Ukraina Rossiyani xalqaro sudga berdi

Ukraina harbiylari Image copyright AP
Image caption Ukraina sharqida janglar 2014 yil bahoridan buyon davom etmoqda

Gaagadagi Xalqaro Jinoyat mahkamasida Ukrainaning Rossiyaga qarshi daʼvosi yuzasidan sud jarayoni boshlangan.

Oʻz daʼvosida Ukraina Rossiyani Qrimni xalqaro qonunlarga zid ravishda anneksiya qilish va boʻlginchi qurollilarni noqonuniy moliyalashda ayblagan.

Ukraina oʻz tuprogʻida "terrorchilik amallarini sodir etgani uchun" Rossiyadan tovon puli talab qilmoqda.

Terrorchilik amallari deganda rasmiy Kiyev 2014 yil yozida Malayziya aviashirkatining MH17 uchogʻi urib tushirilganini ham nazarda tutgan, yoʻlovchi uchoq urib tushirilgani oqibatida 298 inson hayotdan koʻz yumgan edi.

Rossiya Ukraina sharqiga oʻz qoʻshinlarini yuborgani yoki qurol-yarogʻ bilan yordam berganini muntazam rad etib keladi.

Shuningdek, Malayziya uchogʻi urib tushirilishida qoʻli borligini ham Rossiya inkor etadi.

Ammo AQSh harbiylariga koʻra, Ukraina sharqida qurolli mojaro boshlanganidan buyon minglab Rossiya harbiylari u yerga yuborilganlar.

MH17 uchogʻi halokati sabablarini oʻrgangan komissiya samolyot isyonchilar nazorati ostidagi hududdan otilgan Rossiyada ishlab chiqarilgan raketa bilan urib tushirilgan, degan xulosaga kelgan.

Gaagadagi mahkama tinglovi boshlanishida ukrainalik huquqshunoslar Rossiyani "mamlakatning har qanday joyida Ukraina fuqarolariga oʻzlarini bexatar his etishlarini imkonsiz qilishda" aybladilar.

Huqushunoslar suddan Rossiyani toʻxtatish va tiyilishga majbur etishga chaqirganlar.

Ushbu jinoyat ishi Birlashgan Millatlar Tashkilotining aksilterror va aksiltahqir konventsiyalari doirasida ilgari surilgan.

Rossiya esa Gaagadagi Xalqaro Jinoyat mahkamasining bunday ishni koʻrib chiqishga vakolati bor-yoʻqligini savol ostiga olishga qaror qilgan.

Image copyright AFP/Getty
Image caption Huqushunoslar suddan Rossiyani toʻxtatish va tiyilishga majbur etishga chaqirganlar

Ukraina tomoniga koʻra, oʻzini Donetsk Xalq Respublikasi va Lugansk Xalq Respublikasi deb eʼlon qilgan hududlardagi qurolli guruhlarni qoʻllab-quvvatlash bilan Rossiya BMTning Terrorchilarni moliyalashga qaratilgan bitimini buzmoqda.

Shuningdek, Rossiya Qrim tatarlariga nisbatan yomon muomalada boʻlmoqda, Qrmi Tatarlarining Majlisi faoliyatini yarim orol hududida taqiqlagan.

Bu esa barcha turdagi irqiy tahqirlashlarni yoʻq qilishga qaratilgan xalqaro konventsiyaga ziddir.

Rossiya esa Qrimdagi rusiyzabon aholini kamsitishlardan himoya qilish maqsadida yarim orolni anneksiya qilganini aytadi.

Gaagadagi sudda ham Ukraina tarafiga va ham Rossiya tarafiga toʻrt kun muhlat berilishi koʻzda tutilgan.

Ukraina sharqida qurolli harakatlar boshlanganidan buyon 10000 dan ortiq inson hayotdan koʻz yumgan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring