BMT: 2016 Suriya bolalari uchun eng yomon yil boʻldi

Bombardimon ostida qolgan go'dak Image copyright AFP

2016 yili Suriyada fuqarolar urushi boshlanganidan buyon eng koʻp sondagi bola hayotdan koʻz yumdi, deyiladi BMTning bolalar jamgʻarmasi UNICEF eʼlon qilgan hisobotda.

Oʻtgan yili kamida 652 nafar bola halok boʻlgan, ularning 255 nafari yoki maktab ichida yoki maktabi yaqinida boʻlganlar.

Bu 2015 yilda bu mamlakatda halok boʻlgan goʻdaklar sonidan 20 foiz koʻp deganidir, deya xulosa qiladi UNICEF.

Bu faqat oʻlim tasdiqlangan raqamlar boʻlib, aslida bundan ham koʻp sondagi bola hayotdan koʻz yumgan boʻlishi mumkin, deydi xalqaro tashkilot.

Bundan tashqari yana yuzlab bolalar agar dori-darmon va tibbiy koʻmak boʻlganida davolash mumkin boʻlgan xastaliklardan vafot etganlar, deyiladi BMT hisobotida.

UNICEF hisoboti Suriyada qurolli mojaro boshlanganining olti yilligi arafasida eʼlon qilindi.

Xalqaro tashkilotga koʻra, 2016 yili kamida 851 nafar bola u yoki bu qurolli guruh tarafida janglarda qatnashishga majbur etilgan.

Bu esa bir yil oldingiga solishtirganda ikki baravar koʻp raqamdir.

Bolalardan jallod sifatida, xudkush hujumchi yoki qoʻriqchi sifatida foydalanganlar, urush jabhasining oldingi saflarida jang qilishga tashlanganlar.

Bolalar boshidan oʻtkazayotgan "azob-uqubatlarning chuqurligini taqqoslab boʻlmaydi" deya taʼrif bergan UNICEF vakili Girt Kappilyare.

"Suriyadagi millionlab bolalar oʻzlarining kundalik hayotida hujumlar bilan roʻpara kelmoqdalar", deb aytgan UNICEF mintaqaviy direktori.

Bundan oldinroq bolalarni asrash xalqaro tashkiloti - Save The Children Suriya bolalari yuzma-yuz kelgan vaziyatga "zaharli stress" deb taʼrif bergan, bu narsa kelajakda ularning salomatligi bilan bogʻliq jiddiy muammolar, xususan, ruhiy xastaliklarni keltirib chiqarishi mumkinligidan ogohlantirgan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring