Qiziq, Tolibon nega hammaga daraxt ektirmoqchi?

Hibatulloh Oxunzoda Image copyright COURTESY

Xalqaro harbiy tahlilchilarga koʻra, Tolibon harakati oʻzining gʻayriodatiy soʻnggi bayonoti bilan barchaga Afgʻonistondagi oʻrnini koʻrsatib qoʻymoqchi.

Bu yaqin yillar ichida ham, taʼbir joiz, oʻzlariga uncha-muncha kishi bas kela olmasligiga koʻngillari toʻq ekanini namoyish etmoqchi.

Tafsilotlari videolavhamizda - nazardan qochirmang.

Bu kabi bahoni berarkan, Londondan Mudofaa masalalari boʻyicha xalqaro tahlilchi Pol Rojers Afgʻoniston hududining 40 foizga yaqini joriy paytda u yoki bu maʼnoda isyonchilar nazorati ostida ekaniga oid yaqinda eʼlon qilingan hisobot natijalariga eʼtibor qaratadi.

Afgʻoniston Tolibon harakati rahbari oʻtgan dam olish kuni oʻta hayratlanarli bayonot bilan chiqqan. Hibatullo Oxunzoda oʻzining jangarilari doxil qolgan afgʻonlarni ham koʻproq daraxt ekishga chaqirgan.

Bunaqasi esa, Afgʻoniston Tolibon harakatining qariyb chorak asrlik tarixida kuzatilmagan.

"Daraxt ekish va dehqonchilik qilish - ham bu dunyo, ham u dunyo saodati uchun juda kerakli amallardir", - deya bayon qilgan Hibatullo Oxunzoda oʻzining yakshanba kungi noharbiy bayonotida.

Xalqaro harbiy tahlilchi suhbatdoshimizga koʻra esa, bu kabi bayonoti qisman harakat siyosatidagi yangicha oʻzgarishga ham dalolat qiladi.

Yaʼni, Pol Rojers nazdida, Tolibon bu bilan oʻzlarining Afgʻonistonda potentsial boshqaruvchi kuch ekanliklariga oid tasavvur uygʻotmoqchi.

Taktikasini oʻzgartirib, oʻta siyosiy vajlarga asoslangan soʻnggi bayonoti bilan Afgʻonistonda asosiy oʻyinchi kuch ekanini namoyish etmoqchi.

Kutilmagan bayonot

Image copyright COURTESY

Soʻnggi bayonoti Afgʻoniston Tolibon harakatining bu yilgi bahorgi amaliyotlariga sanoqli haftalar qolgan bir manzarada kuzatilgan.

Harakatning har yil aprel oyida oʻzining bahorgi amaliyotlariga oid bayonoti bilan chiqishi soʻnggi yillarda odatiy tus olib ulgurgan.

Agar, Birlashgan Millatlar Tashkilotining yaqinda eʼlon qilgan hisobotiga tayanilsa, oʻtgan yil Afgʻoniston bu yaqin tarixidagi eng qonlilaridan biri boʻlgan.

Rekord sondagi - aksariyati tinch fuqarolardan iborat uch mingdan ortiq qurbon berilgan.

Xalqaro hisobotda xulosa qilinishicha, bunaqasi Afgʻoniston jang tajribasida 2009 yildan buyon kuzatilmagan.

Qurbonlarning uchdan ikki qismiga esa, aynan Afgʻoniston Tolibon harakati masʼul koʻrilgan.

Chorak foizchasi esa, Afgʻoniston xavfsizlik kuchlari va yoki ularga moyil jangchilar hissasiga toʻgʻri kelgan.

Rasmiy munosabat

Harakatning daraxt ekish toʻgʻrisidagi soʻnggi bayonotiga oʻzining munosabatini uzoq kuttirib oʻtirmagan Afgʻoniston prezidenti idorasiga koʻra esa, Tolibon shu yoʻl bilan ommani amalga oshirgan jinoyat va hujumlaridan chalgʻitib, aldamoqchi.

Ammo, eng qizigʻi, Tolibon harakati liderining bayonotidan bor-yoʻgʻi uch kun oʻtib, Afgʻoniston Qishloq xoʻjalik vazirligi butun mamlakat boʻylab millionlab daraxt oʻtkazishga oid oʻzining yillik kampaniyasini eʼlon qildi.

"Buni, taʼbir joiz, daraxtlar janggi, deb ham baholasa boʻladi. Chunki Afgʻoniston Tolibon harakati oʻzining bu kabi kutilmagan bayonoti va u yordamida bermoqchi boʻlgan ishorasi bilan afgʻon hukumatini shoshirib qoʻyganga oʻxshaydi. Xuddi shu bois ham, ularning munosabati tezkor boʻldi", - deydi Londondan xalqaro harbiy tahlilchi suhbatdoshimiz.

Unga koʻra, aynan jang jabhasidagi muvozanat nazarda tutilganda, afgʻon hukumati hozir oʻzlarining anchayin mushkul ahvolda ekanliklarini yaxshi biladi.

2001 yilda Tolibon tuzumini qulatib, orada kechgan vaqt davomida Afgʻoniston yetakchi kuchga ega boʻlgan AQSh yangi maʼmuriyati esa, halicha Afgʻonistonga oid oʻzining yangi siyosatini eʼlon qilmagan.

Afgʻoniston Tolibon harakati esa, oʻzining yaqinda yoʻllagan ochiq maktubida Amerika yangi prezidenti Donalьd Trampdan "oʻz qoʻshinlarini bitta qoʻymay olib chiqib ketish"ni soʻragan.

"Aks-holda, oʻz taʼbirlaricha, "urush qonuniy haqlari" boʻlishini bayon qilgandi.

Prezident Donald Tramp maʼmuriyati esa, hozircha Tolibonning ochiq xati va ularning bu kabi daʼvatiga biror bir rasmiy munosabat bildirmagan.

Aksincha, uning yangi harbiy mulozimlari va qoʻmondonlari tomonidan Afgʻonistondagi qoʻshinlari sonini jiddiy oshirishga oid chaqiriqlar yangragan.

Harakat avvalboshdan afgʻon tuprogʻida bitta xorijiy askar qolar ekan, oʻzlarining sulhu madoraga bormasliklarini takror va takror bayon qilib keladi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring