Germaniya elchisi O'zbekistonni tezroq konvertatsiyani ochishga chaqirdi

Image copyright Gazeta.uz
Image caption Naytxart Xyofer-Vissingga ko'ra, O'zbekiston ertami,kechmi, konvertatsiyani ochishi kerak bo'ladi.

Germaniyaning Toshkentdagi elchisi Naytxart Xyofer-Vissingning so'zlariga ko'ra, iqtisodiy qonunlar ham tabiat qonunlariga o'xshaydi.

"Ularga uzoq vaqt amal qilmaslik mumkin emas", - degan elchi.

Germaniyaning O'zbekistondagi yuqori martabali diplomati bu haqda Gazete.uz nashriga bergan intervyusida gapirgan.

Uning so'zlariga ko'ra, O'zbekistonda xorijiy sarmoyadorlar yuz tutayotgan asosiy muammo konvertatsiya muammosidir.

"Men vaziyatni bir kunda o'zgartirib bo'lmasligini juda yaxshi tushunaman. Jarayon murakkab bo'ladi, ehtimol hatto og'riqli bo'lar. Ammo iqtisodiy qonunlar xuddi tabiat qonunlari kabi, ularga uzoq vaqt amal qilmaslik mumkin emas. Bu xuddi Erning tortishish kuchi singari-olma baribir tushadi", - deb aytgan Germaniya elchisi.

Naytxart Xyofer-Vissingning aytishicha, konvertatsiya muammosining hal etilishi "hamma uchun muhim".

Ayni paytda O'zbekiston Ishlab chiqaruvchilar va Tadbirkorlar Palatasi rahbari Alisher Shayxov mamlakatda valyuta islohotiga tayyorgarliklar ketayotganini aytgan.

Uning Sputnik agentligi muxbiriga aytishicha, hozirda bozor kursiga "qanday o'tish masalasi" muhokama qilinmoqda.

"Albatta, bu ma'lum vaqtni talab qiladi, barcha risklarni hisobga olish kerak", - degan mulozim.

Ammo u yagona valyuta kursiga qachon o'tilishini aytmagan.

O'zbekiston sobiq sovet hududida xorijiy valyutaning qora bozori hanuz amal qiladigan yagona davlat hisoblanadi.

Shu kunlarda AQSh dollarining ham rasmiy va ham norasmiy kursi sezilarli darajada ko'tarilgan.

Bu ko'tarilish, alal-oqibat valyuta kurslarini tenglashtirishga olib boradimi, yo'qmi, noma'lum.

Markaziy Bank shu oy yangi, 10000 so'mlik pul muomala kiritilishini e'lon qilgan.

Tahlilchilarga ko'ra, bu o'zbek so'mi hali-beri denominatsiya qilinmasligidan darak beradi.

G'arblik diplomatlarga ko'ra, Prezident Mirziyoev o'zi e'lon qilgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish uchun yirik xorijiy sarmoyalarni jalb etishi kerak bo'ladi.

Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring