TeliaSonera Markaziy Osiyodan chiqib ketolmayapti

Telia Yoxan Dennelind Image copyright yle.fi
Image caption Telia prezidenti Yoxan Dennelind

Shvetsiyaning Telia telekommunikatsion kompaniyasi oʻzining Tojikistondagi shoʻʼba korxonasi - Tcell mobil operatori yuz tutayotgan murakkab vaziyatdan xavotir bildirdi.

Tojikistonning Asia-Plus xabar agentligi yozishicha, Telia nima uchun oʻz shoʻʼba korxonasining hissalari savdosi boʻyicha erishilgan kelishuvlarni baʼzi davlat idoralari tasdiqlamayotganidan hafsalasi pir boʻlgan.

Telia kompaniyasi oʻzining Sonera nomli finlyandiyalik sherik kompaniyasi bilan birgalikda Oʻzbekistondagi yirik telekommunikatsion mojaroga aralashishi ortidan Markaziy Osiyodagi faoliyatini qisqartira boshlagan.

2012 yilda Yevropada oʻtgan tergovlar TeliaSonera Oʻzbekistonning sobiq prezidenti Gulnora Karimovaga tegishli ekani ishonilgan kompaniyaga 320 million dollar pora berganini aniqlagandi.

Tergovlar bora-bora Karimova xonimga tegishli ekani ishonilgan 912 million dollarning muzlatilishiga sabab boʻlgan.

2015 yil sentyabrida TeliaSonera Oʻzbekistondagi korruptsiya mojarosidan "qattiq larzaga kelgan"ini aytgan va "sarmoyadorlar va jamoatchilikning qattiq bosimi" tufayli Markaziy Osiyodan chiqib ketishini eʼlon qilgandi.

Telia saytida aytilishicha, oʻtgan yil sentyabrida Tcell kompaniyasi aktsiyalarining 60 foizi ayni operatorning boshqa hissadori boʻlmish Ogʻa Xon jamgʻarmasiga sotilishi eʼlon qilingandi.

Aytilishicha, ayni kelishuv Tojikiston hukumati qoshidagi aksilmonopoliya xizmati tomonidan tasdiqlanishi kutilgan.

"Hali ham hech qanday aniq javob olinmadi. Qonun boʻyicha ajratilgan muddat 2016 yilning 29 noyabrida tugagan", - deyiladi Telia bayonotida.

Aksilmonopoliya xizmati hozircha hech qanday izoh bermadi.

Telia, shuningdek, unga hukumat tomonidan qilinayotgan soliq daʼvolarini noqonuniy deb bilishini aytdi.

Asia-Plus xabariga koʻra, Tojikiston hukumati Tcell mobil operatoriga 20 million dollar jarima solgan. Bu miqdor soliq tekshiruvlari natijasida aniqlangan qarzdorliklar uchun ekani aytilgan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring