"Majburiy jamoat ishi" jinoiy jazo turiga aylandi

Oʻzbekiston Image copyright Courtesy

Oʻzbekiston parlamentining qonunchilik palatasi mamlakat Jinoyat Kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalarni qabul qilgan.

24 fevral kuni qabul qilingan oʻzgartishlarga muvofiq, jinoiy qonunchilikka yangi jazo turi - "majburiy jamoat ishlari" kiritilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasi aʼzosi Shuhrat Mamajonovning soʻzlariga koʻra, oʻzgartish va qoʻshimchalarga muvofiq jinoiy jazolar tizimiga "majburiy jamoat ishlari"ning kiritilishi munosabati bilan qamoq tariqasidagi jinoiy jazo bekor qilinadi.

"Jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotgan shaxslarni ushlab turish, qamoqqa olish va uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot choralarini qoʻllash, dastlabki tergov, shuningdek fuqarolik ishi boʻyicha sud qarorini nazorat tartibida qayta koʻrib chiqish muddatlari qisqartirilmoqda", - deb aytgan qonunchilik palatasi aʼzosi.

Oʻzgartishlar haqidagi qonun Prezident Mirziyoyevning oʻtgan yil 21 oktyabrdagi "Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida qabul qilinayotgani aytilgan.

Rasmiylarga koʻra, bu "aholining odil sudlovga boʻlgan ishonchi ortishiga xizmat qiladi".

Mirziyoyev sud-huquq tizimini liberallashtirish va sudlarning mustaqilligini taʼminlashni oʻz ichki siyosatining ustuvor masalalaridan deb eʼlon qilgan.

Avvalroq u prokuratura tizimi xodimlari bilan uchrashuv chogʻida prokuraturaning "repressiv tizim"ga aylanib qolganini tanqid qilgan edi.

Oʻzbekistonliklar ijtimoiy tarmoqda yangi jinoiy jazo turiga turlicha munosabat bildirishmoqda.

Facebookdagi oʻzbek nashrlarining bu haqdagi xabariga sharh qoldirganlardan ayrimlari majburiy hashar va jamoat ishlariga jalb etilayotgan oʻqituvchi va shifokorlar "qaysi jinoyati uchun jazolanyapti?" deya zaxarxanda qilganlar.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring