Alisher Usmonov yana taqdirlandi

Алишер Усмонов Image copyright РБК

Rossiya axborot agentliklarining xabar berishlaricha, asli o'zbekistonlik milliarder bu gal Italiya hukumatining oliy unvoniga sazovor ko'rilgan.

Binolarni ta'mirlashga qaratilgan loyihalari uchun Alisher Usmonov "Italiya Respublikasi qoshidagi xizmatlari uchun" ordeni bilan taqdirlangan.

TASS axborot agentligining ko'zga ko'ringan milliarder va metsenat matbuot xizmatiga tayanib xabar berishicha, bunga shaxsan Italiya Prezidenti Serjo Mattarella qaror qilgan.

"Italiya Respublikasi qoshidagi xizmatlari uchun" - Italiyaning eng oliy ordeni sanaladi.

Bu orden bilan adabiyot, san'at, iqtisod, xayriya, jamoat va insonparvarlik ishlariga mislsiz hissa qo'shgan insonlar taqdirlanadi.

Unga fuqarolar qatorida harbiylar va davlat arboblari ham loyiq ko'rilishlari mumkin.

Bu xususdagi bildirishnoma tafsilotlaridan ayon bo'lishicha, Alisher Usmonov "Rossiya-Italiya aloqalarini yaxshilashga qo'shgan hissasi va qariyb bir asrdan buyon Italiya elchiligi binosi vazifasini o'tab kelayotgan Berg qo'rg'oni, Kapitoliylar muzeylaridagi Goratsiy va Kuriatsiy zallari, Kvirinal maydonidagi Dioskurlar Favvorasi va Rimdagi Trayan forumini ta'mirlashga qaratilgan loyihalari uchun" italyan hukumatining ushbu mukofotiga loyiq ko'rilgan.

Usmonov Rossiyaning eng boy o'nta milliarderidan bittasi bo'ladi va eng yirik metsenatlaridan biri sanaladi.

U Rossiyaning o'zi va tashqarisida olib borayotgan keng ko'lamli xayriya ishlari bilan yaxshi tanilgan.

Shu yil boshida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham Alisher Usmonovni "xayriya va jamoat ishlariga qo'shgan ulkan hissasi uchun" maxsus ko'krak nishoni bilan taqdirlashga qaror qilgan.

Milliarder 2015 yilda Rossiyada rasman "Yilning metsenati", deb ham e'lon qilingan.

Rossiyaning xuddi shu nomdagi tashkiliy qo'mitasi o'shanda Alisher Usmonov yilning madaniyat va san'atga homiylik qiluvchi eng badavlat odami, degan xulosaga kelgan.

Saxovatpesha

Agar, Rossiyaning qator internet nashrlari keltirib o'tgan ma'lumotlarga tayanilsa, Alisher Usmonov o'tgan 10 yil davomida xayriya maqsadlari va ijtimoiy sohalarni ko'zda tutgan sarmoyalar uchun qariyb ikki milliard dollar ajratgan.

Janob Usmonov, yillarki, turli xalqaro nufuzli nashrlar tasnifida Rossiya, Britaniya va dunyodagi eng boy odamlardan biri sanalib kelinadi.

Milliarder mobil aloqa, media va internet sohasidan tashqari Angliyaning yetakchi futbol jamoalaridan biri - "Arsenal"ning ham anchagina foiz hissalariga egalik qiladi.

Alisher Usmonov yaqinda amerikalik biolog olim Jeyms Uotsonning Christie's kimoshdi savdosiga qo'yilgan Nobel mukofoti medalini 4,8 million dollarga sotib olib, katta shov-shuvga sabab bo'lgandi.

Rossiyalik milliarder medalni o'z sohibiga qaytarishga qaror qilgandi.

Britaniyaning "Independent" gazetasi o'shanda amerikalik olimning medalini bunchalik yirik bahoda xarid qilib, janob Usmonov o'ziga xos rekord o'rnatganini alohida qayd etib o'tgandi.

Image copyright Gazeta.uz

"The Sunday Times" ning 2016 yilgi saxovatpeshalar ro'yxatida Alisher Usmonov yuqori o'nlikka kirib, yettinchi o'rindan joy olgan.

Agar, ushbu nashr keltirib o'tgan hisob-kitoblarga tayanilsa, asli o'zbekistonlik milliarderning xayriya maqsadlariga sarflagan ja'mi xarajatlari 106.7 million funt sterlingga yetgan.

Alisher Usmonov yaqinda O'zbekistonga qaytishni "istashi" va "rejalayotgani"ni aytgan.

Alisher Usmonov O'zbekiston va uning rahbariyatiga yordam berishga har doim tayyorligini izhor qilgan.

U O'zbekistonga sarmoya kiritish rejasi borligi va buning uchun mamlakat rahbariyatining taklifini kutayotganini bildirgan.

U bu haqda o'tgan yil oxirida "Rossiya-24" telekanaliga bergan intervyusida ma'lum qilgan.

Bloomberg o'tgan yil yakunida Alisher Usmonovning umumiy boyligi qiymatini $12.1 milliard dollarga baholagan.

  • Би-би-си Ўзбек хизмати билан Whatsapp, Telegram ва Viber да: +44 78-58-86-00-02
  • ТЕЛЕГРАМДА ЭСА каналимиз - https://telegram.me/bbcuzbek ёки BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook- BBC UZBEK
  • Google+ BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio
  • bbcuzbek.comга тўсиқ бўлса, uzbekweb.netга киринг