AQSh Bosh prokurorining Rossiyaga aloqasi qanday?

Jeff Seshns Image copyright AFP
Image caption Jeff Seshns Rossiya elchisi bilan uchrashuvlarini yashirgani maʼlum boʻldi

AQSh Bosh prokurori Jeff Seshns Prezident Donald Trampning saylovoldi kampaniyasi davrida Rossiyaning elchisi bilan uchrashgan, ammo Kongress majlisida "rossiyaliklar bilan hech qanday muloqot" qilmaganini aytgan.

AQSh Adliya vazirligi tasdiqlashicha, Seshns oʻtgan yilgi prezidentlik kampaniyasi chogʻida Vashingtonda ikki marta Rossiya elchisi bilan uchrashgan.

Yanvar oyida uning AQSh adliya vazirligi rahbari etib tayinlanishidan oldin oʻtgan Kongress majlislarida u AQSh prezidentlik kampaniyasi davomida Rossiya vakillari bilan uchrashganini qatʼiy rad etgandi.

Ammo, chorshanba kuni Washington Post xabar qilishicha, oʻtgan yili Alabama senatori boʻlgan Jeff Seshns ikki marta Rossiya elchisi Sergey Kislyak bilan uchrashgan.

Vakillar palatasidagi demokratlar lideri Nensi Pelosi uni qasamyod ostida yolgʻon gapirganlikda ayblab, isteʼfosini talab qildi.

Shuningdek, demokratlar Seshns zudlik bilan Moskvaning AQSh prezidentlik saylovlariga taʼsiri borasida oʻtayotgan FBI tergovidan chetlatilishini soʻrashmoqda.

Adliya vazirligi rahbari sifatida Seshns Amerika maxsus xizmatlari faoliyatini nazorat qiladi va FBI oʻtkazayotgan har qanday tergov haqida maʼlumotni bilib olishi mumkin.

Jeff Seshns bayonot chiqarib "hech qachon Rossiya hukumati vakillari bilan saylovlarga bogʻliq qandaydir masalalarni muhokama qilish uchun uchrashmaganman", dedi.

Lekin, Amerika adliya vazirligi tasdiqlagan maʼlumotga koʻra, 2016 yil sentyabrida Seshns Senatdagi qurolli kuchlar qoʻmitasi aʼzosi boʻla turib Kislyakni oʻz kabinetida qabul qilgan. Avvalroq esa Kislyak qator boshqa elchilar bilan Seshns kabinetida boʻlgan.

Oq Uy Seshnsning himoyasiga oʻtdi va mazkur mojaroni "demokratlarning Tramp maʼmuriyatiga qarshi navbatdagi hujumi" deya atadi.

Demokratlar fikrida, respublikachilar, xususan Donald Tramp jamoasi demokratlar nomzodi Hillari Klintonning obroʻyini toʻkish uchun Rossiya bilan til biriktirganlar, hamda Klintonga tegishli maxfiy milliy xavfsizlik maʼlumotlariga kiber hujumlar qilinishiga yoʻl qoʻyib berganlar.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring