Qozogʻiston diniy ekstremizm bilan qonunchilikni oʻzgartirib kurashmoqchi

Suriyada bir necha yuz qozogʻistonlik jang qilishi aytiladi Image copyright youtube
Image caption Suriyada bir necha yuz qozogʻistonlik jang qilishi aytiladi

Nursulton Nazarboyev mamlakatda diniy ekstremizm muammolarini bartaraf etish uchun qonunchilikni oʻzgartirishga topshiriq bergan. Inson haqlari faollari hukumat diniy ekstremizm bilan kurashish bahonasida dindorlarning huquqlarini poymol qilayotganini aytadi.

Prezident Din va fuqarolik jamiyati ishlari vaziri Nurlan Yermekbayev bilan uchrashgan.

Qozogʻiston Prezidenti matbuot xizmatining xabar berishicha, Nazarboyev uchrashuv davomida din va diniy tashkilotlar borasida olib borilayotgan davlat siyosatiga urgʻu bergan.

"Mamlakatimizda barcha diniy birlashmalarning faoliyat yuritishi uchun hamma sharoit yaratilgan, diniy eʼtiqod erkinligi kafolatlangan. Bu sohada xotirjamlikni saqlashimiz kerak. Shu bilan birga diniy ekstremizm masalalarini hal qilishimiz lozim, qonunchilikni qayta koʻrib chiqish kerak. Vazirlik oldida katta ishlar turibdi", - degan Nursulton Nazarboyev.

Qozogʻiston rahbari diniy sohadagi murakkab holatga eʼtibor qaratib, bu borada yaqinda tashkil etilgan vazirlik rolini alohida qayd etgan.

"Oldin bizda bunaqa vazirlik yoʻq edi. Diniy jamoatchilik, nodavlat sektor va yoshlar tashkilotlari bilan ishni yoʻlga qoʻyishda davom etish kerak", - degan u.

Din va fuqarolik jamiyati vaziri Nurlan Yermekbayev oʻzi boshqarayotgan sohada holat barqaror ekanligini aytgan.

Prezident matbuot xizmati xabarida aytilishicha, uchrashuv soʻnggida Prezident Nazarboyev vazirga bir qator aniq topshiriqlar bergan. Qanday topshiriqlar berilgani borasida hech narsa deyilmagan.

Nazarboyev diniy ekstremizm bilan bogʻliq muammolarni bartaraf etish uchun qonunchilikka qanday oʻzgartirishlar kiritishni nazarda tutgani maʼlum emas.

Eʼtiqod erkinligini cheklash evaziga ekstremizm bilan kurashilyaptimi?

Qozogʻistonda soʻnggi yillarda oʻzini diniy tashkilotlarga aloqadorlikda ekanligini aytgan shaxslar tomonidan qoʻporuvchilik harakatlari sodir etilgan.

2016 yilning yozida mamlakat gʻardi Oqtoʻba va sobiq poytaxt Olma otada boʻlgan otishmalar natijasida 19 kishi halok boʻlgan.

Hukumat hujum uyushtirganlarni noanʼanaviy radikal diniy oqim tarafdorlari ekanligini aytgan.

Mamlakat diniy ekstremizm bilan jiddiy kurashishga kirishganligi aytiladi. Prezident Nazarboyev bir necha yil hukumatni boshqargan Bosh vazir Karim Masimovni maxsus xizmatlar sohasida tartib oʻrnatish uchun Milliy xavfsizlik qoʻmitasiga rahbar qilib tayinladi.

Inson huquqlari himoyachilari hukumat diniy ekstremizm bilan kurashish bahonasida ekstremizmga aloqasi boʻlmagan va dunyoqarashlari Musulmonlar diniy idorasiga mos kelmaydigan dindorlar taʼqibga olinayotganini taʼkidlaydi.

Mamlakat oʻrta va oʻrta maxsus oʻquv yurtlarida musulmon qizlarning hijob oʻrashiga kiritilgan taqiq mana shunday choralardan biri sifatida koʻrsatiladi.

Dindorlar mamlakat hibsxonalarida qiynoqlarga tutilishini aytishadi.

Yaqinda Saudiya Arabistonidan Qozogʻistonga qaytarilgan oʻzbek millatiga mansub Janubiy Qozogʻiston viloyatidan boʻlgan diniy ulamo Abduxalil Abdujabbarov qamoqxonalarda qiynoqqa tutilishi mumkinligini aytgandi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq