Ibodat: kunda ham, kulfatda ham

Image copyright Umida Ahmedova

Ibodat - kimlar uchun kundalik farz, kimlar uchun kulfat yo ogʻir kundagi hamdard va yupanch.

Toshkentdagi Mustaqillik maydoni chetida namoz oʻqiyotgan mana bu bolakay musulmonlar ibodatni hech qayerda kanday qilmaslikka intilishini namoyon etadi.

Suratni 2001 yili tasvirchi Umida Ahmedova olgan.

Image caption Islomiy toʻy. Tatariston.

Qozonlik Komil va Nargiza nikoh marosimida duoga qoʻl ochishmoqda.

Yoshlar avvalo Ollohga tilovat qilishdi va oʻzlariga baxt, ota-onalariga uzoq umr soʻrashdi.

Tatar yoshlari orasida hozir Islomiy toʻylar ommalashmoqda.

Image copyright Reuters

Hindular AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp uchun tilovat qilishmoqda.

Bu Hindu Sena ibodatxonasi dindorlari AQSh yangi rahbari musulmonlarga qarshi mavqeni egallagani uchun uni yoqlab, haqqiga duo bajo keltirishmoqda.

Image copyright AFP

Nigeriyada Boko-Harom Islomiy jangari guruhi oʻgʻirlab ketgan 276 nafar oʻquvchi qizlarnign biri guruhi.

Garovgirlar chiqargan mana bu tasvirda yosh qizlar oʻzlarining ozod etilishlari uchun duo qilishmoqda.

Oʻgʻirlangan qizlarning aksariyati hamon bedarak.

Afgʻoniston shimolidagi sufiylar zikr tushishmoqda. Tasavvuf bu yerlarga asli Oʻzbekistondan kelgan.

Naqshbandiya va Qodiriya tariqatlari vakillari har hafta toʻplanishadi.

Sufiylar ibodati koʻproq oʻzbek va tojik maqomlarini eslatuvchi xondalardan hamda zikr raqsidan iborat.

Quddusdagi Yigʻi Devori oldida liberal yahudiy ayol tilovat qilmoqda.

Isroil hukumati muqaddas qadamjoda ayol-erkak yonma-yon ibodat qilishiga izn berarkan, moʻʼtadil yahudiylar ayni qarorni bayram qilib yuborishdi.

Image copyright Soviet Archives

Boks afsonasi Muhammad Ali Samarqanddagi masjidda namoz oʻqimoqda.

Sovet Ittifoqi 1978 yili uni taklif qilgandi.

Mashhur sportchi safari davomida SSSRning eng yirik musulmon respublikasi - Oʻzbekistonga kelgan.

Image copyright AP

Vladimir Putin pravoslav nasroniy bayramlarida cherkovga borib turadi.

Kreml rahbari hokimiyatga kelishi bilanoq cherkovni oʻziga qaratishga intilgan.

Prezident Putin neqadar chin dildan ibodat qilishi maʼlum emas, ammo dinga qaytayotgan ruslarning koʻnglini ovlash - rossiyalik siyosatchilar uchun muhim.

Image copyright AFP

Misrda ayrim musulmonlar nasroniy hamyurtlari bilan birdamlik va doʻstlikni namoyish etishmoqda.

Mamlakatdagi xristian ozchilik taʼqib va hujumlarga tutilarkan, ayrim musulmonlar ularni himoya qilishga intilmoqdalar.

Mana bu misrlik bayroqni joynamoz qilib, koʻzoynagida ham hilol va ham xoch tasvirini tushirgan.

Image copyright Anurup Titu

Rohinga musulmoni eski qayiqda qolgan oilasi uchun omonlik soʻrab, iltijo qilmoqda.

Birmada musulmonlar qirgʻini toʻxtatamayapti. Bu oila uchun ortga qaytish - erkaklar uchun oʻlim, ayollar uchun zoʻrlik degani.

Deyarli hech kim buddist ekstremistlari va Birmadagi irqchilardan qochishga chora topolmayotgan Rohinga musulmonlariga yordam bermayapti.

Image copyright Rob Leutheuser

Iroqlik Yazidiy erkak oʻz qizalogʻi bilan ibodat chirogʻini yoqmoqda.

Yazidiylar IShID tarafidan oʻldirilayapti, qizlar va yosh ayollarni esa islomiy jangarilar joriya sifatida qul qilib sotishmoqda.

Bu qadimiy dinni ayrim musulmonlar "otashparasat va majusiy", deb atashadi.

Lekin Yazidiylikda ham Nasroniy, ham Islomiy jihatlar mujassam.

Koʻpincha jamiyat chetga itqitadigan insonlarda ham Xudo va eʼtiqod tushunchalari kuchli boʻladi.

Meksikaning keksa fohishalar yashaydigan qariyalar uyidagi barcha xonada Iso paygʻambar surati osilgan.

Diniy olimlarga koʻra, odatda, yoshligida fohishalik qilganlar keksayganda taqvo yoʻliga oʻtishadi va har kuni Xudodan magʻfirat soʻrashadi.

Image copyright OFFICIAL SITE

Gulnora Karimova ochiq-sochiq kiyimlarida har vaqt ziyofatlarning guli edi.

Ammo boshiga qora bulutlar kela boshlarkan, u roʻmol oʻrab, qoʻlida tasbeh tutgan rasmlarini internetga qoʻydi.

Muxlislariga esa bir necha yildan beri namoz oʻqishini ham bildirgandi.

Rim papasi Frantsisk Xudo va Iso oldida "erdek past"ligini namoyish etish uchun yotib, ibodat qilmoqda.

Papa Frantsisk oʻzining qanchalik xokisor va koʻngli ochiqligini koʻrsatishga koʻp intiladi.

U musulmonlar yonida namoz oʻqigan, Yevropaga kelgan afrikalik va musulmon qochqinlar oyoqlarini yuvib, oʻpgan edi.

Image copyright pinterest.com

Ibodat orqali baʼzida siyosiy mujda ham yetkaziladi.

Martin Lyuter King 1965 yilning 1 fevral kuni Alabamada tashkil etilgan teng huquqlilik yurishida maslakdoshlari bilan birga ibodat qilmoqda.

Ammo ayni kun tarixda "qonli yakshanba" bulib qoldi.

Kobullik Shia musulmoni Ashura marosimida pichirlab, tilovat qilayapti.

Bu kunni shialar Imom Husaynning oʻldirilishi sifatida xotirlashadi.

Shialar yigʻlashadi, qonli bayroqni oʻpishadi va yuzlarini tigʻlab, zanjir bilan koʻkraklariga uradilar.

Dogʻistonlik talaba yigit Moskvaning -20S daraja sovugʻida, qor ustida namoz oʻqimoqda.

Rossiya poytaxtida yangi masjidlar qurilmoqda, ammo juma kunlari ular torlik qiladi.

Musulmonlar qishin-yozin masjid hovlilari va hatto koʻchalarda namoz oʻqishga majburlar.

Sportchilar baʼzida shundoq omma koʻzi oldida ibodat qilishadi.

Ular gʻalaba soʻrab, oʻz dinlari odatini bajaradilar.

Soʻnggi yillari Gʻarbdagi musulmon futbolchilar oʻyin oldidan maydon chetida hatto namoz oʻqib olgan holatlari ham kuzatilmoqda.

Image copyright kun.uz bergan rasm

Oʻzbekistonlik shtangachi Ruslan Nuriddinov Rio-2016 Olimpiadasida oltin medal olishi ortidan, shukur qilmoqda.

Jonli efirda u "Ollohimga shukur" degan.

Ammo Oʻzbekiston telekanallari ayni muhim lahzalarni qayta koʻrsatganda, sportchining Ollohga shukur aytganini kesib tashlashgan.

Oʻzbekistonda diniy eʼtiqod va uni qanday namoyish yo izhor etish qattiq nazorat ostida.

Image copyright uz24.uz

Turkiya va Oʻzbekiston prezidentlari Samarqandda Islom Karimov qabri boshida.

Janob Erdoʻgʻan Oʻzbekiston marhum prezidenti qabri ustida Qurʼon tilovat qilgan birinchi davlat rahbari boʻldi.

Oʻsh shahridagi Sulaymon Togʻida qirgʻiz bolakay ibodat qilmoqda.

Markaziy Osiyodagi qadim majusiy odatlar uzoq asrlik Islom davrida ham yashab qolgan.

Ibodat amallari noislomiy boʻlsa-da, mazkur jarayonda Qurʼondan oyat ham oʻqiladi.

Geylar va ularga xayrixoh insonlar Orlandodagi gey klubiga qilingan hujumda oʻldirilganlar uchun ibodat shamlarini yoqishmoqda.

Besoqolbozlikni qariyb barcha dinlar qoralashadi, ammo bu jamoa orasida dindorlar ham oz emas.

Soʻnggi yillari esa Gʻarbdagi nasroniy va musulmon geylar oʻzlari uchun alohida cherkov yo masjid ochishmoqda.

Hind ayoli ibodatxona yo ashram ichkarisiga kira olmay, tashqarida Tangriga yolvormoqda.

Hindistondagi aksar hindu mazhablari ayollarning ibodatxona ichiga qadam bosishlarini taqiqlaydi.

Ilgari hatto eri oʻlganda xotini ham qoʻshib yoqilgan.

Beva qolgan hindu ayoli yarim oʻlik sanaladi va u butun dunyo lazzatidan, hatto shirinlik yeyish, musiqa tinglash va qayta oila qurish huquqidan ham mahrum etiladi.

Endi esa ayollar bu odatlarni yoʻqotish yoʻlida kurashishmoqda.

Perudagi shomonlar qadim diniy odatlarini bajarishmoqda.

Yevropalik istilochilar mahalliy xalqlarni turli yoʻllar bilan xristianlikka kiritishgan.

Ammo ovloq togʻli mintaqalarda hamon shomonlik va boshqa boshlangʻich dinlar saqlanib qolgan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring