Mirziyoyev geosiyosatda qoʻshnilarni afzal bilmoqdami?

Mirziyoyev endi Qozogʻistonga bormoqchi Image copyright Qozog'iston Prezidenti matbuot xizmati

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22-23 mart kunlari Qozogʻistonga borishi oydinlashdi. Yangi Prezidentning Rossiyaga emas, balki qoʻshni davlatlarga eʼtibor qaratayotgani tashqi siyosatda mustaqillikni saqlash deya izohlanmoqda.

"Kazinform" agentligining xabar berishicha, Mirziyoyev oʻzining ikkinchi davlat tashrifini 22-23 mart kunlari Qozogʻistonga amalga oshiradi. Agentlik bu haqda Qozogʻiston Tashqi ishlar vaziri Qayrat Abdraxmanovga tayanib xabar bergan.

"Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti 22-23 mart kunlari Ostonaga tashrif buyuradi, shundan soʻng Ostonaga Markaziy Osiyoning boshqa davlat rahbarlari ham keladi. Bu narsa biz toʻqnash kelayotgan transmilliy xarakterdagi muammolarni yechishda mamlakatlarning bir boʻla olishiga isbot sifatida xizmat qiladi", - degan vazir.

Mirziyoyevning ilk davlat tashrifi Qozogʻistonga amalga oshishi haqida bundan oldin xabarlar chiqqan edi. Biroq Mirziyoyev ilk tashrifini Turkmanistonga amalga oshirdi.

Eʼtiborga tushgan ilk davlat tashrifi

Islom Karimov vafotidan soʻng hokimiyat tepasiga kelgan Shavkat Mirziyoyevning ilk davlat tashrifi lavozimga oʻtirgan kundan beri muhokama boʻlib kelayotgandi.

Kuzatuvchilar va siyosatchilar Mirziyoyev ilk davlat tashrifini Rossiyaga amalga oshirishini va shu bilan bu davlatning strategik ahamiyatini rasman koʻrsatishini kutishayotgandi.

Bu borada Rossiya tomoni ham ilk tashrifning oʻzlariga boʻlishi borasida siyosiy vositalarni ishga solgani kuzatiladi.

Oʻzbekistonda saylov natijalari eʼlon qilingandan soʻng Mirziyoyevni tabriklash uchun qoʻngʻiroq qilgan Vladimir Putin uni Rossiyaga taklif qilgandi.

Rossiya matbuoti Oʻzbekiston hukumat doiralaridagi manbalariga tayanib Mirziyoyevning ilk tashrifi aynan rossiya boʻlishi haqida xabarlar tarqatdi.

Prezident Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov ushbu xabarlarni rad qilmagan va Mirziyoyevning Rossiyaga ilk davlat tashrifi amalga oshirishini "Kreml ijobiy baholaydi va kutamiz", deya izoh bildirgandi.

Rossiya Davlat dumasi MDH masalalari boʻyicha qoʻmita raisi Leonid Kalashnikov Interfaks agentligiga Mirziyoyevning ilk davlat tashrifi Rossiya boʻlishiga amin ekanligini aytgan.

"Birinchi tashrif Rossiya boʻlishiga aminman. Bu narsa iqtisodiy, geosiyosiy va harbiy nuqtai nazardan mantiqli. Biz ittifoqchi va hamkorlarmiz. Oʻzbekistonning yangi Prezidenti Rossiya va butun sobiq ittifoq hududlarini yaxshi tushunadigan odam", - degan u.

Biroq Mirziyoyev geosiyosatdan koʻra, yaxshi qoʻshnichilik aloqalarini birinchi navbatga qoʻygan koʻrinadi.

Ilk davlat tashrifi Turkmanistonga boʻldi. Qirgʻiziston va Tojikistonga davlat miqyosida maxsus bordi-keldilar va moddiy koʻmaklar amalga oshirildi. Ikkinchi davlat tashrifiga esa Qozogʻiston tanlandi.

MDH davlatlari boʻyicha mutaxassis Arkadiy Dubnov Oʻzbekiston yangi Prezident timsolida oʻzining mustaqilligini namoyish qilayotganini yozdi.

"Mirziyoyev Turkmanistonni tanlab, men doxil boshqa ekspertlarning yangi Prezident sobiq "ogʻa"siga bogʻliqligini koʻrsatishdan boʻyin tovlay olmaydi, ilk tashrif Moskvaga boʻladi degan taxminlarini chippakka chiqardi", - deydi u.

Mutaxassisga koʻra, Toshkent yana bir bor Oʻzbekiston tashqi siyosatining harqanday bloklardan holi xarakterga ega ekanligini koʻrsatgan. .

"Oʻzbekiston Ovroʻosiyo ittifoqi va ODKBga qoʻshilmaydi. Bor eʼtibor qoʻshnilarga qaratiladi. Ruslar, xitoylar, yevropalik va amerikaliklar kutib turishadi", - deydi Arkadiy Dubnov.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq