General Motors Yevropani tark etmoqda

PSA kontserni avtomobillari Image copyright Getty Images

Frantsiyaning Pejo va Tsitroyen shirkatlariga egalik qiladigan PSA avtokontserni General Motorsning Yevropa boʻlimini 2,2 milliard Yevroga sotib olgan.

Bu General Motorsning Yevropadagi ishlab chiqarishini tark etishi deganidir.

AQShdagi avtogigant hisoblangan General Motors 1920 yillardan Yevropadagi ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlik qilib kelardi.

Shu paytgacha General Motors Europe Opel va Vauxhall brendlari sohibi hisoblanardi.

Opel hamda Vauxhallga egalikni qoʻlga kiritish bilan PSA Yevropadagi ikkinchi yirik avtokontsernga aylanadi.

Hozir qitʼadagi eng yirik ishlab chiqaruvchi Germaniyaning Volkswagen shirkati sanaladi.

Ikki yil ilgari Volkswagen avtomobillaridan chiqadigan zaharli gazlar miqdorini kamaytirib koʻrsatib kelgani bois katta janjal ostida qolgandi.

PSA avtokontserni Opelni sotib olishga qaror qilgani haqidagi ilk xabarlar shu yil fevralida tarqalgan edi.

Avtosanoat kasaba uyushmalari ushbu bitim Britaniyadagi Vauxhall zavodidagi ishchilar sonini qisqartirishga olib keladi degan xavotirdalar.

Vauxhallning ikki zavodida 4,5 mingga yaqin ishchi faoliyat yuritadi.

Opelning Germaniyadagi zavodlarida 35 ming ishchi band.

Biroq PSA avtokontserni rahbari Karlos Tavaresning aytishicha, General Motors Opel va Vauxhall shirkatlari xodimlariga qanday vaʼdalar bergan boʻlsa, PSA oʻsha majburiyatlarga sodiq qolish niyatida.

General Motors rahbari Meri Barra xonimning aytishicha, endi Opel-Vauxhallning kelajagi "beqiyos darajada muvaffaqiyatli" boʻladi.

Ushbu yangilik ortidan PSAning birjadagi aktsiyalari narxi 2 foiz qimmatlagan.

General Motors 2008 yili Janubiy Koreyada iqtisodiy mushkulliklarga duch kelgan DEU shirkatidan Uz-DaewooAuto shirkatini sotib olgan va GM Uzbekistan qoʻshma korxonasiga asos solgan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring