Pak Kin Xe prezident saroyini tark etdi

Президент қароргоҳини тарк этаётган Пак Кин Хе Image copyright AFP

Hokimiyatdan chetlatilgan Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti Pak Kin Xe Seul shahri markazidagi prezident rasmiy qarorgohidan chiqib o'zining hovlisiga borib joylashgan. Pak Kin Xening Seulning Samson-don mavzesidagi hovlisi atrofini qo'riqlashga yuzlab politsiya xodimlari jalb etilgan.

Mahalliy vaqt bilan soat 19:00 da Pak Kin Xe xonim prezident ma'muriyati xodimlari bilan xayrlashib qarorgohni tark etgan.

Uyi atrofida uning ko'plab tarafdorlari qarshi olganlar.

Lavozimidan chetlatilganidan keyin e'lon qilgan ilk bayonotida u, haqiqat qaror topadi, deb aytgan.

Image copyright Reuters
Image caption Seul janubidagi Pak Kin Xe hovlisi

"Vaqt olishiga qaramasdan, haqiqat yuzaga chiqishiga ishonaman", deyiladi sobiq prezident bayonotida.

U o'z dastaklovchilaridan "prezident sifatidagi vazifalarini ado etolmagani uchun" uzr so'ragan.

10 mart kuni Janubiy Koreya Konstitutsiyaviy mahkamasi impichment tufayli Pak Kin Xeni prezidentlik lavozimidan chetlatish haqida qaror qabul qildi.

Endi u prezident daxlsizligi va jinoiy ta'qib immunitetini yo'qotdi.

Prezident impichmentiga uning eng yaqin dugonasi Chxve Sun Sil bilan bog'liq korruptsiya mojarosi sabab bo'ldi.

Image copyright Reuters

Chxve Sun Sil shirkatlar rahbarlaridan pul talab qilgan, buning evaziga bu shirkatlarga siyosiy dastak va'da qilingani aytilmoqda, prezident o'zining yaqin dugonasiga bu ishlarga ijozat bergani uchun jinoiy ish qo'zg'atilishi mumkin.

Bir necha oylardan buyon Seul ko'chalariga o'n minglab odamlar norozilik namoyishlariga chiqib prezidentning lavozimidan chetlatilishi va jinoiy javobgarlikka tortilishini talab qilib kelayotgan edilar.

Prezident hokimiyatdan ketishga majbur etilganidan mamlakatda yangi prezidentlik saylovi o'tkazilishi talab qilinadi.

Janubiy Koreya qonunchiligiga binoan prezident impichmenti tasdiqlanganidan keyingi 60 kun ichida saylov bo'lib o'tishi lozim.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring