IShID Qobuldagi harbiy shifoxonaga hujum qildi

Afgʻon harbiylari tikuchar bilan shifoxona tomiga qoʻnishgan Image copyright Reuters

Shifokor kiyimidagi jangarilar Qobuldagi eng katta harbiy shifoxonaga hujum qilgan. Afgʻoniston mudofaa vazirining aytishicha, janglar davom etmoqda. Kamida bir kishining halok boʻlgani aytilmoqda, biroq ularning soni ortishi mumkin. Hujumni IShID oʻz zimmasiga olgan.

Afgʻoniston maxsus kuchlari hujumga uchragan Sador Daud nomidagi shifoxona tomiga tikuchar orqali qoʻngan va jangarilarga qarshi amaliyot olib bormoqda.

Mahalliy matbuotning yozishicha, Tolibon ushbu hujumga masʼul emasligini aytib chiqqan.

Prezident Ashraf Gʻani 400 oʻrinli shifoxonaga qilingan hujumni "butun insoniy qadriyatlarni toptash" deb qoralagan.

"Barcha dinda shifoxonalar hujumlardan holi joy sifatida koʻriladi, unga hujum qilish butun Afgʻonistonni nishonga olish bilan teng", degan u.

Hujumlar mahalliy vaqt bilan ertalabki soat 9:00 da boshlangan. Jangarilardan biri shifoxonaning AQSh elchixonasiga yaqin boʻlgan janubiy darvozasini portlatgan. uning ortidan uch hujumchi bino hovlisiga kirgan.

Ular shifoxonaning 2chi va 3 chi qavatlariga kichik qurollar va granatalar bilan kirib borishgan va otishni boshlashgan.

"Oq xalat kiyib olgan xudkush hujumchining menga qarab oʻt ochganini koʻrdim. Men zinadan sakrab tushdim, u hamkasblarimga qarab oʻt ochdi", - deydi hujumlardan qutilib qolgan shifokor Abdul Qodir.

"Hujumchilar haliyam binoning ichida. Duo qilinglar", - deb yozgan shifoxonaning yana bir xodimi Facebook da.

Mudofaa vaziri mulozimining aytishicha, hujumchilardan biri oʻldirilgan, qolganlari zina va vannaxonalarga yashirinib olgan.

Bemorlar binodan chiqarib olingan. Kamida 54 odam jarohat olgan, ularning aksariyati shifoxona xodimlari ekanligi aytilmoqda.

IShID Afgʻonistonda 2015 yildan beri faollasha boshlagan va bir necha hujumlarga javobgarlikni oʻz zimmasiga olgan.

Guruh oʻtgan oy 22 kishining umriga zomin boʻlgan Qobuldagi Oliy mahkamaga qilingan xudkushlik hujumini oʻz boʻyniga olgan.

Guruhning Afgʻoniston va Pokistonda faoliyat yuritadigan Xuroson boʻlimi iiki davlatda ham janglar sonini orttirgan.

Tolibon ham Qobulda 16 kishi oʻlimiga sabab boʻlgan hujumni oʻz zimmasiga olgan va bahorgi hujumlari boshlanganini eʼlon qilgandi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring