BMT inson huquqlari borasida Oʻzbekistonni maqtadi

BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Zeyd Raʼad al-Husayn Image copyright UN

BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Zeyd Raʼad al-Husayn inson huquqlari borasida ahvolni oʻnglashga qaratilgan choralarni eʼtirof etgan. Unga koʻra, Oʻzbekistonda sudlar toʻgʻrisida qabul qilingan qonunlar amal qilsa ijobiy oʻzgarishlarni kutish mumkin.

BMT radiosining xabar berishicha, Zeyd Raʼad al-Husayn dunyoda inson huquqlari ahvoli boʻyicha yillik hisobotda Oʻzbekistonni iliq soʻzlar bilan eʼtirof etgan.

BMT Oliy komissariga koʻra, Oʻzbekistonning yangi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev adliya tizimi samaradorligini oshirish, adolatli va mustaqil mahkama jarayonlarini taʼminlash yoʻnalishida qonunlar qabul qilmoqda.

"Juda ham yaqinda, oktyabrda qabul qilingan huquq sohasida islohotlar toʻgʻrisida qonunda adolatli mahkama jarayoni shartlari ham keltirib oʻtilgan. Ushbu qonunning bajarilishi - Oʻzbekiston xalqi manfaati uchun ijobiy oʻzgarishlarga xizmat qilishi mumkin", - degan Zeyd Raʼad al-Husayn.

BMT masʼulining taʼkidlashicha, qabul qilingan qonunlarning natijasi ayrim mahbuslarning, jumladan jurnalist Muhammad Bekjonning hibsdan ozod qilinishiga sabab boʻlgan.

BMTning inson huquqlari boʻyicha Oliy komissarligi har yili mart oyining birinchi oʻnligida dunyodagi inson huquqlari borasidagi hisobot bilan chiqadi.

Shu vaqtgacha qilingan hisobotlarda Oʻzbekistondagi ahvol salbiy baholanib kelingan.

2016 yilgi hisobotda aytilishicha, Oʻzbekiston huquqlarini yaxshilash borasida yaxshigina rejaga ega boʻlsa-da, bu sohada ahvol nochorligicha qolmoqda.

"Idoram qiynoqlar, noinsoniy munosabat, asossiz hibsga olishlar, soʻz erkinligining yoʻqligi, jamoat faollari, jurnalistlar va muxolifatga nisbatan taʼqiblar borasida xabarlar olishda davom etmoqda", - degandi BMTning inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Zeyd Raʼad al-Husayn 2016 yil 11 martda chiqarilgan hisobotda.

Oʻzbekistonning ichidagi inson huquqlari faollari prezident almashgandan beri bu sohada ahvol biroz oʻzgarayotganini, ammo aytarli natija yoʻqligini aytishadi.

Rishtondan inson huquqlari faoli Bahodir Eliboyevning BBCga aytishicha, Karimov davrida u ishlagan tashkilot faoliyati amalda toʻxtatib qoʻyilgan va ular odamlarning huquqlarini mahkama va huquq-tartibot idoralarida himoya qilib chiqa olmagan.

"Hozir yangi Prezident biz kabi ison huquqlari tashkilotlarining jamiyat hayotiga aralashinii koʻrib chiqayapti, deb eshitdik. Agar faoliyatimiz qonuniylashtirilsa, mahkama va boshqa idoralarda odamlarning huquqlarini himoya qila olamiz", - deydi Bahodir Eliboyev.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq