Toshkent va Kiyev munosabatlarni jonlantirmoqchi

Oʻzbekiston elchixonasi Image copyright Oʻzbekiston elchixonasi
Image caption Kiyevdagi Oʻzbekiston elchixonasi avvalroq oʻz fuqarolarini Ukraina sharqidagi ziddiyatga aralashmaslik haqida ogohlantirgan.

Oʻzbekiston va Ukraina oxirgi 10 yilda ilk bor hukumatlararo komissiya yigʻilishini oʻtkazmoqchi.

Har tomonlama hamkorlik komissiyasi 2017 yilning ikkinchi choragida Toshkentda oʻtkazish rejalashtirilgan.

Ikki mamlakat oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri havo parvozlarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha ham kelishuvga erishilgan.

Bu haqda Sputnik agentligi Ukrainaning Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Yuriy Savchenkoga tayanib xabar bergan.

Kommissiya soʻnggi marotaba 2007 yili yigʻilgan, 2013 yili yigʻilish oʻtkazish uchun hamma narsa tayyorlanganligi, biroq ayrim sabablar tufayli oʻtkazilmay qolganligi aytiladi.

"Oʻzbekiston va Ukraina Prezidentlarining oʻtgan yil dekabrda telefon orqali suhbatidan soʻng ilk topshirigʻi - hukumatlararo komissiya yigʻilishini oʻtkazish boʻyicha ishlarni jonlantirish yoki boshlash boʻldi. Bu borada juda ham koʻp savollar toʻplanib qolgan, kun tartibi eskirdi, koʻplab hujjatlar Ukraina va Yevropa oʻrtasida ittifoq tuzilguncha hamda Oʻzbekistonda hukumat almashguncha tayyorlangan. Hozir yangi imkoniyatlar va istiqbollar paydo boʻldi", - deb aytgan Yuriy Savchenko.

Elchisiga koʻra, hukumatlararo komissiya milliy delegatsiyasi rahbarlari Oʻzbekiston Bosh vazir oʻrinbosari Ulugʻbek Roʻziqulov va uning ukrainalik hamkasbi Gennadiy Zubko oʻrtasida bir necha marotaba muloqot boʻlib oʻtgan.

Savchenkoning aytishicha, muloqotlar davomida kun tartibidagi masala belgilab olingan. Tadbir doirasida mart oyida ikki davlat vakillari mart oyida uchrashib olishadi. Komissiya yigʻilishi esa 2017 yilning ikkinchi choragida Toshkentda oʻtkaziladi.

Parvozlar ham tiklanadi

Ukraina elchisi bundan tashqari ikki davlat oʻrtasida havo parvozlari ham yoʻlga qoʻyilishi mumkinligini bildirgan.

Oʻzbekiston va Ukraina hozircha haftada bir marta parvoz amalga oshirish boʻyicha kelishuvga erishgan, keyinchalik ularning soni koʻpaytirilishi mumkin.

Parvozlarni tiklash masalasi ham ikki mamlakat prezidentlarining oʻtgan yil dekabr oyida amalga oshgan telefon muloqoti davomida koʻtarilgan.

Shundan soʻng bu masala tegishli idoralarga barcha tafsilotlarini koʻrib chiqish va joriy qilish uchun topshirilgan.

Ukraina Davlat avia xizmati va "Ukraina xalqaro havo yoʻllari" vakillari Oʻzbekistonga kelishgan. Oʻzbekiston Havo yoʻllar kompaniyasi rahbariyati bilan muzokaralar olib borilgan.

"Uchrashuvlar natijasini yarim ijobiy deyish mumkin. Ikki tomon ham poytaxtlar oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻri parvozlarni tiklash zarur ekanligini eʼtirof etgan, biroq reyslar sonida muammo bor", - degan Yuriy Savchenko

Elchiga koʻra, Oʻzbekiston tomoni aviaqatnovlarni tez orada amalga oshirishga tayyor, ularni hozircha faqat ikki tomondan haftada bir marta parvoz qanoatlantirmoqda.

Moliyaviy natijalarga asoslanib olingan maʼlumotlar asosida qoʻshimcha maslahatlashuvlardan soʻng qatnovlar soni oshirilishi mumkin.

Ukraina tomoni haftada 2-3 parvoz amalga oshirishdan manfaatdor ekanligini bildirgan. Ular Toshkentdan tashqari Samarqand shahri va Fargʻona vodiysiga ham parvozlarni yoʻlga qoʻyishda qiziqishini bildirgan.

-Biroq Oʻzbekiston aviakompaniyasi toʻgʻridan toʻgʻri parvozlaridan yoʻlovchilarning kamayib ketishidan xavotirga tushayapti. Umuman olganda tomonlar parvozlarni yoʻlga qoʻyishga kelishib olishdi. Oʻngimizdagi yoz mavsumida natijasini koʻrishimiz mumkin, - degan Ukraina elchisi.

2016 yil natijalariga koʻra Oʻzbekiston va Ukraina oʻrtasida savdo aylanmasi 223 million dollarni tashkil qilgan. Ushbu koʻrsatgich bir yil oldingisi bilan solishtirganda 9,5 foizga tushib ketgan.

Oʻzbekiston mintaqadagi yana bir yirik hamkori Rossiyaning Ukraina bilan tarang munosabatlariga qaramasdan munosabatlarni yaqinlashtirishga qilayotgan harakati jamoatchilik eʼtiborini tortgan.

Kuzatuvchilar Oʻzbekistonning yangi rahbariyati ushbu qadami bilan tashqi siyosatda koʻp vektorlik yoʻlni tanlaganini koʻrsatishga intilayotganini taʼkidlashadi.

Ayrimlarga koʻra, Oʻzbekiston va Ukraina oʻrtasida keng miqyosli yaqinlashuvning boshlanishi koʻpchilik kutganidek Shavkat Mirziyoyevning tashqi siyosatda Rossiyaga taʼsiriga tushib qolishi ehtimolini kamaytiradi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring