Putin Oʻzbekistonga nega bormadi?

Putin va Mirziyoyev Image copyright Reuters

Rossiya prezidenti Markaziy Osiyoga oʻz safarini yakunlarkan, ayni shu savol uning Qozogʻiston, Tojikiston va Qirgʻizistonga uch kunlik tashrifi manzarasida matbuot eng koʻp eʼtibor qaratgan nuqtalardan biri boʻldi.

Prezident Vladimir Putin tojikistonlik hamkasbi bilan tushlik chogʻida Turkmaniston rahbariga ham qoʻngʻiroq qilib, gaplashib olganiga oid xabarlar esa, bu savol atrofidagi qiziqishni yanada kuchaytirdi.

Ustiga ustak, bu - Rossiya rahbarining Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston prezidenti etib saylanishi ortidan mintaqaga qilgan ilk safari boʻlgan.

Aynan Vladimir Putin Shavkat Mirziyoyevni oʻtgan yil 4 dekabr kuni boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston prezident saylovidapgi gʻalabasi bilan qutlagan va oʻz mamlakatiga safar qilish uchun taklif qilgan birinchi xorijiy davlat rahbari boʻlgan.

Rossiya tomoni rasmiy Toshkent bu taklifni xushnudlik bilan qabul qilganligini bayon qilgan.

Oʻzbekiston yangi rahbariyatining bundan buyogʻiga Rossiyaga moyil tashqi siyosat olib borishini bashorat qilgan mintaqaviy ekspertlar esa, prezident Mirziyoyevning ilk tashrifini aynan Moskvaga amalga oshirishini ham bashorat qilishgan.

Ular bunga qisman Oʻzbekiston yangi prezidentining Rossiya rahbari bilan yaxshi aloqalarga ega asli oʻzbekistonlik milliarder Alisher Usmonov bilan qudachilik rishtalarini bilvosita sabab oʻlaroq ham keltirishgandi.

Ammo...

Rasman qasamyod keltirishidan qariyb uch oy oʻtayotgan esa-da, Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston yangi prezidenti oʻlaroq aniq qachon qay bir davlatga tashrif buyurishi hanuz mavhumligicha qolmoqda.

Yaqinda bu davlatlarning Rossiyadan tashqari, qator Markaziy Osiyo davlatlari - Turkmaniston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Qozogʻiston ham boʻlishi mumkinligiga oid xabarlar paydo boʻlgan.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning uch Markaziy Osiyo davlatiga qilgan va harbiy, iqtisodiy, siyosiy maqsadlarni koʻzda tutishi aytilgan safari ayni shu xabarlar manzarasida amalga oshgandi.

Bundan tashqari, prezident Putinning soʻnggi tashrifi Rossiya mintaqadagi geosiyosiy manfaatlarini koʻzda tutib, qoʻshni Afgʻonistonda faollashish, Gʻarb esa, ayni shu maqsad bilan Afgʻonistonda oʻz askarlari sonini yana oshirish istagini izhor etayotgan bir paytda kuzatilgan.

Rossiyalik ekspertlar esa, prezident Putin safarining nega faqat uch Markaziy Osiyo davlati bilan chegaralangani sababini Oʻzbekiston va Rossiya rahbarlarining soʻnggi uchrashuvlariga uncha koʻp boʻlmagani, bundan tashqari, tez orada prezident Shavkat Mirziyoyev oʻzining Moskvaga tashrifi koʻzlanayotgani bilan izohlashgan.

Oʻtgan yil kuz oyida Oʻzbekiston Prezidenti Islom Karimovning oʻlimi sabab, avval Rossiya Bosh vaziri, uning ortidan, prezident Vladimir Putin ham Samarqandga tashrif buyurishgan, oʻsha paytda muvaqqat prezident va mamlakat Bosh vaziri boʻlgan Shavkat Mirziyoyev bilan muloqotlar olib borishgandi.

Orada tomonlar oʻrtasida telefon muloqotlari ham boʻlib oʻtganiga oid xabarlar olingan.

Diplomatik muvozanat

Ayni shu voqeʼlikni koʻzda tutib, Frantsiyadan siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov Rossiya rahbarining nega Oʻzbekistonga tashrif buyurmagani sababini rasmiy Moskvaning diplomatik muvozanat saqlash istagi bilan izohlaydi.

"Putinning aksariyat Markaziy Osiyo davlatlariga safar qilib, Oʻzbekistonga kirib oʻtmasligi - Mirziyoyev, Oʻzbekiston rasmiy hokimiyatiga qoʻshimcha bosim boʻladiki", bu tashrif, - "biz sizni kutayapmiz, chunki siz borishingiz kerak edi, siz bizga vaʼda bergan edingiz, degan bir signalni berishi mumkin".

Shavkat Mirziyoyev hali Oʻzbekiston muvaqqat prezidenti ekan, tashqi siyosatda marhum Islom Karimov "kontseptsiyasiga sodiq qolishlari"ni bayon qilgan.

Oʻzlarining bundan buyogʻiga ham koʻpqutbli tashqi siyosat olib borishlariga ishora qilgan.

Rasmiy Toshkent esa, soʻnggi yillarda mintaqada oʻz taʼsirlarini kuchaytirishga intilayotgan Rossiya boʻladimi va yoki AQSh, global oʻyinchi davlatlarga nisbatan oʻzining beqaror tashqi siyosati bilan tanilib kelgan.

Yangi prezidenti boshqaruvi bilan kechayotgan qariyb uch oy ichida Oʻzbekistonga Rossiyaniki barobarida qator yuqori martabali AQSh rasmiylari ham tashrif buyurib ulgurishgan.

Oʻz mustaqilligini eʼlon qilishi ortidan esa, aynan Oʻzbekiston bilan Turkmaniston rasmiy Kremldan maʼlum "masofa saqlash", rasmiy Moskvaning taʼsiridan xoli siyosat yuritishga harakat qilib kelayotgan sanoqli sobiq Shoʻro davlatlaridan birlari boʻlishadi.

Mintaqaviy tahlilchilarga koʻra, ular ega boʻlgan iqtisodiy potentsial, oʻz vaqtida Rossiyaning harbiy hozirligidan xalos boʻlishga muvaffaq boʻlishgani va Rossiyaga bevosita chegaradosh emasliklari ikkovlonga bu kabi imkoniyatni bergan.

Rossiyaning taʼsiridan xoli ekanliklari esa, ham Oʻzbekiston va ham Turkmanistonga nisbatan mustaqil tashqi va ichki siyosat olib borishlariga asos bergan.

Birinchi safar

Frantsiyadan siyosiy tahlilchi suhbatdoshimiz Kamoliddin Rabbimovning eng soʻnggida "xalqaro tajribaga" tayanib, "yangi davlat rahbari qay bir mamlakatga safar qilishining geosiyosiy ahamiyati katta" boʻlishiga alohida eʼtibor qaratadi.

"Mana shu birinchi tashrifdan davlat, yangi hokimiyat oʻzini obʼekt sifatida koʻrayaptimi va yoki oʻsha xalqaro siyosatning subʼekti sifatida koʻrayaptimi, maʼlum boʻladi".

"Agar, kuchli-qudratli davlatlarga tashrif buyuradigan boʻlsa, oʻzini oʻsha davlatga nisbatan obʼekt sifatida koʻrayotgan boʻladi. Lekin yon-atrofidagi, oʻzidan nisbatan zaif boʻlgan, oʻzining siyosatini oʻtkazishni xohlaydigan davlatga, agar, safar qiladigan boʻlsa, oʻzini siyosiy subʼekt sifatida va safar qilgan davlatini oʻzining obʼekti sifatida koʻrayotgan boʻladi", - deydi suhbatdoshimiz.

Shu oʻrinda Oʻzbekistonga rahbarining "uch-toʻrt davlatga safari" haqida soʻnggi paytlarda boʻy koʻrsatayotgan xabarlarga toʻxtalarkan, suhbatdoshimiz, "bu yerda spekulyatsiya, dezinformatsiya, notoʻgʻri maʼlumotlar koʻp boʻldi", derkan, "menimcha, biz bu jarayonni kuzatishimiz kerak", - deya soʻzlariga yakun yasaydi.

Mintaqaviy tahlilchilar nazdlarida esa, ortga yuborayotgan pullari Oʻzbekiston iqtisodi uchun muhim ahamiyat kasb etuvchi va rasmiy manbalarda sonlari bir milliondan ortishi aytiluvchi mehnat muhojirlari rasmiy Toshkentning Rossiyaga qaramligini belgilovchi yakkayu yagona omil boʻladi.

Ammo, ayni muammo, oʻn yillarki, oʻzining yechimini hukumatlararo bir darajada topmay keladi.

Rasmiy Toshkent esa, yaqin-yaqingacha ayni voqeʼlikka jiddiy eʼtibor bermaslik, Rossiyada mehnat muhojirligida band katta sondagi aholisi huquqlarini zamonaviy qonunlar doirasida himoya qila bilmaslikda tanqidlarga tutib kelinadi.

Aynan Dushanbega safari davomida esa, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin tojik hukumatiga tojikistonlik mehnat muhojirlari huquqlari har tomonlama himoya qilinishini vaʼda qildi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring