Turkmaniston xususiy aviakompaniya tashkil qilmoqchi

Lochinni eslatuvchi aeroport Image copyright Polimeks.com

Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov xususiy aviakompaniya tashkil qilish boʻyicha qaror chiqargan. Qarordan anglashilicha, tashkil qilinayotgan "Turkmenistan Airlines" shirkati hissalarining aksar qismi davlatga qarashli kompaniyalarga tegishli boʻladi.

Davlatga qarashli "Altyn Asyr" telekanali xabar berishicha, Turkmaniston davlat rahbari Berdimuhamedov qarorida Iqtisod va taraqqiyot vazirligi hamda "Turkmenhavoyoʻllari" milliy kompaniyasiga "Turkmaniston" havo transport departamentining huquqiy va strukturaviy tuzilmasini oʻzgartirish topshirilgan. Departament "Turkmenistan Airlines" ochiq aktsiyadorlik kompaniyasi sifatida qayta tashkil qilinadi.

Shirkatning 70 foiz aktsiyasiga "Turkmenhavoyoʻllari" milliy kompaniyasi egalik qiladi, Ashxobod xalqaro aeroportiga 27 foiz va havo xizmati departamentiga 3 foizlik hissalar tegadi.

Vazirlik hamda "Turkmenhavoyoʻllari" kompaniyasi ushbu qarordan kelib chiqib bir oyning ichida Turkmaniston qonunchiligiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritib Vazirlar mahkamasiga berishi topshirilgan.

Turkmanistonda xususiy mulk bozori yirik shirkatlar misolida hali shakllanmagani aytiladi. Mamlakatdagi yirik kompaniyalar hanuz davlat qaramogʻi ostida.

Yangi tashkil qilinayotgan xususiy aviakompaniya ham ochiq aktsiyadorlik jamiyati boʻlsa-da, hukumat nazorati ostida qolishi aytilmoqda.

Prezident Berdimuhamedov oʻtgan yilning sentyabr oyida bir yilda 17 milliongacha yoʻlovchiga xizmat koʻrsata oladigan xalqaro aeroportni ochgan edi.

2,3 milliard AQSh dollariga qurilgan aeroport xalqaro transport-tranzit aloqalariga qoʻshilish uchun yaxshigana imkoniyat boʻlishi aytilgandi.

Aeroportga uchoqlarning uchish-qoʻnishiga nazar solinsa, u toʻliq salohiyat bilan ishlamayotganini koʻrish mumkin.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring