Nazarboyev: yana bir yangi referendumga ehtiyoj yoʻq

Prezident Nazarboyev Image copyright Reuters

Qozogʻiston parlamenti ikki palatasi mamlakat konstitutsiyasiga oʻzgartirish kiritish masalalarini muhokama etish uchun yigʻilgan. Qoʻshma majlisda nutq soʻzlagan Prezident Nursulton Nazarboyev aytishicha, Qozogʻistonning konstitutsiyasiga oʻzgartirish kiritish uchun yangi referendum oʻtkazishga ehtiyoj yoʻq.

Prezident Nursulton Nazarboyevning tashabbusi bilan Qozogʻistonda hokimiyat vakolatlarini prezident, hukumat va parlament oʻrtasida qayta taqsimlashga qaror qilingan.

2016 yil dekabrida Qozogʻiston rahbari bu haqda ilk bor eʼlon qildi va mamlakat bosh qonuniga oʻzgartirish kiritish boʻyicha komissiya tuzildi.

3 mart kuni parlament qoʻshma majlisida Prezident Nazarboyev bosh qonunni oʻzgartirish boʻyicha konstitutsiyada koʻzda tutilgan yoʻlni tanlashini aytgan.

Qozogʻiston konstitutsiyasi boʻyicha mamlakat prezidenti ushbu masalani umumxalq muhokamasiga qoʻyishi yoki qabul qilish uchun parlamentga yuborishi mumkin.

"Men parlament deputatlaridan imkoni boricha orqaga surmasdan, barcha protseduralar va bizning qonunlarimizga rioya qilgan holda qonun loyihasini koʻrib chiqishga chaqiraman. Davlat tizimining asosiy jihatlari oʻzgarmayotgani, ushbu islohot inson huquqlari va erkinliklariga daxl qilmayotgani sababli katta xarajatlar sarflab, inson resurslarini jalb qilib, jamiyatda siyosiy muammo va masalalarni yuzaga keltirib referendum oʻtkazishga ehtiyoj yoʻq", deb aytgan Prezident Nazarboyev.

Qozogʻistonning joriy konstitutsiyasi 1995 yilda qabul qilingan va unga bir necha marotaba oʻzgartirishlar kiritilgan.

Xususan, 1998 yili prezident muddati va vakolatlari, parlament aʼzolarining muddatlariga oid oʻzgartirishlar kiritilgan.

2007 yili ham Qozogʻiston konstitutsiyasiga oʻzgartirishlar kiritilgan, bu oʻzgartirishlar parlament aʼzolari sayloviga tegishli boʻlgan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring