Sitora: "Oʻlimimga roziman, faqat..."

Afgʻon ayoli Image copyright COURTESY

"...Faqat yuragim shu qizlarimga kuyadi. Mening na savodim bor, na ishim va na-da uyim. Faqat namozimni bilaman. Dunyoning nimaligidan xabarim yoʻq, oʻlimimga roziman..."

Tafsilotlari videolavhamizda - nazardan qochirmang.

"Xotin-qizlar kuni qaysi va yoki Onalar kuni qachon?..Hech biridan xabarim yoʻq. Toʻrt devor orasida qamalib qolgan odamman. Mendan na biror bir kimsa xabar oladi va yoki qoʻngʻiroq qilib, holing nima, demaydi?.."

Bu - toʻrt farzandning onasi boʻlmish 27 yoshli Sitora. Qoʻshni Afgʻonistonning gʻarbiy Hirot viloyatida istiqomat qiladi.

U bundan toʻrt yilcha avval oʻz eri tomonidan shafqatsiz zoʻravonlikka duchor boʻlgan.

Giyohvand modda uchun qizalogʻini sotishga izn bermagani sabab, bangi eri farzandlarining koʻz oʻngida Sitorani kaltaklab, pichoqlab, burun va labini kesib tashlagan.

Sitoraning 8 mart - xalqaro Xotin-qizlar kuni munosabati bilan BBC Oʻzbek Xizmatiga bergan suhbatida aytishicha, oradan shuncha yil oʻtib ham, zoʻravon eri hanuz qoʻlga olinmagan, ochiqda, qochib yuribdi.

"Hozir Hirotdami va yoki boshqa yerda, bilmayman. Ozodlikda ekani bois, qoʻrqqanimdan uydan tashqariga chiqolmayman. Qizlarimni ham biror joyga olib bormayman. Sheriklari bilan kelib, ularni bir narsa qilib qoʻyishidan qoʻrqaman", - deydi Sitora.

Kechmish

Image copyright COURTESY

Uning aytishicha, oʻsha mudhish hodisa ortidan toʻrt farzandi bilan birga hanuz onasining uyida istiqomat qilishadi.

Orada qator nohukumat tashkilotlarining koʻmagida avval Turkiya, soʻngra Ispaniya va Amerikada plastik jarrohlik amaliyotlarini oʻtkazgan.

Ammo, Sitoraning aytishicha, burni va labini tiklashga qaratilgan bu amaliyotlar yaxshi chiqmagan, yuzini yanada buzib qoʻygan.

"Xudodan oʻzga madadkorim yoʻq. Aka-ukalarim ham gʻarib, nochorlikda kun koʻrishadi. Ularga ortiq malol kelmaslik uchun boshqa yerga chiqay desam, pulim yoʻq. Davlat idoralariga koʻmak soʻrab, bosh urib ham koʻrdim. Ammo, mana, ikki haftadirki, urinishlarim samarasiz. Shunga yordam beray, degan odam yoʻq", - deydi Sitora.

Agar, oʻzining soʻzlariga tayanilsa, Sitora butkul savodsiz, biror bir yerda tahsil olishga ulgurmagan.

Bor-yoʻgʻi 7 yoshda ekan, uydagilari tomonidan otasi tenggi, oilali va farzandli boʻlgan bangi bir erkakka 20000 afgʻoniy (hozirgi hisob-kitoblarda qariyb $300 AQSh dollari)ga sotilgan.

"Qaniydi, 8 martga oʻxshagan kunlar bahona jabr koʻrgan, qaygʻu-gʻam chekkan afgʻon ayollariga ham hurmat koʻrsatilsa, eʼtibor qaratilsa edi...Ammo bizga oʻxshagan ayollarga hech kim diqqat qilmaydi, shunday ekan, buning nima foydasi bor?", - deydi Sitora.

Suhbatdoshimizning aytishicha, ovozlarini chiqarishga jabrdiyda ayollar oʻzlarining jurʼatlari yetishmaydi. Shu bois ham, saslari toʻrt devor orasida qolib ketadi. Hech kimning undan xabari boʻlmaydi, davlat ham eʼtibor bermaydi.

"Agar, Afgʻoniston davlati haqiqatan ham bir davlat boʻlib, zoʻravonlarni oʻzlari sodir etgan jinoyatlari misol jazolagan, deylik, labini kessa edi, boshqalar koʻrib, bu ishga ortiq jurʼat qila olishmasdi. Bu - mening fikrim".

"Bu dunyodan, bu hayotdan hech nima koʻrmadim. Qizlarimni oʻzimdek boʻlishlariga ruxsat bermayman", - deydi hirotlik suhbatdoshimiz Sitora eng soʻnggida.

Zoʻravonlik va zoʻravonlar

Image copyright SOCIAL MEDIA

Yangi milliy birdamlik hukumati qudratga kelgan va katta sondagi Gʻarb boshchiligidagi ittifoq qoʻshinlarining safarbarligi ortidan kechgan soʻnggi ikki yil ichida esa, butun Afgʻoniston boʻylab afgʻon xotin-qizlariga qarshi bu kabi shafqatsiz zoʻravonlik hollari keskin ortgan.

Hozirga kelib, jabrdiyda ayollarning oʻzlari ham boshlariga tushgan koʻrguliklar haqida koʻproq gapira boshlashgan.

Shu bois, bu kabi zoʻravonliklar ommaviy-axborot vositalarida ham oʻz aksini topmoqda.

Biroq, tahlilchilarga koʻra, haliyam koʻplab maishiy zoʻravonlik hollari toʻrt devor orasida qolib ketadi.

Ayrim jabrdiydalar esa, bu haqda, hatto, miq etib ogʻiz ochishga qoʻrqishadi.

Boshqalari esa, politsiya va adliya tizimiga ishonishmaydi.

Shu bois ham, qanchalik ogʻir boʻlmasin, oʻz dardlarini ichlariga yutishni maʼqul koʻrishadi.

Shu yaqin yillar ichida ayrim jabrdiyda ayollar chetda oʻz burun va lablarini tiklab, qaytishga ham muvaffaq boʻlishgan.

Ularga Afgʻonistondagi turli nodavlat tashkilotlari va guruhlar moliyaviy koʻmak berishgan.

Maishiy zoʻravonliklar hanuz Afgʻoniston toʻqnash kelib turgan uchta asosiy muammodan bittasi.

Afgʻonistonda "Xotin-qizlarni maishiy zoʻravonliklardan himoya etish toʻgʻrisida"gi qonun 2009 yilda qabul qilingan.

Ammo, qariyb ikki yildirki, yangi tahrirdagisi parlament muhokamasidan oʻta olmay keladi.

Ustiga ustak, hozir Tolibon doxil turli isyonchi guruhlar qayta faollashgani kuzatiladi.

Bu esa, shundoq ham qaltis ahvolda boʻlgan afgʻon xotin-qizlarini yanada mushkul ahvolda qoldirgan.

Mahalliy faollarga koʻra, butun mamlakat boʻylab qonun ustivorligi taʼminlansa, odamlarning huquqiy savodxonligi oshirilsa va nochorlikka barham berilsa, bu kabi dahshatli jinoyatlarning oldini olish mumkin boʻladi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring