Inson huquqlari faoli Oʻzbekistonga kiritilmadi

Huquq faoli Oʻzbekistonga kiritilmadi Image copyright kun.uz

"Ezgulik" jamiyatining Fargʻona viloyat boʻlimi sobiq rahbari, Shvetsiyada istiqomat qilayotgan Rafiq Gʻaniyev Oʻzbekistonga kiritilmagan. Gʻaniyev 6 mart kuni Stokholmdan Toshkentga uchib kelgan. Biroq Oʻzbekiston fuqaroligidan chiqarilgan degan sabab bilan chegaradan oʻtkazilmagan.

"Ezgulik" jamiyati raisi Vasila Inoyatovaning BBCga aytishicha, hamkasbi uchib kelayotgani haqida unga xabar bergan.

"Shifoxonada boʻlganligim sababli kutib olish uchun oʻgʻlimni yubordim. Oʻgʻlim Rafiq akani juda yaxshi taniydi. Ammo Rafiq aka aeroportdan chiqmagan. U kishi bilan birga uchib kelgan turmush oʻrtogʻini Oʻzbekistonga kiritishgan", - deydi Vasila Inoyatova.

Inson huquqlari faoli vaziyatni oʻrganish uchun Toshkent xalqaro aeroporti pasport nazorati boʻlimiga borgan. U yerdagi masʼullar Rafiq Gʻaniyev Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan 2015 yili Oʻzbekiston fuqaroligidan mahrum qilinganini va bu haqda inson huquqlari faolining xabari boʻlganligini aytishgan.

"Pasport nazoratiga kirsam, ular bayonnoma tuzishgan ekan. Tanishib chiqdim. Unda, fuqaroligim yoʻqligini bilardim. Balki oʻtib ketarman, degan niyatda kelgandim, deb Rafiq akaning va yanganing gaplarini yozib qoʻyishibdi", - deydi Vasila Inoyatova.

"Ezgulik" jamiyati faolining aytishicha, Rafiq Gʻaniyev Oʻzbekistonning yangi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev chetdagi fuqarolarni qaytarishimiz kerak, degan gapiga ishonib Oʻzbekistonga qaytgan.

"Til va ish birligi boʻlishi kerak. Prezident shu gaplarni saylovdan oldin gapirdi. Prezidentning aytgan gaplari bilan amalda bir boʻlmayotganini keskin qoralayman. Oʻzbekiston virtual portalga yozish urf boʻldi. Lekin bu shikoyatlar 26 yil bu borada hech ish qilmagan odamlarning qoʻliga tushayapti. Ularning vazifasi esa ariza yozgan shaxsni chaqirib, mahalla orqali bosim oʻtkazib tushuntirsh xati yozib olish bilan yakunlanayapti, xolos".

Vasila Inoyatova Oʻzbekistonda Shavkat Mirziyoyev boshchiligida demokratik islohotlar oʻtkazilishiga ishonmasligini bildirdi.

Rafiq Gʻaniyev "Ezgulik" jamiyati tuzishda va uning Fargʻona viloyat boʻlimini yuritishda faol boʻlgani aytiladi. Hozir 63 yoshni qarshilagan Gʻaniyev 2006 yili Oʻzbekistonni tark etgan.

Vatanga qaytish ilinji

Oʻzbekistonni Islom Karimov boshqargan davrda koʻplab inson huquqlari faollari va dindorlar taʼqiblardan qochib vatanni tark etgan.

Karimov vafotidan soʻng hokimiyat tepasiga kelgan Shavkat Mirziyoyev oʻzining chiqishlari va xalq dardini tinglash kerakligi borasidagi gaplari bilan chetda qochqinlik maqomini olgan oʻzbekistonliklarda umid uchqunlarini yoqqandi.

Ayrimlar bu borada Shavkat Mirziyoyevga virtual portal orqali murojaat qilishganini va Oʻzbekistonga qaytish onlari juda yaqinligini aytishgan edi.

Baʼzi muxolifat va inson huquqlari faollari yangi Prezidentdan islohotlar kutishayotganini va bu vaqt oraligʻida Shavkat Mirziyoyev tomonidan yoʻl qoʻyilayotgan xato-kamchiliklar haqida gapirmay turishlikni afzal bilishini bildirishgandi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring