidiruvdagi 4 shimoliy koreyalik josus boʻlgan"

Janubiy Koreya istihborot xizmatining ishonishicha, Kim Chong Namning oʻlimida gumonlanib qidirilayotganlardan toʻrttasi shimoliy koreyalik josus boʻlishi mumkin.

Malayziya politsiyasi, Shimoliy Koreya prezidentining oʻgay akasi Kuala-Lumpur aeroportida zaharlanganini bildirgandi.

Janubiy Koreya maxsus xizmatining taʼkidlashicha, Malayziya tomonidan nomlariga tilgan olingan yetti gumondorning toʻrttasi Shimoliy Koreya Davlat xafvsizlik xizmatida ishlaydi.

Ularning nomlari borasida aniqlik kiritilmagan.

Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Inning oʻgay akasi Kim Chon Nam ikki hafta oldin aeroport roʻyxatdan oʻtish zalida ikki ayolning unga yaqinlashuvi natijasida halok boʻlgandi.

Malayziya Sogʻliqni saqlash vazirining maʼlum qilishicha, Kim Chong Nam VX deya nomlanmish oʻta kuchli zaharli modda taʼsirida 15-20 daqiqaning ichida ogʻriqdan vafot etgan.

Malayziya politsiyasi qotillikdan bir necha kun oʻtib shimoliy koreyalik Ri Chong Cholni hibsga olgan.

Yana 6 shimoliy koreyalik qotillikka aloqasi bor yoki gumondor deb maʼlum qilindi.

Ularning toʻrttasi Kimga qilingan hujumdan soʻng zudlik bilan Kuala-Lumpur aeroportidan Pxenyanga qochishga muvaffaq boʻlgan.

Malayziya rasmiylari tomonidan nomi tilga olingan yana ikki shimoliy koreyalikdan biri ushbu mamlakatning Kuala-Lumpurdagi elchixonasida ishlaydi, ikkinchisi davlatga qarashli Air Koryo havo yoʻllari shirkati xodimi.

Janubiy Koreya 19 fevral kuni Kim Chon Namning oʻlimi orqasida Shimoliy Koreya turganiga amin ekanligini aytib chiqdi. Lekin Malayziya rasmiylari qotillikda Pxenyanning qoʻli borligi borasida hech narsa degani yoʻq.

Shimoliy Koreya fuqarolaridan birining oʻlimida Malayziya javobgar ekanligini bildirdi va jasadni qaytarishni siyosiylashtirishga urinmoqda.

VX toksini haqida nimalar bilamiz?

Qahrabo rangidagi shaffof yogʻli suyuqlik. Uning taʼmsiz va hidsizligi topishda qiyinchilik tugʻdiradi. XV barcha harbiy zahar moddalari ichida eng kuchlisi sanaladi va zarindan 100 barobar kuchli.

Teriga tushgan VXning bir tomchisi insonni bir necha daqiqada oʻldiradi.

Ushbu zahar 1993 yili kimyoviy qurollar boʻyicha qabul qilingan Konventsiyaga koʻra taqiqlangan moddalar qatoriga kiritilgan. Uni ishlab chiqarish mumkin emas, zahiradigalari esa yoʻqotilishi kerak.

VX inson organizmiga yutish, teriga tushish yoki koʻzga tomish bilan havo-tomchilatish yoʻli orqali kiradi. Organizmga kirgach nerv sistemasini ishdan chiqaradi.

Rahbarlikka daʼvogar oʻgay aka

Kim Chen Irning katta oʻgʻli boʻlgan Kim Chon Nam Shimoliy Koreya rahbarligiga daʼvogarlardan boʻlgan.

Ammo 2001 yilda soxta pasport bilan Yaponiyaga safar qilmoqchi boʻlgan Kim Chon Nam bilan otasi oʻrtadasida kelishmovchilik kelib chiqqan.

Natijada ikkinchi oʻgʻil - Kim Chen In voris etib tayinlanadi va 2011 yilda otasining oʻrnini egallaydi.

Oxirgi yillarda Kim Chon Nam Shimoliy Koreyada koʻrinmay qolgandi.

Xabarlarga koʻra, u asosiy vaqtini Xitoyning Makao shahrida oʻtkazgan.

Kim Chon Nam islohotlar tarafdori sifatida tanilgan, yapon nashrlaridan biriga intervyusida u Shimoliy Koreyada hokimiyatning merosxoʻrlik asosida oʻtishiga qarshiligini aytgandi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring