Moʻynoqni sayyohlik markaziga aylantirishga qaror qilindi

Oroldagi kemalar qabristoni Image copyright BBC UZBEK
Image caption Oroldagi kemalar qabristoni

Prezident Shavkat Mirziyoyev Orolboʻyidagi Moʻynoq tumaniga sarmoya va sayyohlarni jalb qilish bilan mintaqa iqtisodini koʻtarish maqsadi koʻzlangan qarorni imzolagan.

Prezident Mirziyoyev qarorining matni Oʻzbekiston matbuotida eʼlon qilingan.

Maʼlumki, Moʻynoq Shoʻrolar zamonida gullab-yashnagan, Termizdan yoʻlga chiqqan kemalar Orol dengizi sohilidagi baliqchilik kombinatigacha suzib bora oladigan shahar boʻlgan.

Moʻynoq baliq konserva kombinati mahsulotlari butun SSSR hududiga tarqatilgan.

Biroq 1980-yillarda Orol dengizining qurishi Moʻynoqni "kemalar qabristoni"ga aylantirdi, tumanning iqtisodiy vaziyati yildan-yilga yomonlashdi, odamlarning turmush sharoiti hozirgacha ham pasayishda davom etayapti.

Ayni paytda Orol dengizining qurishi butun dunyoda ekologik fojea miqyosi bilan tanish boʻlgan insonlarni tashvishga soldi, u yerdagi vaziyatni oʻz koʻzi bilan koʻrishni istaydigan xorijliklarning soni koʻpligi ham ayon.

BMTning sobiq Bosh kotibi Pan Gi Mun shaxsan Moʻynoqqa bordi va oʻzining qator chiqishlarida Orolboʻyidagi fojeaviy vaziyatga dunyo hamjamiyati eʼtiborini jalb qildi.

Prezident Mirziyoyevning qaroriga muvofiq Moʻynoqda "Moynaq City Center" savdo-sayyohlik majmuasi barpo etiladi.

Ishlab chiqarish bilan bogʻliq, sayyohlik, qishloq xoʻjalik mahsulotlarini qayta ishlash singari 72 loyihaga jami 7,5 million AQSh dollaridan ziyod mablagʻ ajratilib yangi ish oʻrinlarini tashkil qilish rejalashtirilgan.

Moʻynoqda biznes tashkil qilgan tadbirkorlar 10 yilga barcha soliqlardan ozod qilinishi, qurigan Orol sathi boʻyicha sayyohlarga kvadrotsikllarda sayohat uyushtirish singarilar moʻljallanmoqda.

Boʻshab yotgan ishlab chiqarish binolaridan foydalanishga qaror qilganlar bu binolarni bepul sotib olishiga izn beriladi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring