Qirgʻiz muxolifat lideri ikki oyga hibs etildi

Oʻmirbek Tekebayev Image copyright Internet
Image caption Oʻmirbek Tekebayev

Qirgʻizistonda muxolifat lideri Oʻmirbek Tekebayev mahkama qarori bilan yana ikki oyga hibs etilgan. Tekebayev saqlanayotgan bino qarshisida esa uning tarafdorlari namoyishni davom ettirishgan.

Qirgʻiziston Davlat milliy xafvsizlik qoʻmitasi matbuot xizmatining bildirishicha, muxolifatdagi "Ota makon" fraktsiyasi lideri "korruptsiya" bilan bogʻliq jinoyatlarda ayb qoʻyilgan.

Pervomaskiy tuman mahkamasi qarori bilan 2017 yilning 25 apreligacha hibsda saqlash chorasi qoʻllanilgan.

Tekebayev saqlanayotgan Davlat milliy xafvsizlik qoʻmitasi binosi oldida uning tarafdorlari yigʻilgan.

Namoyishchilarning maʼlum qilishicha, norozilik aktsiyasi haftada dam olish kunlaridan tashqari 2-3 marta oʻtkaziladi.

28 fevral kuni namoyishga chiqqanlarning soni bir kun oldingidan kamroq boʻlgan.

Oldinroq Bishkek militsiyasi poytaxtga Rossiya prezidenti Vladmir Putinning tashrifiga ragʻman, namoyishlarni tarqatmasligini bildirgan edi.

Korruptsiya aybi

Oʻmurbek Tekebayev yakshanba kuni "Manas" xalqaro havo qoʻnalgʻasida qoʻlga olingan.

25 fevral kuni Qirgʻiziston Bosh prokuraturasi muxolifat rahbariga qarshi "korruptsiya" va "firibgarlik" ayblari boʻyicha jinoiy ish qoʻzgʻatgandi.

Ayni ish rossiyalik ishbilarmon va qator telealoqa shirkatlari egasi boʻlgan Leonid Mayevskiy arizasiga binoan ochilgan.

Daʼvogarga koʻra, hali 2010 yili Qirgʻiziston muvaqqat hukumati raisi muovini boʻlib ishlagan Tekebayev undan bir million dollar mablagʻ olgan.

Buning evaziga esa Qirgʻizistondagi eng yirik uyali aloqa shirkati - "Megakom" boshqaruvini berishni vaʼda qilgan.

"Tekebayev oʻz ishini bajarmagan va olgan pulini ham qaytarmagan. Shuningdek, mazkur masalada biron maʼlumot tarqatilsa yo pulni qaytarish talabi toʻxtamasa, qasos olish bilan tahdid qilgan" - deya bayonot bergan Qirgʻiziston Bosh prokuraturasi.

Jinoiy ish ochilgan payti Venada xizmat safarida boʻlgan Oʻmurbek Tekebayev oʻziga qoʻyilayotgan ayblovlarni va rossiyalik ishbilarmondan bir million dollar olganini rad etgan.

Uning aytishicha, oʻtgan yili oxirida Prezident Atamboyev amalga oshirgan konstitutsion oʻzgarishlarga qarshi chiqqani uchun taʼqibga tutilmoqda.

Oldinroq Oʻmurbek Tekebayev boshqaradigan "Ota Makon" muxolif partiyasining yana ikki aʼzosi - sobiq Adliya vaziri Almambet Shikmamatov va sobiq Bosh prokuror Aida Salyanovalarga qarshi ham Qirgʻiziston hukumati jinoiy ish ochgan edi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring