Oʻzbek jangarilari reklama boshlashdi

Granata tutib turgan oʻspirin Image copyright longwarjournal.org
Image caption Granata tutib turgan oʻspirin ismi va u mansub guruh nomi oʻzbekcha yozilgan

"Tong gʻira-shirasidagi otishma va bosqinlar".

AQShdagi Long War Journal nashrining Afgʻonistondagi oʻzbek mujohidlari haqidagi maqolasi shunday boshlanadi.

"Al-Qoidaga bogʻliq mujohid oʻzbeklar Afgʻoniston ichkarisidagi amallarini koʻz-koʻz qiladigan videolarni chiqarishmoqda" - davom etadi nashr.

Maqola taʼkidlanishicha, baʼzi oʻzbek jangarilari AQShda ishlab chiqilgan qurol va harbiy texnikadan foydalanishayotganini koʻrish mumkin.

Jihod reklamasi

Long War Journal nashriga koʻra, Afgʻonistondagi ikki jangari oʻzbek guruhi - Kotibat Imom al-Buxoriy (Imom Buxoriy Jamoati) va Islomiy Jihod Ittifoqi (Badr at-Tavhid) soʻnggi videolarda oʻzlarini koʻproq koʻz-koʻz yoki reklama qilishgani ilgʻanadi.

"Bir videoda Kotibat Imom al-Buxoriy jangarilari shimoliy Afgʻonistondagi hukumat kuchlari nishonlariga qarata raketa otishmoqda" - qayd etadi maqola.

"Tasvirlar yangi, ammo eskilari ham ishlatilgan. Masalan, oʻsmirlik yoshiga yetib-etmagan jangari askar bola tasviri ancha oldingi".

Maqola ayni jangari lavhalar shimoliy Afgʻonistonning aynan qaysi hududida suratga olinganini aniqlay olmaganini urgʻulaydi.

Ikkinchi jangari guruh - Islomiy Jihod Ittifoqi esa haqiqiy urush amallarini koʻz-koʻz qiladi.

Bunda ular yurib ketayotgan mashinada oʻrnatiladigan GoPro videokameralaridan foydalanishgan.

"Jangarilar tong saharda Afgʻon hukumat kuchlari qarorgohiga bosqin uyushtirishganini namoyish etishgan. Qoʻllarida esa miltiq va granatomyotlar".

Ayni guruh oʻz kuchini koʻrsatib qoʻyishni istagandek, aksilhavo oʻqotarlarni ishga solishadi va hukumat hariby vertolyotiga oʻt ochishadi.

"Mazkur tasvirning ham aniq joyi nomaʼlum" - yozadi Long War Journal - "Ammo Islomiy Jihod Ittifoqi sharqiy Afgʻonistonning Paktika, Paktiya va Nangarhor viloyatlarida faol".

Nafaqat oʻzbeklar...

Islomiy Jihod Ittifoqi - hali 1990-yillari aksar Fargʻona vodiysidan qochib chiqqan Oʻzbekiston Islomiy Harakatidan tarqalgan guruh.

Asosan Tojikiston orqali Afgʻonistonga oʻtgan bu jangarilar Tolibon hamda "Al-Qoida" qatorida turib jang qilishgan.

"Bu guruhdagi mujohidlarning aksarisi oʻzbeklar, ammo saflarida Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston fuqarolari va Xitoydan kelgan uygʻurlar ham bor" - yozadi nashr.

Shuningdek, Turkiya vatandoshlari va islomga kirgan germaniyalik hamda amerikalik jangchilari ham boʻlgan.

Tolibonga qarshi xalqaro kuchlar ishgʻoli paytida yuzlab oʻzbek jangarilari va ularning safidagi boshqa xorijiylar ham oʻldirilgandi. Tirik qolganlar Pokistonga, oilalari esa Eronga oʻtib ketishgan.

Ammo keyinroq, 2009-2010 yillarga kelib, Pokiston hukumati ham Vaziriston mintaqasida "oʻzbek jangarilari" deb tanilgan xorijiy mujohidlarga qarshi hujumlarni boshlaydi.

Koʻplab jangarilar oʻldiriladi..

Orada esa Yaqin Sharqda talotoʻplar boshlanadi va qator oʻzbek jangarilari Suriyaga oʻtishadi.

Image copyright longwarjournal.org
Image caption Islomiy Jihod Ittifoqi oʻzbekistonlik qori rasmidan foydalangan

Vahshatli oʻzbeklar

Afgʻonistonda qolgan oʻzbeklarning koʻpchiligi bu yerda Yaqin Sharqdan tashqarida tuzilgan yagona IShID hududini tashkil etishgan.

Kobuldan uncha uzoq boʻlmagan viloyatlarda ham ular qisman nazorat qilayotgan mintaqalar bor.

Baʼzi oʻzbek jangarilari Tolibon tarafida boʻlishsa, ayrimlari toliblarga qarshi.

Oʻzbek jangarilari soʻngg 15 yil ichida ham Afgʻoniston va ham Pokistonda oʻzlarining shafqatsizligi bilan tanilgan.

Afgʻonistonda esa IShIDga kirgan oʻzbeklar soʻnggi yillari hatto shialarni oʻgʻirlab, yosh bolalarni ham boshini kesib, qatl etishdi.

Omon qolgan tutqunlar bu odamlar ruscha aralash oʻzbekchada gapirishganini aytishgandi.

Qirpichoq guruhlar

Yaqin Sharqdagi oʻzbek jangarilari turil va baʼzan oʻzaro qarama-qarshi guruhlarda ham jang qilishadi.

Koʻpchilik jangarilar "Al-Qoida" ga aloqador "Nursa Jabhasi" tarkibida.

Ayni damda IShID safida ham oʻzbeklar ozmuncha emasligi aytiladi.

Umuman, butun Markaziy Osiyodan Suriyaga ketgan jangarilar soni 2-4 ming atrofida, deyiladi.

Mujohidlar butun minatqa davlatlaridan kelishsa-da, ammo aksariyati oʻzbek millatiga mansubligi aytiladi.

Markaziy Osiyo davlatlari oʻz hududlarida yoshlarni jihodiy guruhlarga chorlash va yollash harakatlarini qattiq nazorat ostiga olishayotganini urgʻulashadi.

Biroq yo bu choralar qattiq boʻlsa ham samarasiz, yo yollovchilar boshqa yoʻllarni izlashayotgani koʻrinadi.

Deylik, Rossiyada soʻnggi yillar ishsiz qolayotgan muhojirlar ham jangari guruhlar uchun oson "oʻljaga" aylanayotgani aytilmoqda.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq