Rossiya: 'Haj uchun migrantlarga ham ruxsat bering'

Каъба Image copyright COURTESY

Rossiyadan olingan xabarlarga ko'ra, joriy yilda 20500 ta musulmon muqaddas Haj ziyoratini ado eta olishadi.

Bu - 2015 yilgi raqamlardan qariyb 10 mingtaga ko'pdir.

Tafsilotlari videolavhamizda - nazardan qochirmang.

Rossiya Muftiylar Kengashi vakilining bayon qilishicha, o'zlariga beriluvchi Haj kvotasini avvalgi - bundan to'rt yil burungi miqdorga qaytargani uchun Saudiya Arabistonidan nihoyatda minnatdorlar.

Kengash rahbari birinchi muovini Rushan Abbyasovning bu so'zlari Saudiya Arabistoni Haj va Umra ishlari bo'yicha vaziri Muhammad Bantan bilan yaqinda bo'lib o'tgan uchrashuvi chog'ida yangragan.

Tomonlar ziyoratchilar uchun ko'zda tutilgan qo'shimcha to'lov miqdorini kamaytirish barobarida, Rossiyada bo'lgan xorijiy fuqarolarga ham Haj vizasi berilishi masalasini muhokama etishgan.

O'zbekistondagi ayrim internet nashrlarining raisi Ravil Gaynuddinga tayanib xabar berishlaricha, Rossiya Muftiylar Kengashi Saudiya Arabistoni tomonidan o'zlariga berilgan kvota doirasida markaziy osiyolik migrantlarga ham Haj ziyoratini ado etishlariga izn berishlarini so'ragan.

Ayon bo'lishicha, Saudiya arabistonilik mas'ullar o'zlarining bu so'rovlariga tushunish bilan yondashishgan.

Image copyright COURTESY

Muftiy Ravil Gaynuddinga ko'ra, Saudiya Arabistoni rozi bo'lgan taqdirda, 200 dan 400 nafargacha mehnat muhojiri Hajga bora olishi mumkin bo'ladi.

Xabar tafsilotlaridan ayon bo'lishicha, Rossiya tomonining so'rovi yil davomida amalga oshirish mumkin bo'lgan kichik Haj va yoki Umra ziyoratini ham ko'zda tutadi.

Rossiya Muftiylar Kengashi rahbariga ko'ra, mehnat muhojirlari asosan Umra ziyoratini ado etish istagini bildirishadi.

Poytaxt Moskva muftiysi Ildar Alyautdinovning RIA Novosti axborot agentligiga aytishicha, ayni mazmundagi iltimoslar juda ko'p yangrayotgani bois, bu masalani, hatto, eng dolzarblari qatoriga qo'shsa bo'ladi.

Bugun Rossiyada mehnat qilayotgan Markaziy osiyolik muhojirlarning soni 4.5 dan 6 milliontagacha, deb taxmin qilinadi.

Ular aksariyatining esa, o'zbekistonliklar hisobiga to'g'ri kelishi aytiladi.

Bunga qadar Rossiya Muftiylar Kengashining Saudiya Arabistoni tomoniga ayni mazmundagi so'rov bilan chiqqaniga oid xabarlar olinmagan.

Image copyright COURTESY

Joriy yilda aholisi soni 32 millionga yaqinlashgan O'zbekiston uchun ham Haj ziyorati kvotasi qariyb 40 foizga oshirilgan.

So'nggi yangilik manzarasida 7200 kishining Hajga bora olishlari mumkinligi aytilgan.

O'tgan yillar davomida bu ko'rsatkich 5000 dan ortiqroq miqdorni tashkil qilib kelgan.

Saudiya Arabistoni har bir mamlakatga alohida Haj kvotasini beradi.

Ammo ayni kvotaning qanchasini istifoda qilish va kimni, qanday yo'lda jo'natish qarorini bu davlatlarning o'zlari berishadi.

Haj ziyoratiga oid so'nggi o'zgarishlarda ayrim cheklovlar haqida ham so'z boradi.

Endilikda muqaddam Haj ziyoratiga borganlarning takroran safar qilishi mushkullashadi.

O'zbekiston ijtimoiy tarmoqlarida esa, Haj ziyorati uchun navbat bir necha yillarga cho'zilayotgani, tanish-bilishchilik va ayrim holatlarda poraxo'rlik ham kuzatilayotgani yuzasidan bahs etiladi.

Har yili Haj ziyoratini ado etadigan musulmonlar soni 3 milliondan ortiq ekani aytiladi.

Saudiya Arabistoni uchun ziyoratchilarni qabul qilish so'nggi yillarda anchayin mushkul vazifaga aylangan.

Saudiya Arabistoni Haj ziyorati uchun kvotalarni mamlakatdagi har ming musulmonga bir o'rin bilan belgilaydi.

Ammo musulmon aholisi ko'p bo'lgan davlatlarga ayni qoida tadbiq etilmaydi.

Haj Islom dinidagi beshta farzdan biri bo'lib, musulmon kishi iqtisodiy va jismonan bunga tayyor bo'lib, qurbi yetsagina buyuriladi.

Musulmonlarning birdamligi va Allohga e'tiqodini namoyish etuvchi marosim qariiyb 1400 yildan buyon davom etib keladi.

  • Би-би-си Ўзбек хизмати билан Whatsapp, Telegram ва Viber да: +44 78-58-86-00-02
  • ТЕЛЕГРАМДА ЭСА каналимиз - https://telegram.me/bbcuzbek ёки BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook- BBC UZBEK
  • Google+ BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio
  • bbcuzbek.comга тўсиқ бўлса, uzbekweb.netга киринг