"Gullar - gulzorga, huquqlar - ayollarga"

Toshkentda yoʻl harakati xavfsizlik xodimlari gul tarqatgan Image copyright Toshkent shahar IIB
Image caption Toshkentda yoʻl harakati xavfsizlik xodimlari gul tarqatgan

Olma ota shahrida 8 mart kuni KazFem feministlar tashkiloti 10 daqiqalik marsh oʻtkazgan. Guruh bu kun bayram emas, ayollarning muammosiga eʼtibor qaratiladigan kun sifatida oʻtishi kerakligini aytmoqda.

Shahardagi yoʻlovchilar oʻtadigan koʻprikka "Gullar - gulzorga, feminizm - ayollarga" degan plakat ilib ketilgan.

KazFem faoli Veronika Fonovaning Tengrinews.kz saytiga aytishicha, 8 mart kunini nishonlash avval boshida koʻzlangan maqsaddan chiqib ketgan. Bugungi kunda erkaklar va masʼul idoralar ayollarni bir gul bilan aldab qoʻymoqda.

"Bu anʼanani tiklamoqchimiz. 8 mart - bu ayollarning ishda va koʻchada kamsitishlarga qarshi va teng huquqlilik uchun kurash kunidir", - degan u.

Image copyright AFP
Image caption Olma otada yoʻlovchilar oʻtadigan koʻprikka "Gullar - gulzorga, feminizm - ayollarga" degan plakat ilib ketilgan

Xalqaro xotin-qizlar kuni Oʻzbekistonda ham keng nishonlandi. Mukofotlar berildi. Qoʻshiqlar kuylandi. Majlislar uyushtirildi, sovgʻalar ulashildi. Ammo, Qozogʻistondagi feminitslar tomonidan koʻtarib chiqilgan talqin Oʻzbekiston uchun ham mos kelishini koʻrish mumkin.

Aksariyat holatlar hali ayollar huquqini tiklash borasida qilinadigan ishlar koʻpligini, bayram qilib oyoqni choʻzishga ertaligini koʻrsatayotgandek.

Inson huquqlari faoli Bahodir Eliboyevning aytishicha, oʻtgan bir yilning ichida birgina Rishton tumanidan 20 dan ortiq ajrashgan ayol aliment pullarini undirish uchun yordam soʻrab murojaat qilgan.

"Er ajrashib Rossiyaga ketib qolgan, bolasi uchun bir soʻm ham bermaydi. Huquq tartibot idoralari ham bu borada hech narsa qilolmaydi. Yoki boshqa bir holatlarda farzandiga nafaqa bermaslik uchun biror idoraga nomiga qorovul boʻlib past maosh bilan ishga kirgan. 200 ming soʻmlik oylikning 40 ming soʻmini aliment sifatida toʻlaydi. 40 ming nimaga yetadi", - deydi u.

Huquqbonning aytishicha, yordam soʻrab murojaat qilgan 20 ayolning birortasiga ham amaliy yordam bera olmagan.

"Hammasi yana oʻz muammosi bilan qoldi. Yashash uchun, bolasini katta qilish uchun boshqa choralarni koʻrishga majbur. Yaxshiyam Rishton tumanida kulol hunarmandlar bor. Ayrimlar kulollarga yordam berib tirikchilik qiladi. Ichida ilojsizlikdan nojoʻya yoʻllarga kirib ketganlari ham bor", - deydi Eliboyev.

Huquq faoli nojoʻya yoʻllarga kirib ketgan deganda, fohishalikni nazarda tutayapti.

Bu Oʻzbekistondagi bitta tumandagi holat. Butun mamlakat miqyosida olsangiz yaxshigina raqam vujudga keladi.

Ajralishlar muammosi butun respublika boʻylab katta muammoga aylanganligini mulozimlar ham eʼtirof etishadi. Hatto Toshkent shahar hokimi ajrashganlarning nomini televideniyega olib chiqib sharmanda qilish taklifigacha bergandi.

Biroq mulozimlar ajrashgan ayollarning haq-huquqlari toptalayotgani, ular farzandlari bilan muammolar girdobiga oʻz holicha tashlab qoʻyilganiga eʼtibor qaratishmaydi.

Ishxonalarda ayollarga nisbatan past nazar bilan qarash va hattoki erkak va ayol maoshlar oʻrtasida farqqa nazar solish mumkin.

Yoki armiyada sadoqatini namoyish qilgani uchungina qoʻshimcha ballar bilan oʻqishga kirayotgan, faqat ayol boʻlgani uchungina bunday imtiyozlar soyasida oliy oʻquv yurtiga kirolmayotgan qizlarning huquqlari toptalayotgani aytiladi.

Oʻzbekistonda ayollar rostdan ham azizmi?

Ayrim tabriklar "aziz ayollar" deb boshlanadi. Ammo bu jumlani shubha ostiga olish mumkin.

"Aziz boʻlsa, farzandlari, erini tashlab Qozogʻiston va Rossiyada mahalliy ayollar qilishga or qiladigan ishlarni qilib yurishga majbur boʻlarmidi", deydi suhbatdoshlarimizdan biri.

Image copyright Social media
Image caption Ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan bu suratda Markaziy Osiyoda ayollarga munosabat aks etgan

"Hamqishlogʻim juda qiynalib ketdi. Keyin surishtirib Qozogʻistondan choʻponlar qoʻlida ish topdi. Eri bolalar bilan uyda qoladi, u oylab choʻponlarning ovqatini pishirish va kirini yuvish uchun Qozogʻistonga ketadi. Qozoqlar qoʻy soʻyishsa, ichki yogʻlarni ishlatmasdan tashlab yuborarkan ekan. Bir ikki andisha qilib soʻrolmabdi, keyin men kuydirib olsam boʻladimi deb soʻrabdi. Endi har kelishida 5 litrlik baklashkada kuydirilgan ich yogʻ ham olib kelayapti", - deydi jizzaxlik suhbatdosh.

Oʻzbekistonda boshqa sobiq shoʻro davlatlarida boʻlgani kabi, ayollarning muammosini koʻtarib, ularning yerga urilayotgan qadrini tiklashga harakat qilinadigan kunda uni davlat siyosati darajasida bayramga chiqarilganini koʻrish mumkin.

Oʻzbekistonning oldingi Prezidenti Islom Karimovning agar 8 mart boʻlmaganda bu bayramni albatta taʼsis etardik, maʼnosidagi gapini hozir davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev ham takrorladi.

Ayrimlar, bu ketishda agar Oʻzbekistonda ayollarning huquqiga eʼtibor qaratish uchun yana bir kun belgilansa, muammolarni koʻtarish qolib uni ham bayram qilingan boʻlardi, deyishadi.

Chunki ajrashgan ayollarning huquqini tiklash, oʻzga yurtlarga ishlashga ketishga majbur boʻlayotganlarga yaxshi sharoit yaratish mushkul. Yoki Oʻzbekistonda arzimagan pulga asosiy ishiga qoʻshimcha ravishda, dehqonning paxtasini yetishtirib terib berayotgan oʻqituvchi va shifokor ayollarning huquqini tiklashdan koʻra bayram tashkil qilish ancha qulaydir.

Baʼzilarga koʻra, koʻchalarda Yoʻl harakati xavfsizlik xodimlari oʻz ishlari qolib ayol haydovchilarga gul tutqazib yurishi ham jozibali, ham kamchiqim. Davlat byudjetidan pul olayotgan, vazifasi boshqa boʻlgan xodimlardan ayollarni tabriklashda foydalaniladi. Gul olgan ayollar xursand, Ichki ishlar vazirligi idora obroʻsini orttirgan, ijtimoiy tarmoqlarda "mana bizda ham boʻlarkan-ku", degan fikrlarga sabab boʻlgan.

350 ming soʻm maosh olib topganini bu oydan keyingi oyga yetkaza olmayotgan ayol bir voqeani aytadi.

"Birinchi sinfda oʻqiydigan oʻgʻlim, dadasidan oʻzimga kerak deb pul soʻradi. Dadasi bergan pulga maktabdan qaytishda bir dona gul koʻtarib kelibdi. Eʼtiboridan koʻzimga yosh keldi".

- Oʻquvchilarni ota-onaga mehrli boʻlib oʻsayotgani yaxshi, ammo maktablarda 8 mart koʻproq bayram emas, balki ayollarning muammolariga eʼtibor qaratiladigan kun ekanligini oʻrgatish kerakka oʻxshaydi. Oʻrgatish kerakki, ertaga maktabni bitirib oʻzi pul topa boshlasa bizlarga oʻxshab ayollarni bir dona gul bilan aldab qoʻymasin, - deydi yana bir oʻzbekistonlik.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring