Qozogʻiston konstitutsiyasiga oʻzgartirishlar kiritildi

Qozog'iston parlamenti yig'ilishi Image copyright Getty Images

Qozogʻiston parlamentining ikki palatasi qoʻshma majlisida mamlakat konstitutsiyasiga oʻzgartirish kiritish maqsadidagi qonun loyihasini maʼqullangan.

Ushbu qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda qabul qilingan.

Yangi oʻzgartirishlar Qozogʻiston prezidenti ixtiyorida boʻlgan vakolatlarni parlament va hukumatga oʻtkazish bilan ularning rolini oshirishni koʻzda tutishi xabar qilinadi.

Qozogʻistonning yangi konstitutsiyasiga binoan hukumatga davlat dasturlarini tasdiqlash, moliyalashning yagona tizimini tasdiqlash, davlat byudjetidan moliyalanadigan barcha idora va tashkilotlar xodimlarining maoshlarini belgilash kabi huquqlar beriladi.

Qozogʻiston parlamentining quyi palatasiga esa vazirlar mahkamasi tarkibini shakllantirish, hukumat faoliyatini nazorat qilish uchun yanada koʻproq imkoniyat berilishi aytilmoqda.

Prezident Nursulton Nazarboyevning tashabbusi bilan Qozogʻistonda hokimiyat vakolatlarini prezident, hukumat va parlament oʻrtasida qayta taqsimlashga qaror qilingan.

2016 yil dekabrida Qozogʻiston rahbari bu haqda ilk bor eʼlon qildi va mamlakat bosh qonuniga oʻzgartirish kiritish boʻyicha komissiya tuzildi.

Image copyright Reuters

3 mart kuni parlament qoʻshma majlisida Prezident Nazarboyev bosh qonunni oʻzgartirish boʻyicha konstitutsiyada koʻzda tutilgan yoʻlni tanlashini aytgan.

Qozogʻiston konstitutsiyasi boʻyicha mamlakat prezidenti ushbu masalani umumxalq muhokamasiga qoʻyishi yoki qabul qilish uchun parlamentga yuborishi mumkin.

"Men parlament deputatlaridan imkoni boricha orqaga surmasdan, barcha protseduralar va bizning qonunlarimizga rioya qilgan holda qonun loyihasini koʻrib chiqishga chaqiraman. Davlat tizimining asosiy jihatlari oʻzgarmayotgani, ushbu islohot inson huquqlari va erkinliklariga daxl qilmayotgani sababli katta xarajatlar sarflab, inson resurslarini jalb qilib, jamiyatda siyosiy muammo va masalalarni yuzaga keltirib referendum oʻtkazishga ehtiyoj yoʻq", deb aytgan Prezident Nazarboyev.

Qozogʻistonning joriy konstitutsiyasi 1995 yilda qabul qilingan va unga bir necha marotaba oʻzgartirishlar kiritilgan.

Xususan, 1998 yili prezident muddati va vakolatlari, parlament aʼzolarining muddatlariga oid oʻzgartirishlar kiritilgan.

2007 yili ham Qozogʻiston konstitutsiyasiga oʻzgartirishlar kiritilgan, bu oʻzgartirishlar parlament aʼzolari sayloviga tegishli boʻlgan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq