Oʻzbekistonda gaz toʻlovlarini undirish xususiylashtiriladi

gaz

"Oʻztransgaz" aholidan gaz haqi uchun toʻlovlar yigʻishni xususiy shirkatlarga topshirishi mumkin.

Kompaniya shu tarzda qarzdorlikka barham bermoqchi. Bu haqda kompaniyada oʻtkazilgan matbuot anjumanida maʼlum boʻlgan.

Sputnik agentligining xabar berishicha, kompaniyaning hududlardagi boʻlimlari pul yigʻish borasida yomon natija koʻrsatgandan soʻng shunday qarorga kelingan.

"Oʻztransgaz" shirkati masʼulining aytishicha, kompaniya toʻlovlarni xususiy tashkilotlarga topshirish uchun taklif ishlab chiqqan va uni tasdiqlatish uchun Vazirlar mahkamasiga topshirgan.

Oldinroq podrobno.uz sayti Iqtisodiyot vazirligidagi manbasiga tayanib shu kabi xabarni bergan edi.

Vazirlik xodimi, mutaxassislar tomonidan isteʼmolchilarga gaz yetkazib berish sohasidagi meʼyoriy hujjatlarni keng miqyosda unifikatsiyalash jarayoni ketayotganini bildirgandi.

Qarzdorlikka barham beriladimi?

Oʻzbek mulozimlari aholiga gaz va elektr yetib bormasligi muammosini qarzdorlik bilan izohlab kelishadi.

Birgina Samarqand viloyatida 1 yanvargacha aholining gazdan qarzdorligi 601 milliard soʻmga (Markaziy Bank kursi boʻyicha 176 yarim million dollar) yetgani aytiladi.

Mutasaddilar qarzdorlikka barham berish uchun yillar davomida turli uslublarni qoʻllab kurashib keladi.

Bunga javobgar shaxslar ishdan olinib, turli muddatga qamoq jazosiga hukm qilinadi.

Koʻplab pul yigʻuvchilarning javobgarlikka tortilishi ortidan bu sohada kadrlar yetishmasligi muammosi paydo boʻlganligi aytiladi.

Gaz va elektr oʻlchovini aniqlash uchun zamonaviy hisoblagichlar oʻrnatilgan va ular maʼlum muddatda tekshirishdan oʻtkazilib turiladi.

Lekin ushbu chora-tadbirlar va javobgarlikka tortishlarga qaramasdan qarzdorlik borasida muammo yechimini topmasdan kelmoqda.

Kuzatuvchilar gaz va elektrdan aholining katta miqdorda qarzdorligini kambagʻallik, korruptsiya va monopoliyaga bogʻlashadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda gaz va elektr taqchilligi muammosi muntazam ravishda qayta-qayta muhokama mavzusiga aylangan.

Yozayotganlarning aytishicha, kompaniyalarning aholidan pulni ololmasligi kasriga pulni oʻz vaqtida toʻlaydigan qatlam ham qolayapti. Pul yigʻuvchilar esa boyishda davom etmoqda.

"Svet va gazni pulini yigʻishni xususiy qoʻlga berish kerak. Ana, toʻgʻrimdagi domda gazchi: shishib ketganidan 4-moshinasi - Lasettiga sigʻmayapti uje. Kimdir nuqta qoʻyishi kerak".

Fikr bildiruvchilarga koʻra, davlat qarzdorlarning qarzidan toʻliq kechishi va bundan keyingi pul yigʻishlarni xususiy qoʻllarga topshirishi vaziyatni oʻzgartirishi mumkin.

Ayrimlar pul yigʻish xususiy qoʻllarga oʻtgan taqdirda, energiya narxi qimmatlashib ketishi va natijada xalqqa ogʻirlik qilishi mumkinligidan xavotir bildirgan. Ularga koʻra, oʻgʻirlik qilgan nazoratchilarni jazo tortish tartibini kuchaytirish kerak.

Bu fikrga qarshi chiqqanlarning aytishicha, gaz va chiroq 2-3 barobar qimmat boʻlsa ham doimiy kelib turishi uchun pul toʻlayman, deydiganlar ham bor. Nazoratchilarni qamoqqa tiqish esa keyingilarga oʻrnak boʻlmayapti.

"Xususiylashtirish kerak, gaz, svet, suvni. Ana shunda ular undiradi, burnidan qonini keltirib boʻlsa ham. Zato oʻchmaydi. Svet doimiy boʻlsa ikki-uch barobar narx toʻlayman, deganlar hoziram bor. Hozir ular dvijok-panel qilib, 10 barobar koʻp toʻlayapti", - deydi Twitter foydalanuvchilaridan biri.

Gaz quvurdan oqmaydi

"Oʻztransgaz" ztkazgan matbuot anjumanidan maʼlum boʻlishicha, korxona aholiga gazni quvur orqali emas balki gaz ballonlar orqali yetkazib berishga koʻproq eʼtibor beradi.

Sputnik agentligining yozishicha, kompaniya bugunga qadar 67 chaqirimga yaqin gaz quvurini kapital taʼmirdan chiqargan. Qancha masofaga yangi quvur yotqizilgani borasida maʼlumot berilmagan.

Gaz quvuridan farqli ravishda siqilgan gazni ballonlarda yetkazib berish borasida ishlar faol ketayotganini koʻrish mumkin.

Bugungi kunga kelib 2,5 million xonadon shu kabi siqilgan gaz uskunasi ishlatayotgani aytilgan.

Birgina 2016 yili qoʻshimcha yarim millon gaz balloni isteʼmolchilarga yetkazib berilgan.

Siqilgan gaz tabiiy gazdan qimmat va u koʻpchilik xonadonlarga hozircha bozor narxidan arzonroq bahoda yetkazilib berilmoqda.

Kuzatuvchilar koʻra, hukumat shu yoʻsinda xonadonlarga yetib borgan gaz quvurlaridan tabiiy gaz berishni qisqartirib boraveradi, uning oʻrnini esa gaz ballonlari egallaydi.

Siqilgan gaz qimmat boʻlganligi sabab undan tabiiy gazdan foydalangandek, uyni isitishda ishlatishni hammaning ham choʻntagi koʻtarolmasligi aytiladi.

Siqilgan gazdan foydalanishda xafvsizlik texnikasiga amal qilmaslik ortidan uning isidan boʻgʻilib oʻlish hollari qayd etilgan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring