Prezident Atamboyev: Qirgʻizistondagi vaziyatni beqarorlashtirmoqchilar

Almazbek Atamboyev Image copyright COURTESY

Prezident Almazbek Atamboyevning ishonishicha, qator ommaviy axborot vositalari Qirgʻizistondagi vaziyatni beqarorlashtirishni oʻz oldilariga maqsad qilib qoʻyganlar.

Shuningdek, Prezident Atamboyev soʻz erkinligi bahonasida ayrim matbuot organlarini oʻziga nisbatan tuhmat va yomonotliq qilish kampaniyasini olib borayotganlikda ayblagan.

Almazbek Atamboyev imzosi bilan bayonot matni 11 mart kuni Qirgʻiziston prezidentining rasmiy web-saytida eʼlon qilingan.

"Oxirgi vaqtda Qirgʻiziston Respublikasida matbuot erkinligi huquqi shiori ostida goʻyoki mustaqil jurnalist, ommaviy axborot vositasi va siyosatchilarning bir guruhi oʻzlari uchun jazosiz boʻhton qilish va oʻzlariga yoqmagan insonlar, birinchi galda umumxalq saylovi bilan saylangan mustaqil Qirgʻizistonning Prezidentiga magʻzava agʻdarish huquqini talab qilmoqdalar", deb yozilgan Qirgʻiziston prezidenti rasmiy saytida.

Almazbek Atamboyev "erkinlik uchun soxta kurashchilarga qonun barchaga barobarligini tegishli organlar eslatib qoʻyadigan fursat yetgan"ini aytgan, hozir Qirgʻiziston va xalqiga "tinchlik, barqarorlik va birdamlik kerak", deb yozgan.

Prezident Atamboyevning ushbu bayonoti Qirgʻizistondan Rossiyaning "Regnum" axborot agentligining Bishkekdagi Bosh muharriri Grigoriy Mixaylov chiqarib yuborilishi hamda Bosh prokuratura Qirgʻiziston shaʼnini himoya qilish maqsadida "Ozodlik"ning Qirgʻiz xizmati va Zanoza.kg veb-saytiga qarshi boʻhton bilan bogʻliq bir necha million somlik jinoyat ishi qoʻzgʻatgani ortidan eʼlon qilingan.

Bundan oldin Qirgʻiziston prokuraturasi Prezident Atamboyevni muhofaza qilib muxolif jurnalist Dayirbek Orunbekovga qarshi tuhmat boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatgan.

Qudratdagi Sotsial-Demokratik partiya esa oʻz shaʼnini himoya qilib 24.kg veb-saytiga qarshi daʼvo arizasi kiritgan, maʼnaviy zararni undirish uchun tovon toʻlash talabini ilgari surgan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring