Jamshid Karimov ruhiy shifoxonadan ozod etildi

Jamshid Karimov Image copyright Fargʻona
Image caption 48 yoshli Jamshid Karimov marhum prezident Islom Karimovning jiyani

Jizzaxlik mustaqil jurnalist Jamshid Karimov Samarqanddagi ruhiy shifoxonadan ozod etilgan.

Marhum prezident Islom Karimovning jiyani boʻlgan Jamshid Karimov 2006 yildan buyon ruhiy shifoxonada majburan va maxfiy ravishda ushlab turilgandi.

Jurnalistning ozod etilgani haqida birinchi boʻlib maʼlum qilgan Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining matbuot erkinligi boʻyicha vakili xabarni olqishlagan.

"Men Karimovning ozod etilishini chin dildan olqishlayman. Ushbu qarorning ayniqsa, Muhammad Bekjonov ozod etilganidan koʻp oʻtmay qabul qilingani alohida eʼtiborga molik va men rasmiylarni qamoqdagi barcha jurnalistlar, jumladan, Yusuf Roʻzimurodov, Solijon Abdurahmonov va Dilmurod Sayidlarni ham ozod etishga chaqiraman", - deb aytgan YeXHT ning matbuot erkinligi boʻyicha vakili Dunya Miyatovich.

Miyatovich oʻtgan yil dekabrida Oʻzbekiston Prezidentiga murojaat qilib, jurnalistlarni ozod qilishda koʻmaklashishni soʻragandi.

YeXHT vakili Oʻzbekiston hukumatiga matbuot erkinligi sohasida yaqindan hamkorlik taklif qilgan.

Jamshid Karimov birinchi marta 2006 yil 12 sentyabrida shifoxonada davolanayotgan onasini koʻrish uchun borgan payt Jizzax viloyat markaziy shifoxonasi hovlisida hibsga olingandi.

U mahalliy hokimiyat vakillarini tanqid qiluvchi maqolalari uchun jazolangan, deb ishoniladi.

Keyinroq mahkamaning unga nisbatan chiqargan majburiy ruhiy davolanish haqidagi hukmi tafsilotlari oshkor etilmagan.

2009 yilda Jamshid Karimov hayotdan koʻz yumgan onasining janozasida ishtirok etish uchun olib kelingani xabar qilingan.

Marhum onasi Margarita Karimova oʻgʻlining hibsga olinishidan bir necha kun avval jurnalistlarga maxsus xizmat xodimlari ularning xonadonini yaqindan kuzatayotganini aytgan.

Jamshid Karimov 2011 yil noyabrida ozodlikka chiqarilgan, ammo oradan koʻp oʻtmay, 2012 yil yanvarida yana Samarqanddagi ruhiy shifoxonaga joylashtirilgan.

Shundan buyon uning taqdiri borasida hech qanday rasmiy maʼlumot yoʻq edi.

"Prezidentning jiyani"

48 yoshli Jamshid Karimov marhum prezident Islom Karimovning jiyanidir.

Onasi Margarita Karimovaning oʻlimidan bir necha yil avval BBC muxbiriga aytishicha, Jamshid Karimov prezidentning jiyani ekanidan "uyalgan va soʻraganlarga shunchaki, familiyadoshmiz, deb aytgan".

Hibsga olinishidan avval Jamshid Karimov internetda mahalliy va markaziy hokimiyat idoralarini tanqid qiluvchi qator maqolalar eʼlon qilgan.

Tahlilchilarga koʻra, Jamshid Karimovning taqdiri Islom Karimov tuzumi oʻzgacha fikrga qanchalik toqatsiz boʻlganining yorqin misolidir.

Oʻtgan oy Human Rights Watch inson haqlari tashkiloti Shavkat Mirziyoyevni Karimovning repressiv merosidan tezroq qutulishga chaqirgan.

22 fevral kuni jurnalist va muxolifat faoli Muhammad Bekjon 18 yillik qamoqdan ozod etilgan.

U dunyodagi eng uzoq muddat qamoqda oʻtirgan jurnalistlardan biri hisoblanadi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring