Nima uchun Germaniyada Erdoʻgʻanni man qilishga chaqirilyapti?

Germaniya, Shveytsariya va Avstriyada Deniz Yuchelning ozod qilinishi talabi bilan namoyishlar oʻtmoqda Image copyright Getty Images
Image caption Germaniya, Shveytsariya va Avstriyada Deniz Yuchelning ozod qilinishi talabi bilan namoyishlar oʻtmoqda

Germaniya va Turkiya fuqaroligiga ega jurnalist Turkiyada terror targʻibotini yoyishda rasman ayblanishidan bir kun oʻtib Germaniya tashqi ishlar vaziri Zigmar Gabriel ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlar yomonlashganini bildirdi.

Germaniyaning Die Welt gazetasi muxbiri Deniz Yuchelning hibsga olinishi nemis siyosatchilari va matbuot arboblarining gʻazabiga sabab boʻlmoqda.

Baʼzi siyosatchilar hatto Turkiya saylovlari oldidan Prezident Rajab Toyib Erdoʻgʻanga targʻibot kampaniyasi bilan Germaniyaga kelishga ruxsat bermaslikka chaqirishmoqda.

43 yoshli Yuchel oʻtgan oylarda Turkiyada hibsga olingan 150dan ortiq jurnalistning biri boʻlmoqda.

U 2015 yil may oyidan beri Die Welt gazetasining Turkiyadagi muxbiri boʻlib ishlab kelgan.

Uni 14 fevraldan beri ushlab turishibdi.

Yuchelning advokatiga koʻra, u terror tashkilotiga aʼzolik, targʻibot yoyish va maʼlumotni suisteʼmol qilishda ayblanadi.

Image copyright AFP/getty images
Image caption Yuchel fosh qilingan imeyllar haqida xabarlar qilgan

Yuchel ishi Prezident Erdoʻgʻanning kuyovi Berat Albayrakning elektron pochtasi fosh qilishiniga bogʻliq.

Albayrakning elektron pochtasi Wikileaks tomonidan fosh qilingan. Prezidentning kuyovi oʻz maktublarida davlat matbuotini nazorat ostiga olish, hamda Twitter foydalanuvchilari yordamida jamoatchilik fikriga taʼsir oʻtkazishni muhokama qilgan.

Mazkur imeyllarga bogʻliqlikda yana olti turk jurnalisti hibsga olinganlar.

Istanbul mahkamasi Yuchel mahkama sanasi eʼlon qilinguncha hibs ostida qolishi borasida qaror chiqardi. Mahkama sanasi noaniq.

Germaniya hukumati Turkiyaning elchisini chaqirtirib oʻz noroziligini izhor qildi.

Tashqi ishlar vaziri Gabrielning aytishicha, hech qanday demokratik mamlakat jurnalistlarni taʼqib qilish uchun oʻz adliya tizimini "suistemol" qilmasligi kerak.

Kantsler Angela Merkel ham hafsalasi pir boʻlganini aytib, Yuchel ishi qonuniy va odilona tarzda koʻrilishiga chaqirdi.

Turkiya kelgusi oy prezidentlik vakolatlarini kuchaytirish boʻyicha referendum oʻtkazishi kutiladi.

Turkiyadan tashqarida eng katta turk aholisiga ega boʻlgan Germaniyaga Erdoʻgʻanning oʻzi kelib referendumni targʻib qilishi moʻljallangan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring