Putin: Rossiya Qirgʻizistondagi bazasini yopishi mumkin

Putin Image copyright Kremlin.ru

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin qirgʻiz tomoni istagani taqdirda, Rossiya qoʻshinlari Qirgʻiziston hududidan chiqib ketishini aytgan.

Bu haqda Putin Bishkekda Prezident Atambayev bilan qoʻshma matbuot anjumanida gapirgan.

Uning soʻzlariga koʻra, Rossiya bazasi birinchi navbatda, Qirgʻizistondagi xavfsizlikni taʼminlash uchun kerak.

Putinning aytishicha, agar Qirgʻiziston oʻz qurolli kuchlarini yetarli darajada mustahkamlagani va bazaga ehtiyoji qolmaganini aytsa, Rossiya harbiylari "shu kuniyoq" chiqib ketadi.

"Bizga bu yerda harbiy kontingent joylashtirishning keragi yoʻq. U faqat bitta narsa-Qirgʻizistonning xavfsizligi bilan bogʻliq", deya Putinning soʻzlaridan iqtibos keltirgan "Interfaks" agentligi.

Rossiyaning "Kant" birlashgan harbiy havo bazasi Bishkek yaqinidagi Kant mavzeʼsida joylashgan.

U yerda SU-25 qiruvchi samolyot va Mi-8 vertolyotlari joylashtirilgan.

2016 yilda Prezident Almazbek Atambayev "Qirgʻiziston faqat oʻz qurolli kuchlariga ishonishi, Rossiya, Amerika yo-da boshqa davlatga tayanmasligi"ni aytgandi.

2014 yilda Qirgʻiziston Manas xalqaro aeroportidagi AQSh harbiy havo bazasini yopgan.

Mirziyoyev va qoʻshnilar

Putin Qirgʻizistonga rasmiy tashrif bilan borgan.

Bundan avval u Qozogʻiston va Tojikistonda boʻlib, ikki davlat rahbarlari bilan muzokaralar olib borgan.

Ushbu safar Rossiya rahbarining Oʻzbekistonda Shavkat Mirziyoyev Prezident etib saylanganidan buyon mintaqaga ilk tashrifidir.

Ammo Putin Markaziy Osiyo boʻylab safari chogʻida Oʻzbekistonni chetlab oʻtadi.

Rossiya tomoni Prezident Mirziyoyevning aprel oyi boshida Moskvaga davlat tashrifi bilan borishini aytgan.

Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan buyon mintaqadagi qoʻshnilar bilan aloqalarni yaxshilash sari qadamlar qoʻygan.

Moskvaning bu kabi integratsiya jarayonini qanchalik dastaklashi nomaʼlum.

Rossiya mintaqa davlatlarini oʻzi yetakchisi boʻlgan Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi (EvrAzEs) va Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti (ODKB) saflarida koʻrishni istaydi.

Oʻzbekistonda oʻtgan yil noyabrida bu tashkilotlarga kirish rejasi yoʻqligini bildirgan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring