Amerika Urlayeva va Farmonovga munosabatdan norozi

Yelena Urlayeva va Aʼzam Farmonov

Oʻzbekiston rasmiylari tomonidan bir inson haqlari faolining ushlangani, yana bir faolning qamoq muddati uzaytirilgani Amerika Qoʻshma Shtatlari tanqidiga sabab boʻldi.

AQSh Oʻzbekiston hibsxonalarida ushlab turilgan oʻzgacha fikrlovchi faollarning ozod etilganini olqishlash bilan birga rasmiy Toshkentni fuqarolik jamiyati vakillariga nisbatan yanada koʻproq toqatlilik namoyon etishga chaqiriq bilan chiqqan.

Mart oyining ilk kunlarida oʻzbekistonlik taniqli inson huquqlari himoyachisi Yelena Urlayevaning oʻz ixtiyoriga qarshi yana Toshkentdagi ruhiy shifoxonaga yotqizilgani maʼlum boʻldi.

Shuningdek, "Jasliq" qamoqxonasida 11 yildan buyon saqlanayotgan sirdaryolik inson huquqlari himoyachisi Aʼzam Farmonovning qamoq muddatini yana uzaytirish haqida Qoraqalpogʻiston Oliy sudi qaror chiqardi.

AQSh elchixonasining shu kunlarda eʼlon qilgan bayonoti Yelena Urlayeva va Aʼzam Farmonovlarga bagʻishlangan.

"AQSh elchixonasi oʻtgan hafta jurnalist Jamshid Karimov ozod etilganini olqishlaydi. Bu yangilik Muhammad Bekjonov va boshqa uzoq muddat hibsda ushlangan mahbuslarning ozodlikka chiqarilishi ortidan yuz berdi. Bunday ijobiy qadamlar kelgusida ham ozodlikka chiqarishlar davom etishiga va, umuman olganda, fuqarolik jamiyatiga yanada bagʻrikenglik bilan munosabatda boʻlishga ishora qilmoqda", deyiladi AQSh elchiligi eʼlon qilgan bayonotda.

Biroq ikki faolga nisbatan boʻlgan munosabat Amerika tomonining umidlariga soya solgani taʼkidlangan bayonotda.

"Shu bois, boshqa huquq faollari, xususan Yelena Urlayevaning ushlanishi va Aʼzam Farmonovga berilgan qamoq muddati uzaytirilishining oʻz kuchida qolgani eʼtimodimizni pasaytirdi. Kelgusi harakatlar mamlakat qonunlari va xalqaro andozalarga muvofiq kelishini taʼminlash maqsadida biz hukumatni insoniy oʻlchamlar masalasida oʻzining ijobiy qadamlarini yanada mustahkamlashga chaqiramiz", deb yozilgan bayonotda.

Oʻzbekiston paxta dalalarida majburiy mehnat holatlarini muntazam qayd etib kelgan Yelena Urlayevaning ushbu masala boʻyicha xalqaro uchrashuvda qatnashishi rejalangan boʻlgan.

Internetda eʼlon qilingan videoda Yelena Urlayeva militsiya xodimlari tomonidan qanday ushlangani, kaltaklangani va Toshkentdagi ruhiy shifoxonaga olib kelingani haqida hikoya qilib bergan.

Yelena Urlayeva 2001 yili, 2005 yili, 2012 va 2016 yillari ham majburan psixiatriya kasalxonasiga yotqizilgan.

Internetda Yelena Urlayevani ozod qilish talabi bilan onlayn-petitsiyaga imzo toʻplash boshlangan.

2006 yili qoʻlga olinib mahkama tovlamachilikda aybdor deb topgan 39 yoshli Aʼzam Farmonov 9 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

2015 yilgi mahkama inson huquqlari himoyachisining jazo muddatini 5 yil 26 kunga uzaytirishga qaror qilgan.

Aʼzam Farmonovni qamoqxona ichki tartibini buzishda ayblashgan, ushbu ayblov Oʻzbekiston qamoqxonalarida saqlangan faollarni ozodlikka chiqarmaslik vaji boʻlib kelgan.

Rasmiy Toshkent Yelena Urlayevaning yana ruhiy shifoxonaga joylashtirilgani va Aʼzam Farmonovning qamoq muddati uzaytirilgani borasida hozircha bayonot bergani yoʻq.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring