Ovroʻpo Ittifoqi va Turkiya: munosabatlar taranglashmoqda

Ikki Turk vaziri Niderlandiyaga kiritilmagan Image copyright EPA

Turkiya hukumati mulozimlarining Ovroʻpo boʻylab namoyishlarda ishtirok etish harakati Yevropa Ittifoqi davlat rahbarlarining tanqidiga sabab boʻldi. Namoyishlarda Turkiya rasmiylarining ishtirokiga qoʻyilgan taqiqlardan soʻng Prezident Rajab Toyib Erdoʻgʻon Germaniya va Niderlandiya hukumatini "fashizmda" ayblab chiqdi.

Niderlandiya Bosh vaziri Mark Rutte Erdoʻgʻonning izohini "qabul qilib boʻlmas", degan, Olmoniya Tashqi ishlar vaziri Turkiya "sogʻlom aql bilan ish yuritishga qaytishiga" umid bildirgan.

Daniya davlat rahbari Turkiya Bosh vaziri bilan uchrashuvini boshqa sanaga qoldirganini bildirgan. Bosh vazir Lars Lokke Rasmussen "Demokratik printsiplar Turkiyada katta bosim ostida" qolayotganidan xavotir bildirgan. U Bosh vazir Binali Yildirim bilan shu oyda belgilangan uchrashuvini qoldirganini shunday izohlagan:

"Turkiya tomonidan Gollandiyaga boʻlayotgan hujumlar manzarasida uchrashuvni ayri holda koʻrib boʻlmaydi".

Namoyishlardan maqsad Ovroʻpada istiqomat qilayotgan koʻp sonli turklar orasida Prezident vakolatlarini oshirishga qaratilgan referendumga "ha" deb javob berishni targʻib qilish edi.

Olmoniya, Avstriya va Niderlandiyada rejalangan namoyishlar xavfsizlik yoki bosimni keltirib chiqarishi mumkin degan vajlar bilan rasmiylar tomonidan bekor qilingan.

Rasmiylar hech qanday xavf tugʻdirmaydi, degandan soʻng Frantsiyada namoyishlar boʻlib oʻtgan.

Turkiya va Niderlandiya oʻrtasidagi ziddiyat oʻtgan hafta soʻnggida ikki Turkiya vaziri Rotterdamda oʻtishi rejalangan namoyishlarga qoʻyilmagani va ulardan biri Olmoniya chegarasiga chiqarib qoʻyilganidan soʻng kuchaydi.

Erdoʻgʻon Niderlandiyani "banan respublikasi"ga tenglashtirdi, xalqaro tashkilotlarni ushbu davlatga nisbatan sanktsiyalar qoʻllashga chaqirdi va Gʻarb davlatlarini "Islomafobiya"da aybladi.

"Fashizm tugadi, deb oʻylaganim haqida gapirgandim, biroq men adashgan ekanman. Fashizm Gʻarbda hali ham tirik ekan", - degan u.

Yakshanba kuni Bosh vazir Mark Rutte Niderlandiyani fashistlarga oʻxshatgani uchun Erdoʻgʻondan uzr soʻrashlikni talab qildi.

"Bu davlatni Ikkinchi jahon urushi davomida fashistlar bombalangan. Bu ohangda gapirishni umuman qabul qilib boʻlmaydi".

Uning qoʻshimcha qilishicha, Turkiya shu yoʻnalishda davom etsa Niderlandiya bunga munosib javob beradi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq