Mo'sul qamoqxonasi yaqinida ommaviy qabr topilgan

Мўсул учун жанглар Image copyright AFP GETTY IMAGES

Iroq harbiylarining xabar tarqatishlaricha, Mo'sul shahrining Badush qamoqxonasi yaqinida 500 tacha insonning jasadi qoldiqlari topilgan.

Shia jangchilaridan tarkib topgan Hashd al-Shaabi kuchlari vakillarining so'zlariga ko'ra, qurbonlar o'zini "Islomiy Davlat" deb ataydigan guruh jangarilari tomonidan otib o'ldirilgan "tinch tutqunlar" bo'lganlar.

IShID 2014 yil iyun oyida Mo'sul shahri ustidan nazoratni qo'lga olgan paytda aksari Shia musulmonlari bo'lgan 600 tacha tutqunni o'ldirgani haqida xabarlar tarqalgan.

Badush qamoqxonasi shu hafta boshida Iroq harbiy kuchlari tomonidan qayta qo'lga kiritilgan edi.

2014 yili inson huquqlarini himoya qilish bo'yicha xalqaro Human Rights Watch tashkiloti IShID Mo'sul qamoqxonasida saqlangan ayrim tutqunlarni qatl etgani haqida hisobot tarqatgan edi.

Tirik qolgan tutqunlarning so'zlariga ko'ra, IShID Badush qamoqxonasini qo'lga kiritgan paytda u erda 1500 tacha tutqun saqlangan.

IShID jangarilari hamma tutqunlarni tashqariga chiqargan va yuk avtomobillariga solib Badushdan ikki kilometrcha uzoqlikda cho'l o'rtasiga olib chiqqanlar.

Human Rights Watch hisobotida aytilishicha, IShID qurollilari Shia tutqunlarni Sunniy va nasroniy tutqunlardan ajratganlar va xandaq yoqasida tiz cho'kib o'tirishga majbur qilganlar.

Shia tutqunlar miltiq va avtomat qurollardan boshlariga yoki orqalariga otilganlar.

Xandaqqa qulaganidan keyin ustiga tushgan jasadlar ostida o'zini o'lgan qilib ko'rsatib yotgan va jangarilar ketganidan keyin u erdan chiqqan insonlar omon qolishga muvaffaq bo'lganlar va Badush qamoqxonasi tutqunlari taqdiri haqida hikoya qilib berganlar.

Iroq kuchlari Mo'sul shahrini IShIDdan qaytarib olish maqsadidagi harbiy amaliyotlarini o'tgan yili oktyabr oyida boshlagan edi.

Mo'sul shahrining sharqiy qismi yanvar oyida IShIDdan qaytarib olingan edi.

Iroq armiyasi Badush qamoqxonasini qayta qo'lga kiritgani haqida 8 mart kuni xabar tarqatgan, biroq bu bayonotda Badush ichida IShID tomonidan ushlab turilgan odamlar haqida hech narsa deyilmagan.

Shu kunlarda Mo'sulning aholi zich yashaydigan g'arbiy qismida janglar davom etayapti.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring