Trampning yangi farmoni ham gʻazab bilan qarshi olinadi

Tramp farmoniga qarshi norozilik namoyishi Image copyright AFP
Image caption Prezident Trampning dastlabki farmoni katta noroziliklarga sabab boʻlgandi

Prezident Donald Trampning olti mamlakat fuqarolarining AQShga kirishlarini taqiqlovchi yangi farmoni ham inson huquqlari tashkilotlari va xalqaro hamjamiyat tomonidan gʻazabnok kutib olinadi, demoqdalar kuzatuvchilar.

6 mart kuni Prezident Tramp aholisining aksarini musulmonlar tashkil qiladigan Eron, Yaman, Liviya, Suriya, Somali va Sudan fuqarolarining AQSh hududiga kirishini 90 kunga taqiqlaydigan yangi farmonni imzolagan.

AQSh tomonidan qochqinlarni qabul qilish dasturi ham 120 kunga toʻxtatib turiladi.

Prezident Trampning yangi farmonida suriyalik qochqinlarni qabul qilish toʻliq taqiqlanishi haqida soʻz bormaydi.

Yangi hujjatning 16 martdan kuchga kirishi aytilgan.

Muxbirlarga koʻra, hoynahoy bu qadam Prezident Trampning birinchi farmonidan keyin Amerika aeroportlarida yuzaga kelganiga oʻxshash tartibsizliklar oldini olish maqsadini koʻzlagan.

Oʻzining saylovoldi dasturida musulmonlarning AQShga kirishini taqiqlashga vaʼda bergan Prezident Tramp yanvar oyi oxirida yetti mamlakat fuqarolariga taqiqni koʻzda tutgan farmonni imzoladi.

Bu farmonning shu zahoti kuchga kirishi xabar qilindi.

Biroq federal sud Trampning birinchi farmoni ijrosini toʻxtatib qoʻydi.

Image copyright AFP
Image caption Prezident Trampning farmoni amerikalik musulmonlarni gʻazablantirdi

Prezident Trampning birinchi farmonida AQSh Grin-kartasini qoʻlga kiritgan musulmon mamlakatlar fuqarolarining ham kirishi taqiqlangan edi.

Holbuki, Grin-karta oʻz sohibiga AQShda doimiy istiqomat qilish huquqini beradi.

Trampning ushbu farmoni BMT, inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari, ham AQSh va ham xorijdagi arboblar tomonidan keskin tanqidlar bilan kutib olindi.

Nyu-Yorkdagi federal okrug sudi AQSh aeroportlaridan AQSh vizasi bor migrantlarni chiqarib yuborish qaroriga vaqtincha taqiq kiritdi.

4 fevral kuni Sietldagi Federal sud Prezident Donald Tramp farmoni ijrosini butkul toʻxtatib qoʻydi.

Oradan bir hafta oʻtib San-Frantsiskodagi Appellyatsiya sudi quyi mahkama qarorini oʻz kuchida qoldirgan edi.

Birinchi farmonga Iroq ham kiritilgan edi.

Bu gal Oq Uy vakillariga koʻra, Iroq rasmiylari AQSh vizasi uchun ariza topshirgan shaxslarni tekshirishni kuchaytirgan va Amerika tomoni bilan maʼlumot almashishni faollashtirgan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq