Yelena Urlayeva yana ruhiy shifoxonaga joylashtirilgan

Paxta terimini kuzatishga chiqqan Yelena Urlayeva Image copyright URLAYEVA

Oʻzbekistondan olinayotgan xabarlarga koʻra, taniqli inson huquqlari himoyachisi Yelena Urlayeva oʻz ixtiyoriga qarshi ravishda yana Toshkentdagi ruhiy xastaliklar shifoxonasiga joylashtirilgan.

Mamlakatdagi inson huquqlari poymol etilishiga qarshi kurashib kelayotgan 56 yoshli faolni Oʻzbekiston rasmiylari bir necha marta majburiy davolashga yotqizganlar.

1-mart kuni ham, 2-mart kuni Yelena Urlayevaning mobil telefoni oʻchirilgan, yaqinlari 2-mart kuni shifoxonaga yotqizilganidan xabardor boʻlganlar.

Urlayeva huquqlarini himoya qilayotgan Kamoliddin Ziyotov norasmiy Oʻzbekiston Inson huquqlari himoyachilari Alyansi rahbarining majburan ruhiy shifoxonaga olib ketilganiga guvoh boʻlgani haqida "Ozodlik" radiosiga xabar bergan.

Birinchi marta Yelena Urlayeva 2001 yili ruhiy shifoxonaga yotqizilgan edi.

2005 yili, 2012 yili va 2016 yili ham Urlayevani ruhiy shifoxonaga joylashtirgan edilar.

Xalqaro tashkilotlar Yelena Urlayevani jazolash maqsadida majburiy shifoxonaga yotqizilishlarini qoralab chiqqanlar.

Toshkentlik inson huquqlari himoyachisi Urlayeva haqidagi soʻnggi xabar mustaqil jurnalist Jamshid Karimov Samarqand shahridagi ruhiy shifoxonadan ozod etilgani haqidagi xabar tarqalgan kunga toʻgʻri kelgan.

Bir kun oldin marhum prezident Islom Karimovning jiyani 48 yoshli Jamshid Karimov shifoxonadan chiqarilganini Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotining matbuot erkinligi boʻyicha vakili Dunya Miyatovich olqishlab chiqqan edi.

Jamshid Karimov 2006 yildan buyon ruhiy shifoxonada majburan va maxfiy ravishda ushlab turilgandi.

U 2011 yil noyabrida ozodlikka chiqarilgan, ammo oradan koʻp oʻtmay, 2012 yil yanvarida yana Samarqanddagi ruhiy shifoxonaga joylashtirilgan.

Shundan buyon uning taqdiri borasida hech qanday rasmiy maʼlumot yoʻq edi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring