Qozogʻistondagi turk litseylari Turkiyaga berilmaydi

Qozoq-turk litseylari "Bilim-innovatsiya litseylari"ga oʻzgartirilgan Image copyright Inform.kz
Image caption Qozoq-turk litseylari "Bilim-innovatsiya litseylari"ga oʻzgartirilgan

Qozogʻiston rasmiylari mamlakatda faoliyat yuritayotgan qozoq-turk litseylari Turkiya Taʼlim vazirligi tasarrufiga oʻtishi mumkinligi haqidagi xabarni rad etdi. Oldinroq Turkiya elchisi Nevzat Uyanik litseylar Turkiya hukumati boshqaruviga oʻtishi mumkinligini aytgandi. Qozoq tomoniga koʻra, litseylar nomi oʻzgargan va oldin qanday faoliyat yuritgan boʻlsa shunday ishlashda davom etadi.

Qozogʻiston taʼlim va fan vazirligi matbuot xizmati tarqatgan xabarda aytilishicha, 2 mart kuni Turkiyaning Qozogʻistondagi favqulotda va muxtor elchisi Nevzat Uyanik qozoq-turk litseylari Turkiya Taʼlim vazirligi boshqaruviga oʻtishi mumkinligi haqida gapirgan.

"KTL (qozoq-turk litseylari) "Bilim-innovatsiya litseylari"ga oʻzgartirilgan va Qozogʻiston taʼlim andozalari boʻyicha ishlamoqda. Qozogʻiston Taʼlim va fan vazirligi hamda Tashqi ishlar vazirligi bu borada qoʻshma bayonot bilan chiqadi. Hozircha shuni maʼlum qilamizki, qozogʻistonliklar ushbu xabardan (Turkiya elchisining bayonoti. BBC tahr.) xavotirga tushishmasin. "Bilim-innovatsiya litseylari" ishlayapti va ishlashda oʻzgarishlarsiz davom etadi", - deyiladi vazirlik xabarida.

Turkiya elchisi Nevzat Uyanik Qozogʻistonning baq.kz saytiga bergan suhbatida Qozogʻistonda faoliyat yuritayotgan turk litseylarining Turkiya hukumatiga aloqasi yoʻqligini va ushbu litseylar Turkiyada toʻntarish uyushtirishda ayblanayotgan Fethulla Gulenga tegishli ekanligini aytgan.

Elchi Turkiyada FETO nomi bilan mashhur ushbu guruh mamlakat taʼlim tizimini qoʻlga olib kelajakda davlat toʻntarishlari amalga oshirishi mumkinligidan xavotir bildirgan.

"FETO guruhiga qarshi choralarni birlashtirish borasida ikki davlat oʻrtasida yagona komissiya tuzish boʻyicha bir qarorga kelindi. Buning natijasida ikki mamlakatning tegishli idoralari maxsus ishga kirishishini kutayapmiz", - degan Nevzat Uyanik.

2016 yilning 16-17 iyul kunlari Turkiyada bir guruh harbiylar hokimiyatni qoʻlga olishga harakat qilgan edi. Turkiya hukumati ushbu toʻntarish harakatiga AQShda istiqomat qilayotgan Fethulla Gulen va uning izdoshlarini ayblab chiqdi.

Turkiya tomoni dunyoning turli burchaklarida Gulenga aloqador turk litseylarining ayrimlari yopilishi kerak degan talab bilan chiqdi.

Qirgʻiziston hukumati bunday talabni ochiqchasiga rad etdi va litseylar faoliyat yuritishda davom etmoqda.

Turkiyaning Qozogʻistondagi elchisi qozoq-turk litseylarini yopish talabi bilan chiqmadi. Ammo ushbu litseylarga nisbatan hukumat miqyosida chora koʻrilishi kerakligini aytdi.

Natijada litseylar qarashli boʻlgan "KATEV" xalqaro jamgʻarmasi oʻtgan yilning oktyabor oyida qozoq-turk litseylarini "Bilim-inovatsiya litseylari" deya oʻzgartirdi.

"KATEV" qaramogʻida 27 litsey bor. Ushbu litseylarda asosiy fanlardan turkiyalik oʻqituvchilar dars beradi.

Qozoq-turk litseylari Qozogʻistonda ancha mashhur va u yerda oʻqish pullik.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring