"TESLA Oʻzbekistonda quyosh elektr stantsiyasi qursin"

Quyosh elektr stantsiyasi Image copyright Getty Images

Ukraina Bosh vaziri Vladimir Groysman Tesla asoschisi Ilon Mask tomonidan 100 kun ichida quyosh elektr stantsiyasi qurib berish taklifiga qiziqib qolgan. Oʻzbekistonliklar ham qiymati 100 million AQSh dollari boʻlgan bunday stantsiyalar qurishni aynan Teslaga topshirish kerak deyishmoqda.

Ukraina Bosh vaziri va Mask oʻrtasidagi muloqot Twitter ijtimoiy tarmogʻida boʻlib oʻtgan.

Powerwall 2 batareyalari yordamida Avstraliyada qayta tiklanuvchi energiyani saqlashga bagʻishlangan loyiha doirasidagi yozishmalardan Ilon Maskdan bu kabi narsani Ukrainada amalga oshirish mumkinmi, deya soʻrashgan.

"Albatta, loyihaning qiymati borasidagi mening oldingi twitim bilan tanishib chiqing", - degan Ilon Mask.

Bu orada muloqotga Ukraina Bosh vaziri qoʻshilgan va loyihaga qiziqish bildirgan.

"Rahmat, qiziq gʻoya ekan. Ukraina innovatsiya uchun sinov maydoni boʻlishni istaydi. Keling, bu haqda batafsil gaplashib olaylik", - degan Vladimir Groysman.

Oʻtgan hafta Ilon Mask Janubiy Avstraliyadagi elektr muammosini yuz kunda hal qilib berish boʻyicha bahs boylagandi. Mask taklif qilayotgan loyiha boʻyicha 100 megavattlik elektr stantsiya energiyani saqlovchi maxsus akkumulyatorlar bilan jihozlanadi. U loyiha qiymatini 100 million AQSh dollariga baholagan.

U agar stantsiyani 100 kunda qurib bera olmasa bajargan ishi uchun haq olmasligini aytgan.

4 yildan beri bitmayotgan Samarqanddagi quyosh elektr stantsiyasi

Maskning vaʼdasi elektr energiya borasida muttasil muammolarga duch keluvchi oʻzbekistonliklar oʻrtasida ham muhokamalarga sabab boʻlgan.

Oʻzbekistonda quyosh elektr stantsiyalari qurish boʻyicha bir necha yildan beri turli chet el shirkatlri bilan hamkorlik olib borilmoqda.

Shunday stantsiyalardan biri, 1,2 mVt quvvatga quyosh elektrastantsiyasi Buxoroda 2016 yil qurib foydalanishga topshirilgandi. MDHda eng yirik quyosh stantsiyasi deya baholangan loyiha 1,5 ming aholisi bor kichik shaharchani doimo elektr bilan taʼminlay olishi aytilgandi.

Oʻzbekiston bir necha yildan beri Samarqand, Namangan va Surxondaryo viloyatlarida har biri 100 megavatt quvvatga ega quyosh elektr stantsiyasi qurilishi borasida aytib keladi.

Ushbu loyiha uchun ajratilgan mablagʻ oʻzbek matbuotida turli raqamlar bilan keladi.

Misol uchun RIA Noovosti agentligi "Oʻzbekenergo" aktsionerlik jamiyatiga asoslanib Oʻzbekistonda 2020 yilgacha qurib bitkazilishi rejalangan va har biri 100 megavatlik quvvatga ega stantsiyalar uchun umumiy miqdorda 450 million dollar ajratilishi xabar qilgan.

Biroq kun.uz xabardan bir yil oldin 2015 yilning 15 avgust kuni yana "Oʻzbekenergo" tayanib birgina Samarqand viloyatida qurilayotgan quvvati 100 megavattlik stantsiyaning umumiy qiymati 310 million dollarga tushini aytgan.

Xabarga koʻra, ushbu mablagʻning 110 million dollari Osiyo taraqqiyot bankidan imtiyozli kredit sifatida olinadi, qolgan mablagʻ Oʻzbekiston tomonidan qoplanadi.

Biroq oʻzbekistonlik internet foydalanuvchilari qurilishi bir necha yildan beri davom etayotgan va hali bitishidan darak yoʻq quyosh elektr stantsiyalari Oʻzbekistonda pul yuvish vositasiga aylanib qolganini iddoa qilishadi.

"Quvvati bir xil elektr stantsiyasini ular 100 kunda 100 mln dollarga, biz esa 1825 kunda 210 mln dollarga qurar ekanmizmi? Kambagʻalni tuyada ham it qopadi degani shu boʻlsa kerak", - deb yozadi Sardor Salim.

Birgina Samarqandda qurilishi rejjalashtirilgan quyosh elektr stantsiyasini qurishga tayyorgarlik ishlari 2013 yilning iyun oyida boshlangan. 2014 yili ushbu stantsiyani bevosita qurish ishlari boshlangan. 2013 yili ushbu loyihaning qiymati 240 million dollar ekanligi aytilgandi.

Mutasaddilar ushbu elektr stantsiyasi necha yilda qurib bitkazilishi borasida biror raqam aytmagan. 4 yildan beri bitmagan loyihaning qachon ishga topshirilishi hanuz nomaʼlum.

"Bizda esa Samarkandda uch yildan beri xech kurilishni boshlay olishmayabdi. Lekin million million AKSh dollari proyekt buyicha uzlashtirib bulingan", - deydi Abdurashid Abdukarimov

Internet foydalanuvchilari muammoning ildizini Oʻzbekistondagi poraxoʻrlikka taqashgan. Ulardan biri agar Ilon Mask Oʻzbekistonga kelsa u ham korruptsion ishlarga qoʻshilib ketishi mumkinligiga ishora qilgan.

"Maskni chaqirmanglar, shu bola aynimay ishlasin", - deydi ulardan biri.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring