Mirziyoyevning saylovoldi vaʼdasi bajarilmadi

Pensionerlarga metroda tekin yurish vaʼda qilingandi Image copyright votpusk.ru
Image caption Pensionerlarga metroda tekin yurish vaʼda qilingandi

Toshkent metrosida pensionerlar bepul yurmaydi. Oʻzbekiston mulozimlari tomonidan tasdiqlangan nizomga koʻra, nafaqa oluvchilar shahar transportidan tekin foydalana olmaydi. Shu bilan Shavkat Mirziyoyevning Toshkent shahar saylovchilar oldida bergan vaʼdasi hozircha bajarilmadi.

Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi tomonidan tasdiqlangan shahar transportida bepul yuruvchi toifa nizomiga koʻra, pensionerlarga bunday imtiyoz berilmagan.

Kun.uz ning yozishicha, "Shahar yoʻlovchilar transportida (taksidan tashqari) ayrim toifadagi fuqarolarga bepul yurish huquqini beruvchi yagona guvohnomalarni berish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom"ga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgan va Adliya vazirligida roʻyxatdan oʻtkazilgan.

Shahar yoʻlovchi transportida bepul yurish huquqiga ega bulgan fuqarolar roʻyxatini har yil yakuni boʻyicha inventarizatsiya qilinishi va yil boshida ilova orqali yangilanishi aytiladi.

"Ushbu ilova bilan nafaqa oluvchilarga shahar yoʻlovchilar transportida bepul yurish huquqi berilmagan. Shahar yoʻlovchi transportidan (taksidan tashqari) bepul foydalanish huquqiga ega boʻlgan fuqarolarni toifalari oʻzgarmagan", - deyiladi kun.uz xabarida.

Oʻzbek matbuotining yozishicha, metroda maʼlum vaqt bepul yurish vaʼdasi prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev 2016 yilning 24 noyabr kuni Toshkent shahar saylovchilari bilan uchrashganda berilgan.

Mirziyoyev qariyalarni ijtimoiy himoya qilishga alohida eʼtibor qaratishini va "pensionerlarga soat 10:00 dan 16:00 ga qadar metropolitendan bepul foydalanish huquqi berilishi"ni aytgan.

"Mirziyoyev vaʼdasi soʻzsiz bajariladi"

Mirziyoye prezident etib saylanganidan keyin ham bu masala kun tartibida turganligini koʻrish mumkin.

"Novosti Uzbekistana" nashri 27 yanvar kuni Moliya vaziri oʻrinbosari Mubin Mirzayevga tayanib pensionerlarning jamoat transportidan tekin foydalanishiga imkon beruvchi qaror bir oyning ichida qabul qilinishini xabar bergandi.

"Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻzining saylovoldi dasturida pensionerlar uchun qatnovni bepul qilishga vaʼda bergan. Bu vaʼda soʻzsiz bajariladi. Hozirda tegishli hujjat ustida ishlayapmiz va u 20 kun mobaynida qabul qilinadi", deya Mubin Mirzayevdan iqtibos keltirilgan "Novosti Uzbekistana" sayti.

BBC ushbu masalaga oydinlik kiritish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan bogʻlandi. Vazir oʻrinbosari Mubin Mirzayev xizmat safari bilan Buxoroga ketganligi sabab izoh olishning imkoni boʻlmadi.

Vazirlik xodimi bu masalalar bilan vazirlik huzuridagi Pensiya jamgʻarmasi shugʻullanishini bildirdi.

Pensiya jamgʻarmasi huquqshunosi Shuhrat Dumanov pensionerlarning jamoat transportidan bepul yurishi toʻgʻrisidagi qaror tashabbusidan xabari yoʻqligini aytdi.

"Bu loyihadan mening xabarim yoʻq. Pensiya jamgʻarmasida qonunchilik tashabbusi yoʻq. Tashabbusni kim bergan boʻlsa ham bizga koʻrib chiqish uchun yuboradi. Menga bu borada hech qanday loyiha kelmagan. Kelsa koʻrib chiqib fikrlarimni aytishim mumkin", - deydi Shuhrat Dumanov.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring