‘Boyvachchalar’ va O‘zbekiston

АҚШ доллари Image copyright courtesy

Agar, yaqinda e'lon qilingan yangi xalqaro tadqiqot natijalariga tayanilsa, O'zbekiston Qozog'iston va Turkmanistondan keyin Markaziy Osiyo mintaqasining uchinchi boy davlati bo'ladi.

Bu uchovlondan keyingi o'rinlarni egallagan Qirg'iziston va Tojikiston esa, dunyoning eng qashshoq ellikta mamlakatidan bittasi ham deb topilishgan.

Yangi tadqiqot nufuzli moliyaviy nashr - 'Global Finance Magazine' tomonidan olib borilgan va dunyoning 198 davlatini qamrab olgan.

Hisobot mualliflariga ko'ra, haqiqiy iqtisodiy ahvolni aks etdirish va imkon qadar xolis baho berish uchun birgina bu mamlakatlar yillik Yalpi Ichki Mahsulot ishlab chiqarish hajmiga oid raqamlar bilan kifoyalanishmagan.

Dunyoning eng boy va eng qashshoq davlatlarini aniqlash uchun aholi jon boshiga to'g'ri keladigan Yalpi Ichki Mahsulotning xarid qobiliyati tengligi bo'yicha qayta hisoblangan natijasiga tayanishgan.

O'z tadqiqotlari jarayonida Jahon Banki va Xalqaro Valyuta jamg'armasining imkonli bo'lgan ma'lumotlaridan foydalanishgan.

Mintaqa va MDH

Markaziy Osiyoda eng boyvachchasi, deb topilgan Qozog'iston yangi ro'yxatda 198 davlat orasidan 54-o'rinni egallagan.

Har bir fuqarosi boshiga 25669 dollar to'g'ri kelishi bilan Qozog'iston sobiq Sho'ro davlatlari orasidan Litva, Estoniya, Rossiya va Latviyadan keyin eng boy beshinchi respublika bo'lib chiqqan.

Sobiq Sho'rolar hududidagi eng boyvachchasi, deb topilgan Litvada har bir fuqaro boshiga 29881 dollar to'g'ri kelgan.

Rossiyaliklar misolida bu ko'rsatkich Litvanikidan to'rt ming dollarcha kam ekani ma'lum bo'lgan.

Markaziy Osiyoning ikkinchi boy davlati sifatida tan olingan Turkmaniston esa, bu xalqaro jurnal reytingida Ozarbayjon va Belarusdan keyin 73-o'rinni egallagan.

Sobiq Sho'ro davlatlari orasidan yana Gruziya, Armaniston va Ukrainani o'tkazib, O'zbekiston bu ro'yxatda 127-o'rindan joy olgan. Har bir fuqarosi boshiga 6452 dollar to'g'ri kelgan.

Qirg'izistondan 9 pog'ona quyida kelgan Tojikiston esa, Global Finance Magazine tasnifida 157-o'rin bilan mintaqa va jahondagi eng kambag'al davlatlardan biri bo'lib chiqqan.

Agar, Yalpi Ichki Mahsulotning xarid qobiliyati tengligi bo'yicha qayta hisoblangan natijasiga tayanilsa, o'tgan yil har bir tojikistonlik boshiga 2982 dollar to'g'ri kelgan.

Qirg'iziston tomoni esa, allaqachon bu xalqaro moliyaviy nashr reytingiga o'z munosabatini bildirib chiqqan.

Tadqiqot faqat "Jahon Banki va Xalqaro Valyuta jamg'armasi ma'lumotlariga tayangani, boshqa jihatlarni inobatga olmagani bois, o'zlari jahonning eng nochor 50 davlati qatoridan joy olganliklari"ni aytgan.

Bu haqda kuni-kecha Rossiyaning "Sputnik" nashri qirg'izistonlik mas'ullarning so'zlariga tayanib xabar bergan.

Markaziy Osiyoda aholisi soni eng katta bo'lgan (qariyb 32 millionga yaqinlashib qolgani aytiluvchi) O'zbekistonda esa, har bir kishi boshiga 6452 dollar to'g'ri kelgan.

Boyvachcha va qashshoqlar

Qatar, Lyuksemburg va Makao jurnal tasnifida dunyoning uchta eng boyvachcha davlati bo'lib chiqishgan.

Deylik, o'tgan yil dunyoda "boylarning boyi" bo'lgan Qatarda fuqarosi boshiga to'g'ri keluvchi mablag' 129 726 dollarni tashkil qilgan.

Uch Afrika qit'asi vakili: Burundi, Kongo Demokratik Respublikasi va Markaziy Afrika Respublikasi jahonning eng qashshoq mamlakatlari, deb topilishgan.

Qiyosan olinganda, o'tgan yil dunyoda qashshoqlarning qashshog'i bo'lgan Markaziy Afrika Respublikasida kishi boshiga 656 dollar to'g'ri kelgan.

Agar, 2014 yilgi xalqaro ma'lumotlarga tayanilsa, O'zbekiston aholisining 76 foizdan ko'prog'i qashshoqlikda kun kechiradi.

O'shanda "Oziq-ovqat xavfsizligi bo'yicha global indeks" (The Economist Intelligence Unit) mualliflari ana shunday xulosaga kelganlar.

Ushbu indeks har yili Britaniyaning nufuzli "Ekonomist" (The Economist) nashri tahlilchilari tomonidan tayyorlanadi.

Ammo oziq-ovqat ishlab chiqarish va zahira qilish bo'yicha O'zbekiston yaxshi ko'rsatkichlarni qayd etgan.

"Global indeks" xulosalariga tayaniladigan bo'lsa, O'zbekiston hozirda yetarli oziq-ovqat ishlab chiqaradi, ammo fuqarolarning aksarida yetarli miqdorda oziq-ovqat sotib olishga moddiy imkon yo'q.

Biroq O'zbekiston rasmiy statistik raqamlariga qaraladigan bo'lsa, mamlakat "Buyuk kelajak" shaxdam qadam tashlamoqda va aholi farovonligi ortib bormoqda.

Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, O'zbekistonda minimal ish haqi 1994 yildan 2014 yilga qadar 1373 marotaba ortgan.

Biroq, mahalliy kuzatuvchilarga ko'ra, O'zbekistonda aholining qancha qismi qashshoqlikda yashashi haqidagi statistik ma'lumotlar "davlat siri" sifatida ko'riladi.

Mamlakatning millionlab fuqarolarining esa, yillarki, yaqin va uzoq xorijdan daromad topishga majbur ekanliklari kuzatiladi.

  • Би-би-си Ўзбек хизмати билан Whatsapp, Telegram ва Viber да: +44 78-58-86-00-02
  • ТЕЛЕГРАМДА ЭСА каналимиз - https://telegram.me/bbcuzbek ёки BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook- BBC UZBEK
  • Google+ BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio
  • bbcuzbek.comга тўсиқ бўлса, uzbekweb.netга киринг